Osiyo chempionati(U-22): O‘zbekiston chorak finalga chiqolmadi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ummonda bo‘lib o‘tgan qit‘a birinchiligi guruh bosqich saralash bellashuvlarini bir g‘alaba va ikki mag‘lubiyat bilan yakunlagan o‘zbekistonlik yoshlar ortga qaytadigan bo‘lishdi.

Payshanba kuni Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyati jamoaning 22 yoshlilar o‘rtasidagi ilk Osiyo chempionatining yarim finaliga chiqish rejasini chippakka chiqardi.

O‘zbekiston yoshlar milliy terma jamoasi chorak finalga chiqishi uchun durang natija ham kifoya qiladigan hal qiluvchi yakuniy uchrashuvini Saudiya Arabistoniga 0:1 hisobida boy berdi.

O‘zbekistonning so‘nggi mag‘lubiyati ortidan, "D" guruhidan chorak finalga 3-tur uchrashuvida Xitoyni ham mag‘lub etgan Iroq va Saudiya Arabistoni chiqadigan bo‘lishdi.

Payshanba kuni o‘z poyoniga yetgan guruh bosqich saralash bellashuvlari ortidan yana Iordaniya, Janubiy Koreya, Suriya, BAA, Avstraliya va Yaponiya bu kabi huquqni qo‘lga kiritishdi.

Ayni o‘rinda ta‘kidlash joiz, Iroq bu bosqichda barcha uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunlab, maksimum 9 ochko bilan chorak finalga chiqqan yagona jamoa bo‘ldi.

22 yoshlilar o‘rtasida Osiyo chempionatining chorak final bellashuvlari esa, 19 va 20 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash kerakki, bungacha turli yosh toifasida O‘zbekiston milliy terma jamoalari Osiyo chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelishgan.

Jumladan, O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi Osiyo chempioni bo‘lib, yoshlar terma jamoasi esa, yarim finalchisi sifatida o‘tgan yilgi jahon birinchiliklarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishgan.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, 22 yoshda Osiyo chempionligi uchun kurashini boshlagan tarkibning yarmidan ko‘prog‘i o‘tgan yil yoshlar o‘rtasida Turkiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati ishtirokchilari edi.

Ular esa, ketma-ket tarixiy natija qayd etib, ilk bor jahon birinchiligining chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

Toshkentdan taniqli futbol eksperti Axbor Imomxo‘jayev biz bilan suhbatida jamoaning muvaffaqiyatsizligini ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rishga yetarlicha vaqt bo‘lmagani bilan izohladi.

"Eng yaxshi o‘yinchilar saralab olingandi. Lekin tayyorgarlik ko‘rishga hech qanday vaqt bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramasdan, bu o‘yindan fojea yasash kerak emas. Hali, Xudo xohlasa, bu bolalarimizning oldida katta istiqbol turibdi", - deydi u kishi.

O‘zbekistonlik futbol ekspertining ta‘kidlashicha, milliy terma jamoaning muvaffaqiyatsizligida Bosh murabbiyi aybdor, degan fikrlarga umuman qo‘shilmaydi.

"Men bu fikrga umuman qo‘shilmayman. Murabbiy jamoa bilan ishlay olmadi, murabbiy jamoani musobaqaga tayyorlay olmadi, degan gaplarni men kun tartibidan chiqarib tashlagan bo‘lardim. Shuhrat Maqsudov futboldagi katta odam...", - deydi Axbor aka.

11 yanvar kuni start olgan Osiyo chempionati esa, ikki hafta davom etadi va g‘olib 26 yanvar kuni aniqlanadi.