Londonda qamoqdagi o‘zbek adiblari kitoblari chop etildi

Image copyright none

Londonda siyosiy ayblar bilan O‘zbekiston qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tagan va o‘tayotgan to‘rt nafar taniqli shoir va yozuvchilarning asarlari o‘zbek va ingliz tillarida nashrdan chiqdi.

Unga qariyb 17 yillik qamoqdan so‘ng 2013 yil aprelida ozodlikka chiqarilgan Mamadali Mahmudov (adabiy taxallusi-Evril Turon), 2001 yilda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yerto‘lasida hayotdan ko‘z yumgan Emin Usmonning roman va qissalari, shuningdek, hozirda jazo muddatini o‘tayotgan inson huquqlari faoli, shoir va mustaqil jurnalist Dilmurod Sayyid hamda taniqli futbol sharhlovchisi va diniy-ma‘rifiy dasturlar muallifi Xayrullo Hamidovning she‘rlari kiritilgan.

"Bu tog‘lar – ulug‘ tog‘lar" deb nomlangan birinchi kitobga Mamadali Mahmudovning sovet davrida qisman e‘lon qilinib, keyinroq taqiqlangan "O‘lmas qoyalar" romani, shuningdek, "Tumanli kunlar" qissasi, marhum Emin Usmonning esa "Tomir" qissasi kiritilgan.

"Tumanli kunlar" va "Tomir" birinchi marta kitob holida chop etilmoqda.

Kitobga filologiya fanlari doktori Botir Norboy so‘zboshi yozgan.

"Mahkumlar qo‘shig‘i" nomli ikkinchi, she‘riy kitobga esa Dilmurod Sayyid va Xayrullo Hamidovlarning she‘rlari jamlangan.

Kitob Avstriyada yashayotgan taniqli o‘zbek shoiri Yodgor Obidning so‘zboshisi ostida chop etilgan.

Har ikki kitobdagi nasriy va va she‘riy asarlarning aksari birinchi marta dunyo yuzini ko‘rmoqda.

Kitobga asarlari kiritilgan barcha mualliflarga O‘zbekistonda norasmiy taqiq qo‘yilgan.