Gulnora Karimova: Gugusha muammosini qanday yechamiz?

Image copyright Getty
Image caption Orzular osmonida

Bundan bir yil avval O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi ko‘klarda parvoz qilib yurardi.

Ishbilarmon (biznesvumen), pop yulduzi... va hatto bir kun kelib ehtimol mamlakat rahbari bo‘ladi deb ham aytilardi. Ammo o‘tgan 12 oy ichida bularning bari barbod bo‘lganday... Uning bizneslari yopildi, rasmiy maqomlari bekor qilindi. Gulnora yerga urilar ekan, yana ko‘kka sapchishi mumkinmi?

Tohir o‘zini o‘ldiraman degan kuni onasini tush ko‘rdi.

U qo‘qqisdan uyg‘onib ketganida hamon onasining ovozlari quloqlari ostida jaranglab turar, badanidagi titroq va qo‘rqish hissi ham tanish edi. Bo‘g‘ilib uyg‘ondi.

Anchagacha o‘rnidan turmay yotdi. Onasini qattiq sog‘ingan edi. Ammo O‘zbekistonga qaytishdan juda ham qo‘rqar edi.

Keyin o‘rnidan turdi va boshqalarni uyg‘otib yubormaslikka harakat qilib garajga ketdi.

Uning xonadoshlaridan biri payqab qolganida Tohir o‘z bo‘yniga arqon tashlab ulgurgandi.

"Men charchadim", deydi Tohir o‘zining amalga oshmagan xudkushlik harakati haqida gapirar ekan...

Uning qo‘llari titraydi. Chap ko‘zi uchib va yuzida qandaydir nootabiiy ko‘rinish bor. Tohirga ko‘ra bularning bari qiynoq asoratlaridir. Ammo u mendan yuzini tasvirlamasligimni so‘raydi. Ular mening kimligimni biladi, meni topishadi, deydi Tohir.

Tohir uning haqiqiy ismi emas.

U Skandinaviya davlatlaridan birida yashaydi.

Uning aytishicha, O‘zbekiston Xavfsizlik xizmati Tohirning tanasidagi barcha chandiqlar va tug‘ma xolu dog‘larni suratga olishgan. Hatto uni kamera qarshisida yurdirib tasvirga tushirganlar.

"Meni ular kabi hech kim bilmaydi. Ular uchun yuz foiz taniqliman", deydi Tohir.

Tohirning qissasi esa shantaj va qo‘rqitish bilan pul undirish haqida...Avvaliga O‘zbekiston bojxona mulozimlari, keyinroq ichki ishlar vazirligi xodimlari u ishlaydigan anchayin muvaffaqiyatli biznesni tortib olish harakatiga tushadilar.

Tohirning hamkorlari ham bundan jabr ko‘radilar.

Tohirni qamashadi.

Unga ko‘ra, qamoqxonada u boshqa mahbuslarning qiynoqqa solingan va hatto o‘ldirilganiga guvoh bo‘ladi.

Alal oqibat, u pora berib qamoqdan chiqadi va O‘zbekistondan qochadi.

Tohirga boshpana olishda ko‘maklashayotgan huquqshunoslarga ko‘ra, uning barcha muammolari O‘zbekistondagi eng taniqli shaxslardan biriga borib taqaladi. Bu prezident Karimovning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovadir.

Tohirning hikoyasi betakror emas.

Bu kabi hikoyalar ko‘pligi uchun ham Karimovaga "robber baron" va yo "Qaroqchilar Boshi" degan laqab yopishib qoldi.

Bu AQSh diplomatik yozishmalarida akslandi.

Wikileaks ommalashtirdi.

Diktatorning "yoqimtoy" qizi

Image copyright none
Image caption Kechagi tarovatlar

Ammo chetda bo‘lgan aksariyat uchun Gulnora Karimova do‘stsevar va dunyodagi eng repressiv tuzumlardan birining qarasa bo‘ladigan basharasidir.

