Rossiyada Xavfsizlik xizmati salohiyati kengaytirilib, Internet ustidan nazorat kuchaytirilishi taklif qilinmoqda

  • 15 Yanvar 2014
O‘zgartirishlar mualliflaridan biri Irina Yarovaya

Rossiya Davlat Dumasiga terrorchilikka qarshi kurash qonuniga o‘zgartirishlar taklifi taqdim etildi.

Ushbu o‘zgartirishlar Federal Xavfsizlik Xizmatining salohiyatini kengaytirish va Internet ustidan nazoratni kuchaytirishni nazarda tutadi.

O‘zgartirishlar mualliflari "Edinaya Rossiya" partiyasidan, Dumadagi Xavfsizlik va Korruptsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi rahbari Irina Yarovaya, LDPR partiyasidan, Britaniyada Aleksandr Litvinenkoning o‘limiga aloqadorlikda gumon qilingan Andrey Lugovoy va yana qator shaxslardir.

O‘zgartirishlarda nazarda tutilgan asosiy nuqtalardan biri Rossiya bo‘ylab anonim ravishda pul o‘tkazmalari miqdorini cheklash va pul yuboruvchi xorijda bo‘lgan taqdirda ularni butunlay taqiqlashdir.

Anonim pul o‘tkazmasi deganda pul yuborayotgan shaxsning o‘z ismi va boshqa ma‘lumotlarni oshkor etmasligi tushuniladi.

Xalq vakillari shuningdek, xorijdan turib nohukumat tashkilotlariga 3 ming dollardan ko‘proq mablag‘ yuborilgan taqdirda, albatta nazorat ostiga olinishi lozimligini talab qilmoqdalar.

Siyosatchilar pul o‘tkazmlarini qanday qilib nazorat qilishlari mumkinligi masalasi ochiqlanmagan.

Irina Yarovaya fikriga ko‘ra, bu choralarning hammasi "terrorizmga qarshi kurashga yordam beradi".

Duma a‘zolari shuningdek, Internet provayderlari uchun foydalauvchilar haqidagi ma‘lumtlarni ular faoliyatini tugatganidan so‘ng ham yarim yil mobaynida saqlab turishni shart qilib qo‘ymoqchilar.

"Odamlar ekstremizm, terrorizmga Internet orqali da‘vat qilgan vaqtlari politsiya bu kabi shasxalarni qidirib Internet provayderlariga ham murojaat qiladilar. Shuning uchun qonuniy tarzda xosting-provayderlar uchun hamma foydalanuvchilar haqida ma‘lumotlarni saqlab qo‘yish shart qilib qo‘yilishi kerak", dedi Andrey Lugovoy.

Rossiya moliya tizimidagi manbalar BBC bilan suhbatda Internet shirkatlari bu qonun qabul qilinmasligiga umid qilayotganliklarini bildirdi.

Rossiya bo‘ylab Internet orqali pul o‘tkazmlari bilan shug‘ullanuvchi yirik QIWI shirkati vakilining BBCga aytishicha, terrorizmga qarshi kurashni qo‘llab quvvatlaydi, lekin hozirda taqdim etilayotgan qonun loyihasini ma‘qullamaydi.

Qonun loyihasida Internet foydalanuvchisi haqidagi qanday ma‘lumotlar Xavfsizlik xizmatiga oshirilishi mumkinligi ham aytib o‘tilgan.

Bu ma‘lumotlar ism, IP-adres, telefon raqami va elektron pochta adresini ham o‘z ichiga olgan.

Qonun tasdiqlansa Internet provayderlariga yarim yil mobaynida foydalanuvchi haqidagi ma‘lumotlarni o‘chirish taqiqlanishi mumkin.

Xosting-saytlar esa nizo va ekstremizmga da‘vatlar haqidagi ma‘lumotlarni saqlab qolish shart bo‘ladi.