Muxolifat faoli "noqonuniy hibsda ushlab turilibdi"

Image copyright none
Image caption Himoyachisi Faxriddin Tillayevning qiynoqqa solinayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan

Shu oy boshida hibsga olingan muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakati faoli Faxriddin Tillayevning qayerdaligi noma‘lum qolmoqda.

Himoyachisi Polina Braubergning bildirishicha, uning hozirgacha mahbus bilan uchrashishni so‘rab qilgan murojaatlari javobsiz qolgan.

Brauberg xonim Tillayev qiynoqqa solinayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda ekanini aytadi.

Unga ko‘ra, hozirga qadar Tillayevga nisbatan rasmiy ayblov e‘lon qilinmagan.

42 yoshli Faxriddin Tillayev shu yilning 2 yanvarida Toshkentdagi uyida hibsga olingan.

U odam savdosida gumon qilinayotgani aytiladi.

O‘zbekiston Xalq Harakati Tillayev va u bilan deyarli bir vaqtda hibsga olingan yana bir faol - Nuraddin Jumaniyozovlarga qarshi odam savdosi bilan bog‘liq ayblovlarning to‘qib chiqarilganini aytadi.

Muxolifat tashkilotiga ko‘ra, ularning hibsga olinishi O‘zbekistondagi siyosiy repressiyalarning davomidir.

Har ikki faol o‘tgan yil sentyabrida ma‘muriy javobgarlikda ayblanib, mahkamaga tortilgan va katta miqdordagi jarimaga mahkum etilgandi.

Bunga ularning Toshkentdagi Quyluq bozoridagi mardikorlar orasida anketa tarqatayotganlari sabab bo‘lgan.

Norasmiy "Mardikorlar kasaba uyushmasi"ning ta‘sischi a‘zolari bo‘lgan Tillayev va Jumaniyozovlar mardikorlarni yig‘ib, ularga o‘z haqlari borasida tushuntirish ishlari olib borayotgan bo‘lishgan.

Advokat Polina Brauberg Toshkent shahar prokurori nomiga o‘z himoyasi ostidagi shaxsning huquqlari qo‘pol ravishda poymol etilayotaganligi yuzasidan shikoyat arizasi kiritganini ma‘lum qilgan.