Harvardda o‘qigan degan da‘vo egasi, biznesvuman , fasonparvar, diplomat, xayriyaparvar va nihoyat pop yulduzi Gugusha...so‘nggi oylarda yana bir ta‘rifga ega bo‘ldi. Gulnora Karimova – inson huquqlari himoyachisi.

Gulnoraning biznes va media saltanati qulab borar ekan, u O‘zbekiston repressiv hukumatining tili uzun tanqidchisiga aylandi.

Karimovaning sobiq maslahatchisiga ko‘ra, bu "yana bir yangi brandni tanishtirish mashqi, men uning o‘zgarganiga bir soniya bo‘lsa ham ishonmayman. U yashash uchun kurashmoqda".

Sobiq maslahatchi o‘z xavfsizligidan xavotir bo‘lib ismini oshkor etishni istamadi.

Karimov oilasidagi bu kurash Shekspironadir. Ammo farq shundaki, oiladagi jang Twitterda boshlandi va davom etmoqda.

Men Karimova bilan bir necha bor shu yerda yozishdim.

"Ahmoqona ravishda "diktatorning qizi" degan ta‘rifni ishlatmang", dedi u men va Inson Huquqlari Human Right Watchdan Andryu Shtroulaynga.

Uning Twitterda qoldirayotgan izohlari hoh rus tilida, hoh no‘noq inglizchada ( Harvardda o‘qidim degan da‘voda bo‘lgan shaxs uchun inglizchani yaxshi bilmaslik g‘alati bir hol) bo‘lsin, odatda qandaydir chala va kosa tagida nim kosa usulidadir.

Shunda ham aynan uning Twitterdagi yozishmalari O‘zbekistondagi bema‘ni siyosat dunyosini yoritganday bo‘ldi.

O‘tgan bir oy davomida u o‘zining turfa ko‘rgazmalardagi rasmlari va yoganing bir necha uslubida tushgan suratlarini ko‘z-ko‘z qildi.

O‘z onasi va singlisini jodugarlikda aybladi.

O‘z otasining mulozimlarini tazyiqlar va qiynoq qo‘llashda gunohkor qildi.

Karimovaning muammolari Ovro‘poda korruptsiyaga doir ish qo‘zg‘otilgani bilan boshlandi.

2012 yilda bir guruh shved jurnalistlari Finlandiya-Shvetsiya Telekommunikatsion shirkati TeliaSonerani tekshirishdi va bu shirkat O‘zbekistonga kirish uchun 300 million to‘laganini oshkor qildilar.

Ayni mablag‘ Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan kichik shirkatning hisobiga tushgan.

Bu shirkat Gayane Avakyan nomiga rasmiylashtirilgan ekan.

U telekommunikatsiya sohasiga umuman aloqasiz bir shaxsligi ma‘lum bo‘ldi.

Gulnoraga yaqin shaxslarga ko‘ra, Avakyan yigirma nechadir yoshda va Karimovaning do‘konlaridan birida ishlagan.

Bir muddat Moskvada Gulnoraning modalar ko‘rgazmasini tashkillashtirish uchun ishga olingan.

Juda tez orada esa Gulnoraning eng ishonchli yordamchilaridan biriga aylangan va 2013 yilda Shvetsiyadagi eng yirik korruptsiya mojarolarining markaziga tushib qolgan.

Prokuror Gunnar Stetler ana shu poraxo‘rlik ishi bo‘yicha rahbar va uning aytishicha, TeliaSonera shirkati mulozimlari O‘zbekiston hukumati mulozimlariga pora berganligiga shubha yo‘q.

Maqsad O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘lgan, deydi u.

Ammo bu ish anchayin murakkab va 10 ta Ovro‘po davlatlari aralashgan.

Shvetsiyaning o‘zida shirkat ish boshqaruvchilaridan to‘rt nafarini "risoladagiday biznes ahloq qoidalariga" amal qilmagani uchun vazifasidan chetlashtirdi.

Shirkat Bosh Boshqaruvchi Ofitseri iste‘fo berdi.

