Pokiston elchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi

Image caption "O‘zbekiston havo yo‘llari" uchog‘i noqulay ob-havo sabab Lahorga qo‘ngan

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan Pokiston elchisi bilan majburan Lahor aeroportiga qo‘ngan uchoq masalasi muhokama qilingan.

Noqulay ob-havo sabab Pokistonning Lahor aeroportiga qo‘ngan uchoqqa yonilg‘i quyishdan bosh tortilgandi.

Uchrashuv o‘zbek uchog‘i Pokistonda muammoga duch kelgan kuni bo‘lib o‘tgan.

10 yanvar kuni Toshkentdan Hindistonning Amritsar shahriga uchgan O‘zbekiston havo yo‘llari uchog‘i noqulay ob-havo sabab 167 yo‘lovchisi bilan ertalabki soat 8:30 da Shri Guru Ram Das Dji aeroportiga qo‘nolmagan.

Tuman tarqashiga umid qilgan uchoq yarim soat Amritsar osmonida uchib yurgan. Biroq ekipaj yonilg‘i cheklanganligi sabab Pokistonning Lahor shahriga qo‘nishga qaror qiladi.

O‘zbekistondagi qator nashrlar The Times of India gazetasiga asoslanib yozishicha, Lahor aeroport xodimlari avvaliga uchoqqa yonilg‘i quyishdan bosh tortishgan.

Ushbu muammoni yechishga bir kun sarflangan, 7 soat deganda uchoqqa yonilg‘i olishgan. Kechga borib uchoq Lahorni tark etgan va 18:00 atrofida Amritsarga qo‘ngan. U yerda 144 yo‘lovchini tushirib, qolgan 53 yo‘lovchini olib Dehliga uchgan.

Tashqi ishlar vazirligida Pokistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Rioz Hussain Buxoriy bilan uchrashuv ham aynan 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan.

Bu haqda vazirlik sayti 13 yanvar kuni xabar bergan.

Vazirlik sayti yonilg‘i masalasining ijobiy hal qilinishiga ushbu uchrashuv sabab bo‘lgani borasida axborot bermagan.

Uchrashuvda shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar va o‘zaro manfaatli masalalar muhokama etilgani bildirilgan.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati Hindiston bilan Ovro‘pa davlatlari orasida yo‘lovchi tashish bo‘yicha mustahkam pozitsiyaga ega ekanligi aytiladi.

Shirkatning ushbu yo‘nalishda barqaror mijozlarga ega ekanligi narxlarning nisbatan arzonligi bilan izohlanadi.

Davlatga tegishli O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviashirkati dunyoning 25 davlatida o‘z vakolatxonasiga ega.