Rossiya: imtiyozli tartib Tojik muhojirlariga nima beradi?

Rossiya Federal Muhojirlik xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda Rossiyada taxminan 1 million 23 ming tojikistonlik mehnat muhojiri bo‘lgan.

Tojik diasporasi fikricha, Rossiya hukumati tomonidan tojikistonlik mehnat muhojirlari uchun imtiyozli tartibni joriy qilish ularning Rossiyada turishlarini soddalashtirmaydi, balki ularning ushbu mamlakatdagi holatlarini sezilarli qiyinlashtirib qo‘yadi.

Rossiya huquqni himoya qilish tashkilotlari oxirgi paytlarda Tojik muhojirlariga millatchi kayfiyatdagi guruhlarning hujumlari ko‘payganini aytadi.

O‘tgan yilning oxiri, 2014 yilning boshida Moskva, Saratov, Chita, Chelyabinsk va Perm shaharlarida 10 dan ortiq tojikning zo‘ravonlik oqibatida vafot etgani qayd etilgan.

Shuningdek Internet tarmoqlarida xorijiy ishchilar tahqirlangani aks etgan o‘nlab video lavhalar paydo bo‘lgan.

"Sova" huquqni himoya qilish markazi keltirishicha, 2013 yilda Markaziy Osiyodan kelgan 13 mehnat muhojiri o‘ldirilgan.

Muhojirlik bo‘yicha Tojik-Rossiya shartnomasi hali kuchga kirmagan va ratifikatsiya qilinishi kutilmoqda.

Muhojirlarga munosabat

"Tojik muhojirlari uchun imtiyozlar berilishi haqida e‘lon qilinishining birinchi kunidanoq tojiklarga nisbatan qator hujumlar sodir etilgan: noma‘lum kishilar Tojikistonga tegishli poyezdlarga toshlar otishgan, Rossiyadan deportatsiya qilingan tojiklarning soni oshdi, deb aytgan Rossiyadagi tojiklar ittifoqining raisi Abdullo Davlatov. Faqat Moskvaning o‘zida dekabr oyida tojik fuqarolariga nisbatan besh qurolli hujum sodir bo‘lgan".

"Biz Rossiya ommaviy axborot vositalaridagi xabarlarga qarab ham tojiklarga nisbatan zo‘ravonliklarning oshganini aytishimiz mumkin", deb qo‘shimcha qiladi Davlatov. Bizning oldimizga tojik muhojirlari kelib yordam so‘rashadi, hujumlar haqida gapirib berishadi. Ayni mehnat muhojirlarga tartiblarning o‘zgarayotgani bilan hujumlar ham oshgani haqida aytishga barcha asoslarimiz bor".

Bundan tashqari, huquq faollari ham tojiklarga munosabat yomonlashganini bildirishmoqda.

"Rossiyada xorijlik tomonidan sodir etilgan har qanday jinoyat tojiklarning ahvoliga ta‘sir qilmasdan qolmaydi, ta‘kidlaydi "ETMOS" notijorat tashkilotining prezidenti Karimjon Yorov. Jinoyatchilikka qarshi kurash boshlanadi va hech bir aybsiz tojik muhojirlari ortiga haydaladi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida imtiyozli tartib bo‘yicha kelishuv e‘lon qilinishi bilan deportatsiya qilingan tojiklar ko‘paydi. Bizning fuqarolarimizga nisbatan Rossiya hukumatining noxolis munosabatini sezish mumkin".

Dekabr oxirida Moskvaning janubi-g‘arbida tojik fuqarosining boshsiz, ko‘p sonli pichoq sanchilgan tanasi topildi.

Tojik tomoni qotillik Rossiyadagi millatchilik ruhidagi kishilari tomonidan sodir etilganiga ishonadi.

Rossiya Ichki Ishlar vazirligining nomini oshkor qilmagan vakili aytishicha, surishtiruv idoralarining taxminlaridan biri qotillikka milliy nafrat kayfiyati sabab bo‘lgan deb qaralmoqda.

Rossiya hukumati rasmiysi qidiruv siri ekanini aytib, bu haqda boshqa izoh berishni rad qilgan.

Befoyda imtiyoz

2013 yil oktyabrda rasmiy Moskva Tojik muhojirlarining Rossiyada turishlari uchun shartlarni yengillashtirishga tayyor ekanini bildirdi. Bu Tojikistondagi Rossiya harbiy bazasi haqidagi shartnomaning imzolanishi uchun shartlardan biri edi.

