"Piyonista musulmonga janoza o‘qilmaydi"

Image copyright THINKSTOCK

Hindistondagi musulmon ulamolar yig‘ilib, spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan insonning dafn marosimida janoza o‘qish rad qilinsin, degan qarorga kelganlar.

Bu haqda Times of India ro‘znomasi xabar tarqatgan.

Bu ulamolar Hindiston shimoli-sharqidagi Bihar shtatida yashaydigan islomiy ulamolar ekani xabar qilinadi.

"Bu hayotdan ko‘z yumgan piyonista shaxs haqiga janoza ibodatini ado etmaslik haqidagi tarixiy qaror", deb aytgan Hofiz Mavlono Mohtob Olam Mahdumiy.

"Inshoolloh, bu qarorimizdan musulmonlar tegishli xulosa chiqaradilar va bundan keyin og‘izlariga spirtli ichimlik olmaydilar, deb umid qilamiz", deb aytgan mavlono.

Islom dinida spirtli ichimlik ichish taqiqlanganiga qaramasdan, Bihar shtatida yashaydigan musulmonlar orasida aroqxo‘rlik ko‘payib borayotgani kuzatilayapti.

Mavlono Mahdumiy aytishicha, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan insonlar jamiyatdan yakkalanishi lozim.

Mahalla-ko‘yi, qarindosh-urug‘idan ajratilishi bu musulmonni to‘g‘ri yo‘lga qaytishiga undaydi, deb hisoblaydi ulamo.

Agar bu yo‘l ish bermasa, o‘lib qoladigan bo‘lsa, aroq ichib yurgan musulmonning janozasi o‘qilmaydi.

Ulamolarning ushbu e‘loni Bihar shtatidagi Nalanda tumanida jamoatchilikka xabar qilindi.

Agar Nalandada bu siyosat ish bersa, butun Bihar shtatidagi imomlarni ham shunday yo‘l tutishga da‘vat qilishmoqchi.