Solijon Abdurahmonov yana koloniyaga jo‘natilgan

Image copyright uznews.net
Image caption Solijon Abdurahmonovga amnistiya qo‘llanilmadi

Jurnalist Solijon Abdurahmonovga amnistiya qo‘llanilishi haqidagi umidlar yana chippakka chiqqan.

Jurnalist jazo muddatini o‘tash uchun yana qamoqxonaga qaytarilgan.

Avvalroq u Toshkentdagi qamoqxonalar kasalxonasiga davolanish uchun keltirilgandi.

63 yoshli jurnalistning salomatligi nochor ekani haqida bir necha bor turfa inson huquqlari faollari va uning yaqinlari bong urishgandi.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan jurnalistni ozod qilish chaqiriqlari tinmagan bo‘lsa ham, O‘zbekiston hukumati o‘zining erkin matbuot va inson huquqlariga nisbatan yovqarishini o‘zgartirgani yo‘q.

O‘tgan yil yozida AQShlik 12 nafar senatorlar tomonidan preziden Karimovga yo‘llangan maktubda O‘zbekiston qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotgan inson huquqlari faoli va jurnalistlar ozod etilishi so‘ralgan edi.

Senatorlar mahbuslarga qo‘yilgan ayblar ortida "siyosiy sabablar" turganini urg‘ulagan edilar.

Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog‘istonda faoliyat yuritib kelgan sanoqli mustaqil jurnalistlardan biri edi. U oddiy insonlarning salomatligi, hamda Orol dengizi qurishining insoniy ta‘siri haqida maqolalar yozgan. U shuningdek, Inson Huquqlarini Himoya qilish qo‘mitasining mahalliy direktori bo‘lib xizmat qilgan.

U 2008 yil 7 iyunida endigina ta‘mirlangan mashinasini ta‘mirlash shahobchasidan olib kelayotganida militsiya tomonidan to‘xtatilgan. Militsiya uning mashinasidan giyohvand moddalarni topgan va narkotik moddalar iste‘mol qilish aybi bilan hibsga olgan.

Solijon Abdurahmonov shu kungacha ayblovlarni rad qilib keladi va militsiyaning o‘zi giyohvand moddalarni mashinasiga tashlaganiga ishonadi. Tibbiy analizlar Abdurahmonov hech qanday narkotik iste‘mol qilmaganini isbotlagach, ayblov "narkotik moddalar savdosi"ga o‘zgartirilgan va u 10 yilga qamalgan.