Odamxo‘r: "Men nechun uning go‘shtini yedim"

Image copyright

Markaziy Afrikada diniy nizolar poytaxt Bangida yuz bergan kannibalizm - odamxo‘rlik amali bilan o‘zining yangi avj nuqtasiga chiqdi. BBC muxbiri Pol Vud(Paul Wood) bu amalga qo‘l urgan shaxs bilan uchrashgan, uning hikoyasi ko‘ngilni xira qilishi mumkin.

Bir necha kun oldin musulmon kishi nasroniylar tarafidan o‘ldirilib, qo‘l-oyoqlari kesib olinadi. Keyin olomon orasidan biri omma ko‘z o‘ngida murdaning go‘shtini yeydi.

Biz film olayotgan joyga sariq kiyimli shaxs yaqinlashdi va men qarab gapira boshladi.

"Menman buzg‘unchi", dedi u buzuq frantsuz tilida. Hayron bo‘lgancha, uning qo‘lini siqdim. Ko‘zim tor jinsi shimiga osilgan xanjarga tushdi. "Yomon odam menman", deya takrorladi u.

Vujudimni nafrat hissi chulg‘arkan, men kannibal - odamxo‘r bilan so‘zlashayotganimni angladim.

Telefon kameralarida jinoyat yozib olingandi. Tasvirlarda kuyib qorayib ketgan va burdalangan jasad ko‘cha bo‘ylab qiy-chuv qilayotgan olomon tomonidan sudrab yurilgani, ulardan biri esa, kesib olingan oyoqni qo‘liga olib tishlayotgani ko‘rinadi.

Qarshimda xuddi o‘sha soxt-sumbat tik turardi. U hatto videotasvirdagi sariq kiyimida edi.

Bir necha lahza oldin men hodisaga dahshat ichida guvoh bo‘lgan Gislein Nzoto bilan gaplashgandim. Unga ko‘ra, hammasi o‘sha musulmonning avtobusdan sudrab tushirilishi bilan boshlangan.

"Odamlar unga hujum qilib, tepa boshlashdi. Boshining orqasiga tosh bilan urishdi. Uni o‘ldirib bo‘lganlaridan keyin ham to‘xtashmadi", deya hikoya qiladi Nzoto.

"Keyin jasadga o‘t qo‘yishdi. U yerda 20ga yaqin yosh to‘plangandi. Oyoqni butunligicha kesib olishdi. Biri go‘shtini yeya boshladi. U 4 marta tishladi va yutib yubordi. Go‘sht xom, ammo kuydirilgan edi", deya davom etadi u.

"Bu Burundi tinchlikni saqlash kuchlari ko‘z o‘ngida yuz berardi. Askarlardan biri qayt qildi. Keyin u quroli bilan odamlarni quva boshladi".

"Men qasos uchun ont ichgandim"

Odamxo‘rning ismi Undja Maglore (Ouandja Magloire) edi. Ammo, aytishicha, uni hozir "Quturgan it" deb bilishadi.

Ko‘chaning ikki tomonidan ham gavjum bozor bor. O‘ta rang-barang kiyim-boshlar, terini oqartiruvchi upa-elik va yangi keltirilgan nonlar taxlab tashlangan. Biz esa, undan nega bu qadar vahshiyona ishga qo‘l urganini so‘rash uchun tinchroq joyga bordik.

Undja menga musulmonlar homilador xotini, qaynisinglisi va uning chaqalog‘ini o‘ldirishganini aytdi.

O‘sha kuni u avtobusda o‘tirgan kishini musulmonga o‘xshatgan va orqasidan tushgan. Undjaning ortidan ergashganlar soni esa, ko‘payib borgan.

"Biz uni ketidan tushgandik", deydi u. "Chorrahaga yetib borganida Burundi askarlarini uni himoya qilishgan bo‘lardi. Biz avtobus haydovchisiga to‘xtashni aytdik. Haydovchi: "Haqsiz, u musulmon", dedi.

Suhbatdoshim jabrdiydani avtobusdan sudrab tushirganlaridan keyingi manzarani tasvirlardi: "Men uning oyoqlariga tepdim. U yiqilib tushdi. Ko‘zlariga pichoq urdim".

"Musulmon! Musulmon! Musulmon! Men uning boshiga xanjar urdim. Ustidan benzin quydim. Yoqdim. Keyin oyog‘ini suyagiga yetguncha yedim. Shuning uchun, odamlar meni Quturgan it deyishadi".

Videoda "Quturgan it" mamnuniyat bilan lunjini to‘ldirib chaynayotgani ko‘rinadi. Men nima uchun bunday qilgani haqidagi savolimni yana qaytardim.

"Chunki, men g‘azablangandim". Uning boshqa izohi yo‘q edi.

Intervyu davomida uning yuzida na g‘azab va na faxr, na bir boshqa hissiyotni ko‘rinardi. Uning so‘zlash ohangi bir xil, ko‘zlari va yuzi ma‘nosiz, hissiz edi.

Odamxo‘rlikka tushuntirish bormi?

Men gaplashgan guvoh Gislein Nzotoga ko‘ra, ushshu gavjum ko‘chadan biror kishi jabrdiydaga yordam berishga urinmagan.