Karimovaning uylari

*O‘tgan oy Qozog‘istonning Respublica gazeti Gulnora Karimovaga tegishli deya 17 ta uy-joy ro‘yxatini nashr qildi. Bu uylar London, Hong Kong, Dubay, Parij ( shahar chetida villa ham) Moskva va Qrim

*Karimova xonim esa bu MXX tomonidan uning nomini beobro‘ qilish harakati ekani, O‘zbekistondan tashqarida esa faqat Jeneva hamda Fransada uy-joyga egani, Moskvadagi uyini sotganini da‘vo qildi.

TeliaSonera ishi bo‘yicha shug‘ullangan jurnalistlardan biri Joachim Dyfvermarkning aytishicha, Gulnora Karimovaning qancha turishini hech kim bilmaydi. "Ammo biz TeliaSonera ishida 300 million dollar haqida bilib oldik va bu menimcha, xamir uchidan patir, xolos", deydi u.

Image caption "Jodugar ona"?

Twitterdagi yozishmalarimizda esa Karimova TeliaSonera ishiga aloqadorlikni rad etdi.

Ammo Gulnora Karimova faqat bu shirkat ishi bilan ro‘para kelayotgani yo‘q.

Shvetsariyadagi boshqa bir korruptsiya ishida esa unga aloqador deb ko‘rilgan bank hisoblari muzlatib qo‘yildi.

Uning Jeneva va Fransadagi uylarini politsiya tintuv qildi.

Shvetsariyada ro‘yxatdan o‘tgan yirik shirkat Zeromax besh yil uning nazorati ostida bo‘lgani aytiladi.

U doim bu shirkatga aloqasi borligini rad etgan.

Shirkatning yillik daromadlari 3–4 milliard dollarga ega ekani nashr etilardi.

2010 yilda esa Zeromax birdaniga yopib qo‘yildi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, bu shirkat turfa muammolarni keltirib chiqaraverdi va Islom Karimov uni yopishga qaror qildi deydi.

"Gulnora iqtisodning butun bir sohasida monopoliya o‘rnatdi, gaz, oltin va jihozlar savdosiga aralasha boshladi. Uning bir o‘zi tizimni shunaqa suiste‘mol qildiki, alal-oqibat byudjet kamomadini yuzaga keltirdi", deydi u.

Image caption Twitter jang maydoni

Zeromaxdan keyin Karimova Ispaniyaga elchi bo‘lib ketdi.

BMTning Jenevadagi qarorgohida O‘zbekiston vakiliga aylandi.

Ovro‘poda ko‘proq vaqt o‘tkazar va Gugusha laqabi ostida qo‘shiqchilik faoliyati bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Sting, Xulio Iglesias va Jerar Deparde kabi yulduzlar Toshkentda Gulnoraning mehmoni bo‘lishdi.

"Gulnora xuddi O‘zbekistonning egasiday edi", deydi Los Anjeleslik prodyuserlardan biri Jon Kolombo. U Gulnoraning musiqiy videosi Round Runni suratga olish uchun O‘zbekistonga safar qilgandi.

Aeroportda u Gulnora Karimova tasviri tushirilgan gazetani ko‘radi.

Yo‘l-yo‘lakay uning surati katta bilbordlarda gavdalanadi.

Radioda uning qo‘shiqlari o‘ynaladi.

U Gulnora Karimovaniki deyilgan ko‘plab musiqiy do‘konlarni ko‘radi.

"U hammayoqda edi", deb xotirlaydi Kolombo.

Kolombo Gulnorani yoqtiradi.

Bo‘yi baland bo‘lishiga qaramay u ancha kamtar edi deydi u.

"Odamlar ham uni yaxshi ko‘rishardi, mehnatdan qochmas edi".

Wikileaksdagi diplomatik yozishmalarda Gulnora Karimova "O‘zbekistondagi eng nafratlanilgan shaxs" deb ta‘riflangan bo‘lsa ham, bu mamlakatda safarim davomida men Gulnorani yoqtiradiganlarni uchratganman.

Uning otasi dunyodagi eng repressiv tuzum rahbari ekan, Gulnora yosh va g‘ayratli bir ayol edi.

