Sochidagi "qo‘shaloq hojatxona" haqida bildirilayotgan fikrlar

Image caption Sochining Biatlon Markazidagi qo‘shaloq hojatxona qizg‘in bahslarga turtki berdi

BBC muxbiri tomonidan Sochidagi Qishki Olimpiya O‘yinlari stadionlaridan birining hojatxonasida olingan suratning Twitter da chop etilishi qizg‘in bahslarni keltirib chiqargan.

Stiv Rozenberg tomonidan Sochidagi biatlon markazida olingan suratni Rossiya muxolifati vakili Aleksey Navalniy ko‘rib qolgan.

Qo‘shaloq hojatxona bo‘limi tasvirlangan suratga munosabat bildirar ekan, janob Navalniy Olimpiada o‘yingohlarini qurish uchun ajratilgan 59 milliard dollar ne qadar risoladagidek sarflanganligini savol ostiga olgan.

"Bu 1.5 milliard rubl sarflangan Sochidagi Olimpiada O‘yinlari matbuot markazidagi hojatxona", deya janob Navalniy suratni re-twit qilgan.

"Ikki hojatxonani qurish - 28 ming rubl. Olimpiya Matbuot markazi - 1.5 milliard rubl. Jahon o‘ngida sharmandalik - bebaho", deya sharx qoldirgan yana bir foydalanuvchi.

Boshqalar esa bu suratni yaqinda Rossiyada boshlanib ketgan besoqolbozlik haqidagi bahslarga bog‘laganlar.

"Bu jinsiy ozchiliklar huquqlarini qanday tushunishlarining ramzi", deya fikr bildirganlar bor.

Ikki unitaz o‘rtasida faqatgina bitta hojatxona qog‘ozi ajratilganligiga e‘tibor bergan yana bir kishi "O‘tirishdan avval qog‘oz yirtib olishni unutmang", deya kinoya bilan maslahat bergan.

Biatlon markazini qurgan shirkat vakili o‘z vaqtida Interfaks agentligiga, bu kabi inshoot "jahondagi eng yirigi va eng qulayi" ekanligini aytgandi.

Rossiyaning Ovro‘po qismida "umumiy" hojatxonalar keng tarqalmagan, lekin boshqa yerlarda uchratish mumkin", deb yozgan rossiyalik jurnalist Nikita Laxachev.

U Rossiyadagi yemakxona va sport markazlaridagi umumiy hojatxonalar suratlarini tjournal.ru websahifasida chop etgan.

BBC operatori Maks Lomakin alohida bo‘lmagan hojatxona xonalarini Qozon Universitetida ham suratga olgandi.