Nigeriyalik "gey"ga 20 darra urildi

  • 16 Январ 2014
Image caption Nigeriyalik hamjinsbozga 20 darra urilgan

Nigeriya shimolidagi Bauchi shahrida bir shaxs shariat mahkamasi tomonidan hamjinsbozlikda aybdor deb topilishi ortidan 20 darra yedi.

Shariat qonunlariga ko‘ra, ayni jinsdagi inson bilan jinsiy aloqa qilgan shaxs toshbo‘ron qilinadi.

Mahkama o‘tgan oy hibsga olingan musulmon shaxsning ayni jinsdagi boshqa shaxs bilan yetti yil muqaddam jinsiy aloqada bo‘lgani, biroq undan so‘ngra bunday tajribadan voz kechganini inobatga olgan.

Nigeriyada ham dunyoviy va ham islomiy qonunlarga ko‘ra, ayni hamjinsbozlik noqonuniy hisoblanadi.

Shu oy boshida prezident Gudlak Jonatan geylarga qarshi qaratilgan qonunni imzolagan edi.

Yangi hujjat butun Nigeriya bo‘yicha qonuniy kuchga ega.

Asosan musulmonlar yashovchi Nigeriyaning shimoliy hududlarida 1999 yilda harbiy hokimiyat bekor bo‘lganidan buyon shariat qonunlari ishlaydi.

Darra urilgan shaxs gey bo‘lgani uchun o‘tgan oy hibsga olingan 11 musulmon va nasroniylardan biridir.

Unga shuningdek 30 dollarga yaqin jarima to‘lash buyurilgan.

Yana ikki nafar shaxs ustidan mahkama 23 yanvarga qoldirilgan.

Ayni ayblovlar bilan hibsga olingan qolgan to‘qqiz nafar taqdiri hamon noaniq qolmoqda.