Misr: Arab bahoridan beri ikkinchi bor konstitutsiya o‘zgartirilmoqda

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Misrliklar o‘ta kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida yangi konstitutsiya uchun ovoz berishmoqda.

Mazkur referendum yangi saylovlarga yo‘l ochishi mumkin.

Misrliklar Husni Muborakni ag‘dargan inqilobdan keyin ikkinchi bor o‘z konstitutsiyalarini o‘zgartirishmoqda.

Bundan oldingisi Prezident Muhammad Mursi armiya tarafidan qudratdan olinishidan bir necha oygina oldin tasdiqlangandi.

Harbiylik janob Mursi ketganini tasdiqlab olish uchun "Ha" degan ovozni qattiq istamoqda.

Muhammad Mursining hozir terrorchi guruh deya nomlangan "Musulmon Birodarlari" ovoz berish jarayonlarini boykot qilmoqda va zo‘ravonliklar yuz berishi ehtimolidan xavotirlar bor.

Ovoz berish boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Qohiraning Imbaba mavzeidagi mahkama binosi yaqinida portlash yuz bergan. Ammo, talofatlar borasida xabar qilinmaydi.

Qohira janubidagi Bani Suyef mintaqasida yuz bergan aksil-referendum norozilik chiqishlari chog‘i esa, bir inson nobud bo‘lgan.

Xavfsizlik choralari

Ikki kunlik ovoz berish jarayonlari o‘ta kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tmoqda. Ichki ishlar vazirligi 200, 000 nafar politsiya zobiti, 150 xavfsizlik bo‘linmasi va 200ta jangovor guruh ovoz berish shahobchalarida joylashtirilganini aytadi.

Armiya qo‘mondoni Abdul Fattoh Al-Sisining o‘zi Qohira shimolidagi ovoz berish shahobchasiga borgan.

"Ish qiyin. Referendumni butunlay xavf-xatardan holi o‘tkazishimiz kerak", deb aytgan u.

BBCning Qohiradagi muxbiriga ko‘ra, referendum uchun kampaniya biryoqlama olib borilgan. Davlatga qarashli va xususiy tele-radio kanallarda faqat yangi konstitutsiyani ma‘qullagan qarashlar aks etgan.

"Yo‘q" deyishni targ‘ib qilganlar esa, hibs qilingan. "Demokratik yo‘lda o‘tkazilayaptimi yoki yo‘q ko‘plar bu referendumni yangi konstitutsiya uchun ovoz berishdan ko‘ra ko‘proq ma‘noni anglatishini aytishmoqda. Ularga ko‘ra, bu ko‘proq Muhammad Mursining qudratdan ag‘darilishiga chiqarilgan hukmdir", deydi muxbirimiz.

Teletasvirlarda Qohiradagi ovoz berish shahobchalarida uzundan-uzun navbatda turganlar aks etgan.

Ovoz beruvchilardan biri Saloh Mustafo BBCga: "O‘tgan yilgi hujjatga solishtirganda bunda ko‘pgina haq-huquqlar belgilangan. O‘tgan yil biz juda bulmag‘ur konstitutsiyaga ega bo‘lgandik", deydi.

Biroq, "Musulmon Birodarlari"ning siyosiy qanoti voizi Muhammad Soudan aksar odamlar referendumni boykot qilishayotganini aytadi.

"Bu biz hech qanday yangi qudratni tan olmaymiz deganidir", deya qo‘shimcha qiladi u.

Ichki ishlar vaziri Hazem Beblavi referendumni Misr uchun "eng muhim palla" deb atagan.

Muvaqqat prezident Adli Mansur: "Odamlar qorong‘u terrorizmga ular hech narsadan qo‘rqmasliklarini isbot qilishlari kerak", deb aytgan.

Yangi konstitutsiya

Yangi konstitutsiya 50 a‘zolik qo‘mita tarafidan ishlab chiqilgan. Qo‘mita tarkibida esa, Islomiy partiyalardan bor-yo‘g‘i ikki vakil ishtirok etgan.

Rasmiylar yangi konstitutsiya loyihasida ko‘proq huquqlar va erkinliklar berilgani va bu barqarorlik tomon qo‘yiladigan eng muhim qadam ekanini ta‘kidlashadi.

Yangi konstitutsiyaga binoan:

*Prezident ikki 4 yillik muddat qudratda bo‘lishi va parlament tarafidan jazolanishi mumkin;

*Islom davlat dini sifatida qoladi, ammo e‘tiqod erkinligi cheklanmagan, ozchiliklarga muayyan himoyalar belgilangan;

*Davlat "erkak va ayol o‘rtasida tenglik"ni kafolatlaydi;

*Partiyalar "din, irq, jins yoki jo‘g‘rofiy holati"dan kelib chiqib tuzilmaydi.

Tanqidchilar yangi konstitutsiya armiya foydasiga xizmat qilishi, 2011 yil Husni Muborakni qudratdan ag‘dargan inqilob maqsadlarini barbod etishini aytishadi.

Konstitutsiyada tinch fuqaro ishini harbiy mahkamada ko‘rish izni saqlab qolingan va kelasi 8 yil ichida Mudofaa vazirini tayinlash harbiylik nazoratida qoldirilgan.