Yangi qonun O‘zbekistonga sarmoyadorlarni jalb qila oladimi?

Image caption Joanna Lillis O‘zbekistonda yashab iqtisodiy sharoitni tubdan o‘rgangan

O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlarning amal qilishi yengillashtirilgan. Mavjud qonunga kiritilgan yangi qo‘shimchalarga binoan, xorijiy sarmoyadorlarning O‘zbekistonga kirishi uchun viza olishi va O‘zbekistonda qolib ishlashi sharoitlari yengillashtiriladi.

Hozirgacha xorijiy fuqarolarga bir marotaba kirish huquqini beradigan viza muddati uch oy edi.

Shuningdek, yangi nizomga binoan, xorijiy sarmoyador o‘zi ishlab topgan daromaddan istagan yo‘lda foydalanishi va uni hatto mamlakatdan olib chiqib ketishi mumkin. Buning uchun u soliqlar va majburiy to‘lovlarni to‘lashi kifoya.

O‘zbekistonda xorijiy sarmoyaga ega shirkatlarga nizom jamg‘armasi 150 ming dollarda oshiq mablag‘ga ega va undagi xorijiy sarmoya 30 foizdan kam bo‘lmagan shirkatlar kiradi.

BBC O‘zbekistondagi xorijiy sarmoyalar mavzusini yaqindan o‘rgangan Olma otadagi jurnalist Joanna Lillisdan bu yangi qonunchilik O‘zbekistonga sarmoya yotqizishdan cho‘chiyotgan investorlarda ishonch uyg‘otadimi, deb so‘radi.

Lillis: O‘zbekistondagi xorijiy sarmoyadorlar bo‘yicha chiqqan yangi qonunni muhokama qilganda, avvalo bu faqat qog‘ozda bo‘ladimi yoki haqiqatdan ham sharoitlarni yaxshilaydimi degan kontekstda fikr yuritish kerak deb o‘ylayman. Fakt shuki, ayniqsa xorijiy sarmoyalar borasidagi O‘zbek qonunchiligi allaqachon qog‘ozda sarmoyadorlarning huquqlarini himoya qilib keladi. Lekin, amalda hukumatning o‘zi bu qonunchilikni buzadi. Sarmoyadorlar muntazam ravishda o‘z huquqlari toptalayotganidan shikoyat qiladilar. Yangi qonun amalda qanday ishlashini faqat kutsak, ko‘ramiz. Albatta, yangi qonun amal qilsa, sarmoyadorlarning O‘zbekistonga kirish va u yerda yashashi borasidagi viza cheklovlari yumshaydi. Bundanda muhimi, menimcha, yangi qonunda sarmoyadorlarning o‘z daromadlarini olib chiqib ketishga huquqi borligi belgilab qo‘yilgani. Yana qaytaraman, bu ham yangilik emas. O‘zbek qonunchiligiga binoan, xorijiy sarmoyadorlarning allaqachon bunday huquqi bo‘lgan. Lekin, konvertatsiya muammolari tufayli, sarmoyadorlar daromadlari muzlatib qo‘yiladi, uni hech qayoqqa olib chiqisha olmaydi va Markaziy Bank ularga valyutaga tegishlariga ruxsat bermaydi. Xorijiy sarmoyadorlar O‘zbekistonda ishlashning eng asosiy qiyinchiligi deb mana shu muammoni takror-takror aytib keladilar. Bu potentsial sarmoyadorlarni ham cho‘chitadigan jihat.

BBC: Agar haqiqatdan ham sarmoyadorlarga o‘zlari topgan daromadni istagan yo‘lda ishlatishlari va olib chiqib ketishlariga ruxsat berilsa, bu juda katta o‘zgarish bo‘lgan bo‘lardi, shunday emasmi?

