Pokiston: harbiylar o‘tirgan avtomobil portlatilgan

Image copyright AP

Pokiston shimoli-g‘arbidagi Haybar-Paxtunxva viloyatida sodir etilgan portlash oqibatida kamida 20 harbiy halok bo‘lgan va o‘nlab askarlar yaralangan.

Portlovchi moddaning kuchi juda katta bo‘lgan va qurbonlar soni oshishi mumkinligidan xavotirlar bor, deb aytgan istihborot xizmati vakili "Reuters" axborot agentligiga.

Harbiylar ma‘lum qilishlaricha, portlovchi modda askarlarni olib yurish uchun mo‘ljallangan avtomobilga o‘rnatilgan bo‘lgan.

Bu avtomobil esa ijaraga olingan bo‘lgan.

Bannudagi harbiylar qarorgohidan Shimoliy Vaziristondagi qavmlar nazoratidagi hududga borish maqsadida askarlar avtomobilga o‘tirgan paytlari portlash ro‘y bergan.

Pokiston armiyasi bayonotida 20 xavfsizlik xodimi halok bo‘lgani, 30 kishi jarohatlangani xabar qilingan.

Pokiston Toliboni ushbu portlash uchun mas‘uliyatni bo‘yniga olgan.

Tolibon ushbu hujum harakatning rahbarlaridan biri Valiur Rahmonning o‘ldirilgani uchun o‘ch olish bo‘lgan, deb aytgan.

Valiur Rahmon o‘tgan yili Amerikaning dron hujumida o‘ldirilgan.

Bundan oldin Pokiston Toliboni xavfsizlik kuchlariga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirishga va‘da bergan edi.

O‘tgan haftada Karochi shahrida bomba portlashi jangarilarga qarshi faol kurash olib borgan yuqori lavozimli politsiya zobitining umriga zomin bo‘lgan.