Ajib qarama-qarshilik bor edi bunda...

Ehtimol, ayni shu qarama –qarshilik uning imiji uchun muhim bir rol o‘ynagandir.

Steve McNulty British Konsilning direktori va ular Karimovaning Fond Forum jamg‘armasi yoshlar qanoti bilan hamkorlik qilishgan.

Bu esa ularga O‘zbekiston yoshlari bilan misli ko‘rilmagan ravishda hamkorlik istiqbollarini ochib bergan.

British Council direktori Karimovaga doir fikr bildirishdan bosh tortdi.

2012 yilga kelib Gulnora Karimovaning imkoniyatlari misli ko‘rilmagan darajada kengaydi.

Aksariyat uni Karimovning merosxo‘ri deb atay boshladi va Gulnora ham prezidentlik orzusiga ishora qilishdan tiyilmaydigan bo‘ldi.

Karimov oilasida urush

Image caption Karimov oilasida urushmi va "rejalash"?

Hech kim voqealar bu kabi tus olishini kutmagan edi.

2013 yil oxirlariga kelib uning biznes imperiyasi quladi.

Televizion kanallari o‘chirildi.

Bundan bir necha yil avval Zeromax yopilishi "imi-jimida" o‘tgan bo‘lsa, bu gal Twitterda o‘ziga xos drama boshlandi.

Gulnora Karimova o‘z oilasiga qarshi urush ochdi.

2013 yil sentyabrida Gulnora Karimovning singlisi Lola Karimova BBC O‘zbek xizmati bilan suhbatda o‘z opasining prezidentlik orzulariga shubha bildirdi.

12 yildan beri Gulnora bilan gaplashmayotganini aytdi.

Gulnora Karimova bu suhbatni urush uchun taklifnoma sifatida qabul qildi.

U o‘z onasi va singlisini jodugarlik bilan shug‘ullanishda aybladi.

Onasi uning otasi yoniga qo‘ymayotganidan shikoyat qildi.

Ammo uning asosiy dushmani va barcha muammolarining boshida MXX rahbari, o‘z otasi Karimovning xavfsizlik xizmati boshlig‘i Rustam Inoyatov turganini da‘vo qildi.

Internetda Rustam Inoyatovning ikkita rasmi bor, xolos.

Islom Karimovning eng ishongan maslahatchilaridan biri ham Inoyatov ekani aytiladi.

Yillarki, MXXning boshlig‘i.

So‘nggi oylarda Karimova MXXning millionlab o‘zbeklar hayotidagi o‘rni haqida yoza boshladi.

Yarim tunda hibsga olishlar, qo‘rqitish, har qanday norozilikni yakson qilish... U o‘z xodimlari hibsga olinar ekan, ularni himoya qilishga va‘da berardi Twitterdagi yozishmalarda...

"Men ko‘p narsalarni tushunib yetdim, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim va men uchun haqiqatni tan olish og‘riqlidir", deb yozdi u menga.

O‘zbekistonlik sobiq biznesmen Tohir esa Gulnora Karimovaning inson huquqlari faoliga aylanganini kulgi qiladi.

"Bu bir o‘yin, aslida, boylar va qudratlilarning o‘yini...biz uchun nima ham o‘zgarardi? Men Gulnora rostakamiga muammoga duch kelayapti deb o‘ylamayman. Bu ota va qizning o‘rtasida odamlarni chalg‘itish uchun qilinayotgan o‘yin", deydi Tohir.

Agar bu o‘yin bo‘lsa, unda katta o‘yindir.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi barqarorlik garovidir.

Shuning uchun ham Gulnora Karimova muammolari ortida kimlar turganini topish muhim bir amaldir.

Ehtimol, Karimovning o‘zi qizining qanotlarini qiyib qo‘yish buyrug‘ini bergandir, balki, Gulnora da‘vo qilayotgani kabi Rustam Inoyatov asosiy qahramondir...unda bu Karimovga qarshi saroy to‘ntarishiga teng bir amal bo‘lur edi.