Lillis: Agar bu haqiqatdan shunday bo‘lsa, juda ham katta o‘zgarish bo‘lardi, albatta. Agar sarmoyadorlar o‘zlari muhtoj bo‘lgan valyutaga qo‘llari yetib, uni xorijga olib chiqishlariga ruxsat berilsa, o‘zlari topgan daromadni valyutada olib chiqib ketishlariga ruxsat berilsa, bu butkul yangi sharoit yaratilganini anglatadi. Hozirda sarmoyadorlar har qanday valyuta, va hatto o‘zlari ishlab topgan valyutaga yetishishlari uchun Milliy Bankning juda mujmal tizimidan o‘tishlari kerak. Nazariy jihatdan, sarmoyadorlar bunga haqlilar. Lekin, amalda tog‘dek to‘siqlar bor. Biz O‘zbekistonda valyuta bilan ishlash yo‘lida yangi-yangi cheklovlar kiritilayotganiga guvoh bo‘layamiz. Shunday ekan, har qanday sarmoyador bu qonunga ishonishdan avval, u qanchalar samarali amalda ishga solinayotganini ko‘rishni xohlaydi.

BBC: Sarmoyadorlarning faoliyatiga eng katta to‘siq bo‘layotgan narsalardan biri korruptsiya emasmi? Gulnora Karimova twitlarida ham hukumat idoralari sarmoyadorlarga reydlar o‘tkazib, bizneslarni tortib olishlari da‘vo qilindi. Bu idoralar hali ham amal qilayapti. Hukumat eng katta xavfni bartaraf etmayapti aftidan, u ham bo‘lsa korruptsiya xavfi...

Lillis: Bu yaxshi fikr. O‘zbek hukumati aftidan xorijiy sarmoyadorlar muammolarini yechishda kichik qadamlar qo‘yayapti. Lekin, siz aytgandek, korruptsiya juda muhim masala bo‘lib qolayapti, va hukumat korruptsiyani yo‘q qilish yoki xorijiy sarmoyadorlar bizneslarining tortib olinishini bartaraf qilish yo‘lida hech nima qilmayapti. O‘tgan bir necha yil ichida o‘zbek hukumati bilan chiqishmay qolgan yirik g‘arb sarmoyadorlari bizneslari egallab olindi. Bunga o‘z mulkini yo‘qotgan MTS misol, Oksus Gold hali ham xalqaro mahkamada O‘zbekiston bilan sudlashib kelayapti. Shunday ekan, yangi qonunlar yozilishi hech nima anglatmaydi, vaziyat qachonki ana shu qonunlar amalda ishga solinsa o‘zgaradi, xolos.

BBC: Prezident Islom Karimovning kuni-kecha yil yakunlariga bag‘ishlab qilgan dokladida O‘zbekistonga kiritilgan bevosita xorijiy sarmoya 2013 yilda 2,8 milliard dollarni tashkil qilingani aytildi. O‘zbekistonday mamlakat uchun bu ko‘pmi yo kammi?

Lillis: Minerallarga boy O‘zbekiston uchun bu kabi 2,8 milliard dollar ham ko‘p va ham kam deb da‘vo qilish mumkin. O‘zbekiston potentsiali jihatidan xalqaro sarmoyadorlar uchun ohanrabo. Chunki unda tabiiy zahiralar mo‘l, u Markaziy Osiyoda eng katta aholiga ega, hamda unda mahsulot ishlab chiqarish uchun qulay katta bozor bor. Lekin, xorijiy sarmoyadorlar juda-juda qo‘rqishadi O‘zbekistonga kirishdan, bunga sabablarni tepada keltirdim. Konvertatsiyaning yo‘qligi, valyutani olib chiqishning qiyinligi, korruptsiya va hokazo. Prezident nutqida yangragan 2,8 milliard dollar ko‘rsatkichiga kelsak, men u biroz ko‘pirtirib ko‘rsatilgan degan bo‘lardim. Chunki oxirgi paytda masalan yirik G‘arb shirkatlari o‘zbek bozoriga kirib borganini eshitmadik. G‘arb shirkatiga oid oxirgi yangilikka binoan, Tetis Petrolium O‘zbekistondan chiqib ketdi. Shunday ekan, bu ko‘rsatkich haqiqatmi yo yo‘qligi aytish qiyin.

Your contact details
Disclaimer