Tojikiston va Qirg‘iziston ziddiyati ortida nima bor?

Image copyright Askar Baimuratov
Image caption Chegarasiz chegara muammolari

11 yanvar kuni ro‘y tojik-qirg‘iz chegarasida ro‘y bergan qurolli to‘qnashuv ikki mamlakat o‘rtasida jiddiy qarama-qarshilik paydo bo‘lishiga bir bahya qoldirdi.

Ikki mamlakat chegarachilari ishtirokidagi otishma oqibatida kamida sakkiz harbiy jarohatlandi.

Bu qo‘shni davlatlar chegarasida ro‘y berayotgan ilk ziddiyat emas.

Ammo hozirga qadar, ikki o‘rtadagi "qon qizishi" bu kabi qurolli va qonli tus olmagan edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, har ikki o‘rtada sarhadlar va suv masalalari hal etilmagani so‘nggi ziddiyat zaminida yotgan asosiy sabablardandir.

Bu yechilmagan masalalar yuzasida har ikki mamlakat fuqarolari tez-tez "yoqalashib" turadilar.

Bu yoqalashishlar esa ko‘pincha huquq-tartibot xodimlari aralashuvi bilan bostiriladi.

Shuningdek, mutaxasislarga ko‘ra, chegara hududlarda demarkatsiya o‘tkazilmagani va "darvozalar lang ochiq" qolayotgani ham ayni muammolar kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Eskirib borayotgan "yangi" muammo

Image copyright BBC World Service
Image caption Har ikki tomonning da‘volari bor

Chegaralarni aniqlab olish masalasida esa ikki tomon hukumat vakillari bir necha marta uchrashishdi, maslahat va muhokama qilishdi.

Ikki davlat rahbarlari ham ayni masalani o‘zaro muhokama etdilar.

Ammo har ikki tomon ham turli mavqeini egallagani bois demarkatsiya masalasini hal etish imkonsiz bo‘lib qolayotir.

Tojikiston va Qirg‘iziston o‘zaro 900 chaqirimlik chegaraga ega.

Bu hududning aksariyati demarkatsiya qilinmagan.

Chegara chizig‘i esa o‘ta nisbiy va aksariyat holatlarda bir ko‘chadan va yo bir jamoatdan o‘tadi.

Shuning uchun ham mahalliy aholi orasida goh suv, gohida tomorqa va ba‘zan yaylovlar o‘rtasida muammolar chiqib turadi.

Har ikkala davlat ham turfa yillar nashr qilingan xaritalar asosida o‘z yerini talab qilmoqda va kuzatuvchilarga ko‘ra, bu kabi yondashuv barcha muammolarning boshidadir.

Tojikiston chegaralarni 1924-1939 yillar Qirg‘iziston esa 1958-1959 yillarda nashr etilgan xaritalar asosida belgilashni istaydi.

"Sho‘rolar davrida ayrim hududlar ikki davlatning mahalliy rahbarlari orasida ijaraga almashilib turilgan. Masalan, yaylovlar…Keyinroq esa Qirg‘iziston Oliy Soveti bu yerlarni "o‘ziniki" qilib e‘lon etgan. O‘sha payt Tojikiston rahbariyati bu haqda bilmagan ham…Shuning uchun ham ayni "o‘ziniki" qilib olishga doir biror bir hujjat imzolanmagan. Endi esa tojikistonliklar Qirg‘izistonning Sho‘ro davridagi qarorlari ustida bahs qilmoqdalar", deydi tojikistonlik siyosatshunos Sherali Rizoyev.

So‘nggi ziddiyat ro‘y bergan hududni ham har ikki tomon o‘ziniki deb hisoblaydi.

Avvalroq imzolangan davlatlararo kelishuvga ko‘ra, bu bahsli hududlarda qurilish ishlari va yo boshqa xo‘jalik loyihalari taqiqlanadi.

"So‘nggi ziddiyatga aynan Ko‘ktosh-Oqsoy-Tomdiq avtoyo‘li qurilishi qayta boshlangani sabab bo‘ldi…Bu bahsli hudud sanaladi. Shuningdek, ikki davlat kelishuvning asosiy nuqtasi ham shu haqda va ayni qurilish mavjud kelishuvning buzilishini anglatadi. Demarkatsiya yakunlanmaganiga qadar hech qanday qurilish boshlanmasligi kerak", deydi siyosiy sharhlovchi Ne‘matullo Mirsaidov

Tojikiston va Qirg‘iziston chegaralari mamlakat shimolida, So‘g‘d viloyatida joylashgan.

