Qirg‘iz-Xitoy chegarasida otishma ro‘y berdi

Image caption Yaqinda Tojikiston bilan chegaradagi vaziyat keskinlashgani xabar qilingandi

Qirg‘iziston hukumati Issiqko‘l viloyatining Xitoy bilan chegaradosh hududida ro‘y bergan otishma ortidan favqulodda qarorgoh tashkil qilgan.

Mazkur guruhga Bosh vazirning xavfsizlik, huquq-tartibot va chegara masalalari bo‘yicha o‘rinbosari To‘kon Mamitov rahbarlik qilmoqda.

Qirg‘iziston tuprog‘ida noqonuniy paydo bo‘lgan noma‘lum qurollilar masalasi hukumat favqulodda yig‘ini muhokama etilgan.

"Biz hamon o‘z hududimizga bostirib kirganlar kimligini bilmaymiz", deb aytgan To‘kon Mamitov.

Mamitovning so‘zlariga ko‘ra, hukumat maxsus yig‘ini natijalari va qarorlari bugun e‘lon qilinadi.

Hozircha, hukumat Qirg‘iz-Xitoy chegarasidagi mojaroga bog‘liq alohida bayonot e‘lon qilmagan.

Otishma

Davlat chegara xizmati ijtimoiy aloqalar bo‘limiga ko‘ra, hodisa bugun ertalab Xitoy bilan chegaraga tutash hududdagi "Oq-Shiyrak" chegara nuqtasi atrofida yuz bergan.

Ma‘lum qilinishicha, avvalroq noma‘lum shaxslar Issiqko‘l viloyati Ovchilar jamg‘armasi rahbari Aleksandr Barikinni o‘ldirib, miltig‘ini olib ketishgan.

Hodisa joyiga chegarachilar yetib borisharkan, ularga qarata qurollilar tarafidan o‘q uzilgan.

Oqibatda qurolli guruh tarkibida bo‘lgan ikki shaxs otib o‘ldirilgan. Ammo, jarohatlanganlar va halok bo‘lganlar soni borasidagi ma‘lumotlar hamon aniq-ravshan emas.

Ayni paytda rasmiylar "ekstremistlar" va "bo‘lginchilar" deya ta‘riflayotgan shaxslarni "qo‘lga olish" yoki "yo‘q qilish"ga qaratilgan amaliyotlar uchun hodisa joyiga Chuy chegara xizmatining maxsus bo‘linmasi yo‘llangan.

Issiqko‘l viloyati tibbiyot idorasining ma‘lum qilishicha, Jeti-O‘g‘iz tumanidan mojaro ro‘y bergan joyga tibbiy tez yordam mashinasi jo‘nab ketgan.

Viloyat hokimi Emilbek Kaptagayev va boshqa rasmiylar ham hodisa joyiga yo‘l olganlari xabar qilinadi.

Rasmiy ma‘lumotga binoan, qurollilar hamon "Pikertik" isinish maskanida yashirinib olishgan.

Hozir ular Qirg‘iziston chegarachilari qurshovida ekanlari va hozir taslim bo‘lish borasida muzokara olib borilayotgani haqida xabar qilinadi.