Rivojlanayotgan davlatlarda ortiqcha vaznlilar soni qariyb 1 milliardga yetdi

Britaniyada chiqqan hisobotga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlardagi katta yoshlilar orasida og‘ir vaznlik va haddan ziyod semizlik hollari 1980 yildan beri to‘rt baravarga oshgan.

Xorijiy Taraqqiyot Institutiga ko‘ra, bugun har 3 kishidan biri ortiqcha vaznlidir.

Institut hukumatlarni to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib qilishga undamoqda.

Buyuk Britaniyaning o‘zida 64 foiz katta yoshlilar ortiqcha vaznli yoki semizlar sirasiga kirar ekan.

Shuningdek, hisobotda yurak-qon tomir xastaliklari, yurak xurujlari va qandli diabet hollari "keng ko‘lamda ortishi" bashorat qilinadi.

Global miqyosda 1980 va 2008 yillar o‘rtasida semizlik kategoriyasiga kiruvchi insonlar soni foiz hisobida 23% dan 34% ga ko‘tarilgan.

Eng ko‘p o‘sish rivojlanayotgan davlatlarda kuzatilgan, ayniqsa, bunday hollar Misr va Meksika kabi aholi daromadlari o‘sayotgan mamlakatlarda ko‘pligi aytiladi.

Shuningdek, semiz insonlar soni janubi-sharqiy Osiyoda ham keskin ortgan. U yerda semizlik darajasi 7 foizdan birvarakayiga 22 foizga ko‘tarilgan.

Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Lotin Amerikada bu holatlar 58% atrofida, Ovro‘po bilan bir xil katta sur‘atda o‘sayotgani kuzatilgan.

Shimoliy Amerika ortiqcha vaznli katta yoshlilar soni 70 foizni tashkil qilishi bilan eng birinchi o‘rinda ekan.

Tinch ummoni havzasi mintaqalari va Lotin Amerikasi janubi ham u qadar orqada emas, bu hududlarda semiz hisoblanadigan insonlar 63% deyiladi.

Xorijiy Taraqqiyot Institutining Kelajakdagi oziq-ovqatlar deb nomlangan hisobotida bu ovqatlanish tarzidagi o‘zgarishlar, bashoqli o‘simliklardan tayyorlanadigan oziq-ovqatlar o‘rniga ko‘proq yog‘li, shakarli va go‘shtli mahsulotlarni iste‘mol qilish hollari bilan izohlanadi.

Rivojlanayotgan mamlakatlardagi jami 904 million kishi hozirda ortiqcha vaznli hisoblanar ekan. 1980 yil bu raqam 250 million deyilgan.

O‘zbekiston

O‘zbekistonlik mutaxassislar ham mamlakatda semizlik va buning ortidan kelib chiqayotgan xastaliklar ortayotganini inkor etmaydilar.

Ular bunga eng avvalo kun sayin hayot tarzining o‘zgarib borayotgani, jismoniy ishlar kamayib, odamlarning asosan o‘tirib ishlashlari, ovqatlanish tartibining buzilganligi, ko‘proq tez tayyorlangan (fast food)taomlarning iste‘mol etishga o‘tilishi, yog‘liq ovqatlar va shirinliklarning ko‘p yeyilishi sabab bo‘layotganini aytishadi.

Xalqaro hisobotlarda semizlik va uning ortidan kelib chiqayotgan xastaliklar bois sog‘liqni saqlash tizimlarini katta bosim ostiga qo‘yishidan ogohlantiriladi.

O‘zbekistonlik shifokorlardan biriga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda qanday xastaliklar ortayotgani va ularning ortidagi sabablardan yaxshi xabardor.

Ammo, unga ko‘ra, ushbu kasalliklarning oldini olishga qaratilgan davlat dasturlari tuzilib, hamma mutaxassislar unga jalb etilsa, bemorlarga maxsus yordamlar ko‘rsatilsa hamda xastalik hollarini oldini olish uchun hozirdan harakat boshlansagina kelasi 10-20 yil ichida muammo kattarib ketmasligiga erishish mumkin.