Pentagonning sobiq rahbari Obamaning Afg‘oniston siyosatini tanqid qildi

Amerika Qo‘shma Shtatlarining sobiq Mudofaa vaziri Robert Geyts Prezident Obamaning Afg‘oniston urushi masalasiga munosabatini tanqid qilib kitob yozgan.

Kitob “Xizmatda: Mudofaa vazirining xotiralari” deb ataladi va unda Geyts janoblari Barak Obama o‘z ma‘muriyatining Afg‘on strategiyasiga ishonqiramay qaragani aytiladi.

"Men hech qachon uning qo‘shinlarimizni dastaklaganiga shubha qilmaganman, faqat ularning missiyasini qanchalar qo‘llab –quvvatlagani haqida savollar bo‘lgan”, deb yozadi Robert Geyts.

Geyt janoblari Prezident Obama va Bush davrida Pentagon rahbari bo‘lgan.

2011 yilda iste‘foga chiqishidan avval Geyts janoblari ikki partiya qudratda bo‘lgan vaqti ishlagan ilk Pentagon rahbari edi.

'Chiqish yo‘li'

Robert Geyts Obama janoblarini vijdonli shaxs o‘laroq baholashiga qaramay, Prezident Bushdan bir emas ikki urushni meros qilib olgan Barak Obama aslida bu ziddiyatning har ikkisi bilan ham o‘zini noqulay his qilganini aytadi.

O‘z xotiralarida Geyts janob Obamaning General Devid Petreusga ishonmagani va Prezident Hamid Karzayga “toqat qilolmagani” haqida yozadi.

2011 yil mart oyida u Prezident Obama bilan uchrashganini xotirlaydi.

Geyts janoblari “Prezident bu urush meniki emas deb ishonadi va uning bor tashvishi qanday qilib u yerdan chiqib ketish kerak degan savol bilan bog‘liq”, deb yozadi.

The Washington Post gazeti Geyts janoblarining xotiralarini “ achchiq ohangda” ekanini qayd etadi.

Bu kitobda sobiq Mudofaa vaziri Obama janoblarining Oq Uydagi faoliyatini “ortiqcha nazorat qilish tabiatiga ega” deb ta‘riflaydi.

U Pentagonning ishlariga doim aralashib turdi, aslida esa uning harbiy bo‘lmagan yordamchilari mudofaa tizimi va amaliyotlar haqida ko‘p narsa bilishmas edi deb yozadi Geyts janoblari.

"Obama ma‘muriyatining ilk kunlaridayoq yuqori lavozimli harbiylar va Oq Uyning mulozimlari orasida ishonchsizlik yuzaga keldi. Ular orasida Prezident va uning o‘rinbosari ham bor edi. Bu men uchun katta muammoga aylandi, chunki men Bosh qo‘mondon va harbiy rahbarlar o‘rtasida aloqalarni yaxshilash harakatida edim”, deb xotirlaydi Robert Geyts.

Ammo, Robert Geyts Pokistonda Usama Bin Lodinning turar joyiga bo‘lgan hujum uchun Obama janoblarining qarorini olqishlaydi.

Geyts janoblari avvalida bu hujumga qarshilik qilgan edi.

“Mening nazarimda, bu Oq Uy tomonidan berilgan eng jasoratli bir qaror edi”, deb yozadi AQSh sobiq Mudofaa vaziri o‘z kitobida.