Rossiya: "Qur‘oni Karimni yoqishda mas‘ul hibsda qoldirilsin"

Image copyright Reuters

Moskva mahkamasi Qur‘oni Karimni yoqishda gumon qilinayotgan Aleksandr Sokolovni 9 martga qadar hibsda qoldirish yuzasidan qaror chiqargan.

Ayni paytda Moskva hokimiyati 24 yanvar kuni Manej maydonida islamofobiyaga qarshi yig‘in o‘tkazishni ma‘n etgan.

Qur‘oni Karimni yoqish bilan bog‘liq ilk hibs ishi Moskva politsiyasi boshlig‘i Anatoliy Yakunin poytaxt metro poyezdida musulmonlarning muqaddas kitobiga o‘t qo‘ygan va bu ish aks etgan videoyozuvni internetga tarqatishga mas‘ullarni "zudlik bilan" topishga farmoyish berishidan bir hafta o‘tib kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, politsiya boshqa gumondorlarni so‘roqqa tutgani va joylarda tintuv o‘tkazgani haqida ma‘lum qilgan.

Sokolovga Jinoyat kodeksining 213 moddasi bo‘yicha "bezorilik" ayblovi qo‘yilmoqda (agar aybdor topilsa, ko‘pi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin).

Videoyozuv

"TsSKA mutaassiblari Qur‘onni yoqishdi" deb nomlangan video 5 yanvar kuni YouTube portalida paydo bo‘lgandi.

Videotasvirda shaxsi noma‘lum yoshlar Qur‘onni yoqayotganlari va uyatli so‘zlarni gapirayotganlari aks etgan.

Ulardan biri: "Bugun Kayranga o‘t qo‘yamiz", deb aytgan.

Videoyozuvning bir daqiqadan ortiqroq davom etadigan ikkinchi qismida slavyan bo‘lmagan, yuzlarida kaltak izlari bo‘lgan yigitlardan Allohdan voz kechish talab qilinadi.

Tergovchilarga ko‘ra, hali shaxslari aniqlanmagan jabrdiydalarni aynan Sokolov tahqirlagan.

TsSKA futbol jamoasi matbuot xizmati BBC Rus Xizmatiga mazkur hodisa yuzasidan izoh bermasligini aytgan.

Qur‘oni Karimni yoqish aks etgan videoyozuvni interentga joylagan shaxs "Putin tuzumi yolg‘onlari" deb nomlangan sayt manzilini ham bergan.

Bu internet sahifasida Rossiya hukumati amallari haqorat qilinadi.

Haqoratlar asosida esa, radikal millatchilik va ksenofobiya yotadi

Toqatbarorlikka qaratilgan yig‘inga izn berilmadi

Moskva merligi islamofobiyaga qarshi yig‘inni o‘tkazishni rasman rad etgan. Bu haqda namoyish tashkilotchisi, "Qofqozliklar Rossiya kongressi" a‘zosi Abakar Abakarov xabar bergan.

Yig‘in boshqa joyda o‘tkaziladimi yo‘qligi ma‘lum emas.

Avvalroq, Abakarov Manej maydonida qariyb million kishilik chiqish rejalanayotgani haqida ma‘lum qilgan va rejani amalga oshirish uchun pul yig‘ishni boshlagandi.

Abakar Abakarov a‘zo bo‘lgan "Qofqozliklar Rossiya kongressi" esa, yig‘inni tashkillashtirishga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytgan. Rossiya muftilari kengashi ham tadbirning o‘tkazilishiga qarshi chiqqan.