Mashhur skripkachi Vanessa Mey Sochi olimpiadasida qatnashmoqchi

Dunyoga mashhur skripkachi Vanessa Mey Sochi Qishki Olimpiada o‘yinlarida Tailand terma jamoasi safida tog‘ chang‘isi poygachisi sifatida ishtirok etmoqchi.

Vanessa Mey bolaligidan tog‘ chang‘i sporti bilan shug‘ullanib keladi va sport olamida otasi familiyasi ostidagi Vanessa Vanakorn nomi bilan tanilgan.

Skripkachi va sportchi Mey Olimpiada musobaqalarida qatnashish imkonini beradigan ballarni katta qiyinchilik bilan bo‘lsada, to‘plashga muvaffaq bo‘lganini uning menejeri Jayls Xolland BBCga ma‘lum qildi.

Image copyright DENIS EMERY AP

Olimpiada shartlariga binoan chang‘ichilari jahon reytingiga kira olmagan mamlakatlar sport turi yo‘nalishlarida bittadan vakilini jo‘nata oladi.

Tailandda jahon reytingining 500 sportchisi qatoriga kiradigan chang‘ichilar yo‘qligi bois, Vanessa Mey belgilangan besh yo‘nalish bo‘yicha 140 ballni to‘plashi shart bo‘lgan.

Sloveniyada bo‘lib o‘tgan musobaqalarda Vanessa Mey besh marta poygada qatnashgan.

U talab qilingan ochkolarni yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan, biroq Sochi olimpiadasi ishtirokchilari yakuniy ro‘yxati barcha ishtirokchilar taqsimoti aniq bo‘lganidan keyin e‘lon qilinadi.

Vanessa Mey 2010 yilda Sochidagi Olimpiadada qatnashish istagi borligini bildirgan.

"Men bu haqda doim orzu qilganman. Albatta men britaniyalikman, Lekin otam tailandlik bo‘lgani sababli meni Tailand terma jamoasi a‘zoligiga qabul qilishdi", deb aytgan mashhur skripkachi.