Bu yerda aholi juda zich yashaydi.

Qirg‘izlar va tojiklar asrlar davomida bir-biriga qo‘shni istiqomat qilgan.

Tojik qishloqlarining biqinida qirg‘iz ovullari joylashgan va yo teskarisi…

"Sho‘rolar davrida bu chegaralar nomiga bor edi, xolos. Odamlarda harakatlanish cheklovi mutlaqo bo‘lmagan… Ikki davlat fuqarolari yaylovlardan, suvdan va yerdan bir xilda foydalangan. Yer agar o‘zaro ijaraga beriladigan bo‘lsa mahalliy hokimiyat bu haqda bilardi…Sho‘rolar qulashi bilan bu tizim ham vayron bo‘ldi. Ochiq va aniqlanmagan chegaralar muammosi yaraldi", deydi Ne‘matullo Mirsaidov

Suv zahiralari masalasi

Image caption Bu galgi ziddiyatda qon to‘kildi

Bahsli hududlar umumiy chegaraning 30 foizini tashkil qiladi.

Tojikiston tomoni Qirg‘izistonni hech kimga bilintirmasdan suvni taqsimlash hududlarini egallab olgan deb hisoblaydi.

Asosan dehqonchilikka ixtisoslashgan va aholi zich istiqomat qiladigan bu hududa suv hayotiy muhim masalaga aylangan.

Sug‘orish mavsumida har ikki tomon dehqonlari taqchillikka yuz tutadilar.

Qirg‘iziston esa Tojikistonning suv taqsimoti hududlariga doir e‘tirozlarini asossiz deb hisoblaydi.

Tojikistonning eng yirik aknlavi Voruxda 35 ming aholi istiqomat qiladi.

To‘rt atrof esa Qirg‘iziston qishloqlaridan iborat.

Qirg‘iziston bu hududlarni faollik bilan egallab bormoqda.

Turfa kommunikatsion loyihalarni ishga solmoqda.

Ular orasida suv loyihalari ham bor.

Vorux 1959 yilgi xaritaga binoan anklavga aylanib qolgan.

Buni Tojikiston tomoni tan olmaydi.

Bahor va yozda suv iste‘moli o‘n marotabalab ko‘payadi va qo‘shnilar bundan norozi bo‘lishadi.

Suv taqsimoti qo‘shnilarning ziddiyatlariga sabab bo‘ladi.

Shuning uchun ham Tojikiston qo‘shimcha yo‘llar qurilishiga qarshi, chunki bu suv taqsimoti birtomonlama bo‘lib qolishini anglatadi.

Chegarabo‘yi muammolar kuchayganida qirg‘izistonliklar Vorux bilan Tojikiston hududini bog‘laydigan yagona yo‘lni yopib qo‘yishadi.

Voruxliklar nafaqat Tojikistondagi qarindoshlarini ko‘rishdan, balki oziq-ovqat mahsulotlarini keltirishdan ham mahrum bo‘ladilar.

Bu masala Dushanbeni bezovta qiladi va har qirg‘iz-tojik muzokaralarida ko‘tariladi.

Qulflangan chegaralar

Rasman viza tizimi bo‘lmagan ikki qo‘shni davlat fuqarolari bugun o‘zaro bordi-keldiga qiynalib qolishgan.

So‘nggi ziddiyat ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni taranglashtirib yubordi.

Qirg‘iziston va Tojikiston ijtimoiy tarmoqlarida yuzlab, asosan biri biriga dushmanona izohlar paydo bo‘ldi.

Masala o‘ta siyosiylashib ketdi.

Tahlilchi Esen Usubaliyevga ko‘ra, bugun Qirg‘iziston va Tojikistonga bu ziddiyatdan hech bir naf yo‘q.

"Xalqlar kelishib olishadi, ammo muammo ikki davlat rahbariyatining siyosiy irodasi bilan bog‘liq. Biz bu kabi muammolar ham ichki va ham tashqi kuchlar tomonidan ishlatilishi mumkinligini aniq tushunib olishimiz kerak", deydi Esen Usubaliyev.