Braziliya 2014: Marg‘ilonlik Akramjon aka velosipedda jahon chempionatiga bormoqchi

Image copyright uff
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Asl kasbi duradgor bo‘lgan 60 yoshli futbolsevar suhbatdoshimizning aytishicha, Braziliyaga borib, Pele va Krishtianu Ronaldu bilan ko‘rishmoqchi. O‘zi ishqibozlik qiluvchi Olmoniya milliy terma jamoasining jahon chempioni bo‘lishini ko‘rmoqchi.

"Pele, mana, yaqinda "Oltin to‘p" oldi, u kishi bilan bir borib, qo‘l berib so‘rashib, bundan avval Olmoniyada Maradona bilan uchrashganman, maqsadim - orzu havasim shu futbolchilar bilan ko‘rishish, keyin Braziliyadagi tarixiy ahamiyatiga ega joylarni ziyorat qilish", - deydi suhbatdoshimiz.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, bu - Akram aka Ma‘rufjonovning ilk bor bunga o‘xshash g‘ayriodatiy va kishining aqlini shoshiruvchi taklif bilan chiqishi emas.

U kishi 2006 yilgi jahon chempionati paytida ham mezbon Olmoniyaga velosipedda borgan va o‘zlari oilaviy bo‘lib ishqibozlik qiluvchi Myunxenning "Bavariya" klubi afsonaviy darvozaboni Oliver Kanning dastxatini ham olishga muvaffaq bo‘lgan.

Akram aka Oliver Kanning katta futboldan xayrlashuv tadbirida ham shaxsan ishtirok etib, unga o‘zbekona zarbof to‘n va do‘ppi kiydirgan birinchi va hozircha so‘nggi o‘zbekistonlik bo‘ladi.

U kishi Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatiga ham borish rejasida bo‘lganliklari, ammo o‘sha paytda qonlarida shakar miqdori biroz baland bo‘lgani uchun, tibbiy tekshiruvdan o‘ta olmaganliklarini ham aytadi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, hozir Braziliyaga borish va bu galgi niyatlarini amalga oshirish uchun lozim hujjatlarni tayyorlash harakatidalar.

Image copyright uff

Agar, hammasi ko‘ngildagidek amalga oshsa, Akram aka fevral oyi oxiri va mart oyi boshlarida duradgor hamkasbi va mahalliy jurnalistlardan biri bilan birgalikda uch kishilashib shaxsiy velosipedida yo‘lga chiqmoqchi.

U kishining aytishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan elchixonalarga kirish, chiqish va tranzit vizalar olish uchun kafolat xatini olgach, o‘z safarlarini boshlashni ko‘zlab turishibdi.

Braziliyada bo‘lib o‘tajak futbol bo‘yicha bu yilgi jahon chempionati esa, 12 iyun kuni start oladi va 13 iyulga qadar davom etadi.

Akram aka shu vaqtgacha Braziliyaga yetib olishi uchun hamrohlari bilan velosipedda qariyb 13 ming chaqirim yo‘lni bosib o‘tishi kerak bo‘ladi.

"Endi, yo‘lning qiyinchiligi bo‘ladi. Ammo, eyyy eskilarning bir gapi borki, "Jon chekmasang, jonona qayda", deydi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin bizni hozir dunyo tan olayapti. Dunyoga O‘zbekistonni yana bir bor tan oldirmoqchiman", - deydi suhbatdoshimiz.

"Buyog‘i, mana, Turkmaniston, Eron, Turkiyaga kirib, Anqaradan Braziliyaning vizasini olib, keyin Afrika tomonga yo‘l olamiz. Ummonning qirg‘og‘iga chiqib olgach, uyog‘iga kemami, bir narsada yetib olamiz".

Akram aka olisdan-olis safarlarining sarf-xarajati ham o‘zini zarracha cho‘chitmayotgani, masalaning bu tomonidan ham ko‘ngillari to‘q ekanini ta‘kidlaydi.

"Olmoniyaga ketayotgan paytimda Qizil Yarim Oy jamiyati yo‘llarda dori-darmonlar bilan, har tomonlama yordam berishgan. Keyin bir xonali kvartiramni sotib, mablag‘ qilib ketganman. Endi, Marg‘ilonimizda, Farg‘onamizda judayam ko‘p sportga qiziqadigan odamlarimiz bor. Ular yordam berishadi Xudo xohlasa, hech qanday qiyinchilik bo‘lmaydi. Nimagaki, biz yaxshi niyati bilan chiqayapmiz", - deydi u kishi.

Image copyright uff

Akram akaning aytishicha, Olmoniya milliy terma jamoasi jahon chempioni bo‘ladi, degan umiddalar va shu bois ham, Braziliyaga borgach, aynan "Burgut"larga ishqibozlik qilmoqchilar.

"Agar, Olmoniya jahon chempioni bo‘lsa, men judayam, behad xursand bo‘laman. Negaki, Olmoniya uch galdan beri juda qattiq harakat qilayapti, ammo kubokni ololmayapti. Xudo xohlasa, Olmoniya jahon chempioni bo‘ladi. Finalda Italiya bilan tushadi".

"Yana, Braziliyaga borgach, Krishtianu Ronalduni bir bag‘rimga bossam deyman", - deydi suhbatdoshimiz.

Olis yo‘lga hozirlik ko‘rayotgan suhbatdoshimizning aytishicha, Braziliyaga faqat borishda velosipeddan foydalanishmoqchi, ammo qaytishda, naqliyot vositasini tanlab o‘tirishmaydi.

"Men Vatanga kirib kelayotgan paytimdayam ko‘zimga tuprog‘ini surkab, undan keyin kiraman. Chiqib ketayotgan paytimdayam, "Shu tuproqdan meni ayirmagin", deb, duo qilib, Xudodan so‘rab, chiqib ketaman", - deydi Akram aka suhbatimiz so‘nggida.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish rejasi eng so‘nggiga kelib, chippakka chiqqan, jamoa dastlabki pley-off bosqichida har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, Iordaniyaga yengilib, bu kabi imkoniyatdan mosuvo qolgandi.

Ammo o‘zbekistonlik taniqli hakam Ravshan Ermatov o‘z guruhi bilan FIFA Hakamlar qo‘mitasining Braziliyada bo‘lib o‘tajak jahon chempionati o‘yinlarini boshqaradigan hakamlar ro‘yxatiga tushishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida bu kabi sharafga halicha erishmagan bo‘lsa ham, Ravshan Ermatov uchun bu - u hakamlik qilajak ketma-ket ikkinchi jahon birinchiligi bo‘ladi.