"Hech kim", deydi u boshini silkitib. "Hamma musulmonlardan g‘azabda. Biror kishi aralashishini kutish mumkin emas".

Undan ham battarog‘i ertasi kun yuz bergan. "Quturgan it" marhumning go‘shtidan qolganini namoyishkorona nonning orasiga qo‘yib yegan.

Gislein musulmonlarning o‘ldirilishini ma‘qullamasligini, ammo hech qursa bu ish sababini anglay olishi mumkinligini aytadi.

Odamxo‘rlikni esa, na u va na men suhbatda bo‘lgan boshqa nasroniylar tushuntirib berishdi. Ular ham kannibalizmdan dahshatga tushganlari, biroq buni nimadan kelib chiqishini hech qanaqasiga tushuna olmasliklarini urg‘ulashadi.

Ehtimol, bu kabi shafqatsizlik muvozanatini yo‘qotgan shaxsning qo‘lidan keladigan ishdir. Yoki, dinlararo nafratning natijasimi?

Va yo, deydi suhbatdoshim, bu ish sehr-jodu bilan bog‘liqdir?

Biz uchrashgan nasroniy jangchilar odamxo‘rlik jodu bilan bog‘liqligiga ishonishadi. Ular jangga turli tumorlar taqib kirishadi. Nazorat nuqtasidagi jangchilardan biri menga ba‘zi tumorlarda ular o‘ldirgan odamlar go‘shti ham bo‘lishini aytdi.

"Bizga o‘q o‘tmaydi", deydi ularning qo‘mondoni nim tabassum bilan.

Bizning bilishimizcha, ushbu qarama-qarshilikda boshqa odamxo‘rlik hollari yuz bermagan. Ammo, Markaziy Afrika Respublikasida o‘xshash holatlar yo‘q deb bo‘lmaydi.

1966-1979 yillar hukumronlik qilgan "Imperator" Bokassa o‘z dushmanlarini pishirib, rasmiy kechki dasturxonalarda tortganlikda ayblanadi.

Frantsiyada chop etiladigan Pari Match (Paris Match) jurnali uning saroyidagi muzlatkichda saqlangan bolalar tanasi parchalari deya suratlar chop qilgandi.

(Bokassa qudratdan ag‘darilgach, mahkamaga tortilgan. Qotillik uchun jazolangan, biroq odamxo‘rlikda aybdor topilmagandi).

Mamlakatda diniy va mazhablararo nafrat uzoq yillik tarixga ega. Ushbu nafrat Chad va Sudandan yollanma musulmon askarlar "Seleka" qo‘zg‘olonchilariga qo‘shilishi ortidan portladi.

Mamlakat 2013 yil martida yuz bergan davlat to‘ntarishidan so‘ng hamon beqaror qolmoqda.

O‘shanda prezident Fransua Bozize "Seleka" isyonchilar guruhi tomonidan ag‘darilgandi.

"Qutblashgan" xabarlar

"Seleka" isyonchilar guruhi katta sondagi nasroniylarni o‘ldirish, ayollarni zo‘rlash va mol-mulklarni talashda ayblanadi. Nasroniylar o‘zlari uchun mudofaa guruhlari tuzishgan va qotilliklarga o‘z ulushlarini qo‘shishmoqda.

G‘arb diplomatlari xorijiy matbuotni, ayniqsa, Frantsiya teleradio kanallarini ayblashadi.

"Musulmonlar Nasroniylarga qarshi" qabilidagi hikoyalar noto‘g‘ri taqdim qilinib, etnik va siyosiy zo‘ravonliklar sabab bo‘lgani aytiladi. Diplomatlarga ko‘ra, bunday xabarlar ikki jamoani qutblashuviga xizmat qilgan.

Mamlakatda 200ga yaqin etnik guruhlar va til mavjud.

O‘tgan hafta o‘zini vaqtinchalik prezident deya e‘lon qilgan "Seleka"ning rahbari Mishel Jotodiya iste‘fo berarkan, nasroniylar tantana qilishdi. Biz nasroniylardan iborat olomonning: "Bugun biz musulmonlarni o‘ldiramiz", deya qo‘shiq kuylashayotganini tasvirga tushirdik.

Jotodiya va Bosh vazir Nikolas Tyangayte qo‘shni davlatlar va Frantsiya bosimi ostida, milliy yarashuvga yo‘l ochish uchun, 10 yanvarda o‘z lavozimlarini tark etdilar.

"Quturgan it" Maglorening jinoyati favqulodda holat bo‘lishi mumkin. Balki, bu uning ichidagi iblisning ishidir, mazhabiy yoki diniy nafrat bilan aloqasi yo‘qdir.

Ammo, biz Magloreni intervyu qilar ekanmiz, kichik sonli nasroniylardan iborat olomon to‘plandi. Odamlar uning qo‘lini siqishar, boshiga urib qo‘yishar, unga qarab jilmayishardi. Ilk bor uning yuzida ham kulgu balqdi. Bu yerda to‘plangan odamlar uchun "Quturgan it" Maglore qahramon edi.

Mazkur holat esa, Markaziy Afrika Respublikasi kelajagi borasida yaxshi narsani bashorat qilmaydi.