Ishlashga ruxsat muddatini bir yildan uch yilga oshirish hamda muhojirlarning Rossiyada ro‘yxatdan o‘tmasdan 15 kungacha turishlari mumkinligi taklif qilindi. Shu bilan birga rasmiy Dushanbe shartnoma Rossiya Dumasi tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng kuchga kirishini eslatadi.

"Muhojirlar hali bu tartibda ish boshlay olmaydi", deydi Tojikiston Mehnat vazirligi muhojirlik xizmati vakili Ibrohim Ahmadov.

Mutaxassislarning fikricha, kelishuv kuchga kirgan taqdirda ham muhojirlarga katta foyda keltirishini kutish befoyda. Kuzatuvchilar so‘zlariga qaraganda, imzolangan hujjat baribir asosiy muammolarni - ishga ruxsat olish va kvota tizimiga o‘zgartirish kiritishni hal qilib berolmaydi.

"Tojikiston-Rossiya hukumatlararo kelishuvni Tojik hukumatining katta yutug‘i deb aytib bo‘lmaydi", - deb hisoblaydi "Inson huquqlari bo‘yicha markaz" xodimi Nodira Abdulloyeva. - Rossiyada kvota tizimi mavjud ekan, muhojirlarning asosiy katta qismi bu imtiyozlardan baribir foydalana olmasdan soyada qolib ketaveradi".

Mening manzilim uy ham, ko‘cha ham emas

Federal Muhojirlik xizmatining ma‘lumotlariga asosan, 2013 yilda Rossiyada 1,23 million Tojik muhojirlari bo‘lgan. Lekin bu ro‘yxatga Rossiyaga oldinroq borgan va uni tark etmaganlar, shuningdek Rossiya-Tojik fuqaroligi borlar kiritilmagan. Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyada milliondan bir yarim milliongacha Tojik mehnat muhojirlari bor va ularning aksariyati qullarcha sharoitda yashab mehnat qilishadi.

Tojikistonda hukumatning muhojirlarga nisbatan aniq mavqei yo‘qligi tanqid qilinadi.

Ayniqsa, bu masala Rossiya-Tojik shartnomasi muhokama qilinayotgan payt o‘rtaga chiqdi. Tojik hukumatidan muhojirlarning huquqiy holatini yaxshilash uchun aniq choralar ko‘rish talab qilindi. Bugun ko‘pchilik erishilgan kelishuvga ishonchsizlik bilan qaraydi.

"Gap ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik haqida ketar ekan, Tojik muhojirlari uchun qo‘shimcha kvota berish haqida, turli savdo nuqtalarida ishlashga ruxsat, ishga ruxsatnomasiz uch oygacha Rossiyada qolish huquqi, shuningdek soliq shartlarini yengillatish kabilarni kelishib olish kerak edi", deydi Rossiyadagi Tojikistonliklar ittifoqi raisi Abdullo Davlatov.

Davlatovning so‘zlariga ko‘ra, Tojik hukumati o‘z fuqarolarining muammolaridan kam xabardor va shuning uchun ularga aniq imtiyozlar olib berolmaydi.

"Dushanbe o‘zining muhojirlarga foydasi deyarli yo‘q kelishuvi bilan aholini aldadi. Buning hammasi Prezident Rahmon guruhining noprofessional va samarasiz menejmentini ko‘rsatadi", deb aytadi Davlatov.

Tojikiston Mehnat vazirligi bu fikrlarga qo‘shilmaydi.

Muhojirlar bo‘yicha Rossiya-Tojik muzokaralari natijalarini tarixiy deb bilamiz, - deydi vazirlikning matbuot xizmati kotibi Abdullo Qodiriy. - Lekin shuni unutmaslik kerakki, Rossiya mustaqil davlat va har qanday qonunni, jumladan muhojirlik sohasida ham o‘z manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilishga haqli. Biz o‘z fuqarolarimizni ishlashga borishdan oldin aniq tayyorgarlik va mutaxassislik bilan yo‘lga chiqishlarini maslahat beramiz".

Rasmiy hisob kitoblarga qaraganda, Tojikistonlik mehnat muhojirlari xorijdan o‘tgan yil 3,8 milliard dollar mablag‘ jo‘natishgan. Bu mamlakat Yalpi Ichki mahsulotning 47 foizini tashkil qilgan. Tahlilchilarning fikricha, bu pullarsiz mamlakat jiddiy ijtimoiy o‘zgarishlarga to‘qnash kelgan bo‘lardi.