"Oltin to‘p"dan quruq qolgan Messi yana bir zarbaga uchradi

Image copyright AFP

To‘rt karra "Jahonning eng zo‘r futbolchisi" bu yil UEFA tasnifida "Yilning eng kuchli terma jamoasi" safiga kirolmadi.

Jamoa a‘zolari UEFA rasmiy web sahifasi va turli ijtimoiy muloqot tarmoqlari orqali ovoz bergan olti milliondan ortiq ishqiboz tomonidan tanlandi.

Ovoz berishlar natijasiga muvofiq, Ispaniyaning nahang "Barsa" va Argentina yulduziga bor-yo‘g‘i 13-o‘rin nasib etdi, xolos.

26 yoshli Lionel Messini chetga surib, bu yil "Jahonning eng zo‘r futbolchisi", deb topilgan Krishtianu Ronaldu esa, ketma-ket yettinchi bor ushbu terma jamoa safidan joy oldi.

Londonning "Arsenal" jamoasi yarim himoyachisi Mesut O‘zil UEFA tasnifida "Yilning eng kuchli terma jamoasi" tarkibiga kirgan yagona Angliya premerligasi vakili bo‘ldi.

O‘tgan yil Angliya milliy chempionatida to‘p suruvchi biror bir o‘yinchi bu kabi sharafga noyil bo‘lmagandi.

Image copyright All Sport

Ta‘kidlab o‘tish joiz, ingliz premerligasining sakkiz vakili "Yilning eng kuchli terma jamoasi" safidan o‘rin olishga da‘vogarlik qilgan bo‘lishsa, omad faqat O‘zilga kulib boqdi.

Ammo hozir Madridning "Real"ida to‘p surayotgan Angliyaning "Tottenhem" jamoasi sobiq o‘yinchisi Garet Beyl ham bu kabi baxtdan bebahra qolmadi.

Futbolchilari "Yilning eng kuchli terma jamoasi" safidan joy olishda Olmoniyaning "Bavariya"si Ovro‘poning qolgan barcha klublarini ortda qoldirib ketdi.

Image copyright afp

Olmon jamoasining sara to‘rt o‘yinchisi: Manuel Noyyer, Filipp Lam, David Alaba va Frank Riberilar ishqibozlarning ishonchlarini qozonishdi.

Eng qizig‘i Messining so‘nggi mavsumda "Barselona" va Argentina milliy terma jamoasi safida 45 ta o‘yinda kiritgan 42 ta to‘pi ham ish bermadi.

Ustiga ustak, amaldagi Ispaniya chempioni ekanliklariga qaramay, nahang "Barsa"ning shuncha nomdor o‘yinchilaridan birortasi ham bu kabi sharafga noyil bo‘lmadi.

Image copyright Getty

Ammo Madridning "Real"i bo‘sh kelmadi: Krishtianu Ronaldu, Serxio Ramos va Garet Beyl ashaddiy raqiblari "Barselona" yulduzlarini "kuydirishdi".

2007 yildan buyon ilk bor bu kabi imkoniyatdan mosuvo qolgan Messi shu hafta dushanba kuni FIFA tasnifida "Yilning eng kuchli milliy terma jamoasi" safidan joy olgandi.

Shunday qilib:

UEFA tasnifida "Yilning eng kuchli milliy terma jamoasi" a‘zolari: Manuel Noyyer ("Bavariya"), Filipp Lam ("Bavariya"), David Alaba ("Bavariya") Frank Riberi (Bavariya"), Serxio Ramos ("Real" Madrid), Tiago Silva(Pari Sen Jermen), Marko Roys("Borussiya" Dortmund), Mesut O‘zil ("Arsenal"), Garet Beyl("Real" Madrid), Krishtianu Ronaldu ("Real" Madrid) va Zlatan Ibrohimovich ("Pari Sen Jermen")lardir.