Eron uranni to‘yintirishni to‘xtatdi

Xalqaro Atom Energiyasi agentligi xabar qilishicha, Tehron Jeneva shartnomasi shartlarini bajarishga kirishib, uranni 20 foizgacha to‘yintirish amaliyotlarini to‘xtatgan.

Eron Davlat televideniyesi ham bu haqda ma‘lum qilgan.

Davlat televideniyesi xabar qilishicha, Eronning Natanz yadroviy inshootidagi uranni boyitadigan tsentrifugalar boshqa uskunalardan uzib ajratilgan.

Xalqaro agentlikning kuzatuvchilari ayni paytda Eronda turishibdi.

Eron Atom quvvati tashkiloti rahbari Ali Akbar Solihiy aytishicha, Natanz zavodidagi kaskadlarni Xalqaro Atom Energiyasi tashkiloti kuzatuvchilari uzganlar.

"Eronga qarshi joriy etilgan jazo choralarining muztog‘i erishni boshladi", deb aytgan janob Solihiy.

20 foizgacha to‘yintirilgan urandan yadroviy qurol yasashda foydalanish mumkin, bundan keyin to‘yintirilish foizi 20 ni tashkil qilgan uranini Eron "yo‘q qilishi" lozim bo‘ladi.

Va uranni 5 foizdan ortiq boyitish bilan bog‘liq hamma amaliyotlarini to‘xtatish talab qilingan.

Bugundan boshlab Eron chet elga neft-kimyo va boshqa mahsulotlarini eksport qilishni boshlashi mumkin.

Bundan Eron yillik 7 milliard dollargacha foyda ko‘rishi mumkin.

Atom loyihasi bo‘yicha Jeneva shartnomasi 2013 yil noyabrida imzolangan edi.

AQSh, Rossiya, Xitoy, Frantsiya, Britaniya va Olmoniya va rasmiy Tehron o‘rtasidagi bitim shartlari 20 yanvardan kuchga kirishi kerak edi.

Eron, shuningdek, uranni to‘yintirish uchun yangi tsentrifugalarni o‘rnatishdan voz kechish, atom ob‘ektlariga xorijiy kuzatuvchilar kirishiga ruxsat berish va qurol-yarog‘da kerak bo‘ladigan plutoniy ishlab chiqarishga ixtisoslashgan atom reaktori qurilishini to‘xtatishga rozilik bergan.

Eron Jeneva kelishuvi shartlariga qanday amal qilayotgani bir necha hafta kuzatiladi va navbatdagi muzokaralar davom etadi.