Namangan mahkamasining hukmi internet ustidan nazoratni qonuniylashtiradimi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Namanganda hukumatga qarshi varaqalar tarqatishda aybdor deb topilib, 8 yilga mahkum etilgan Qudratulla Rasulovning himoyachisi mahkama xukmidan shikoyat etgan.

43 yoshli mahalliy tadbirkor o‘tgan yil oxirida internetda xorijdagi muxolifat faollari bilan muloqot qilgani tufayli hibsga olingani xabar qilingandi.

Namangan shahar sudi 27 dekabr kuni Rasulovni 8 yillik qamoq jazosiga mahkum etganidan yaqinlari keyinroq xabar topishgan.

Sud materiallarida Rasulovning muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakatiga tegishli materiallarni tarqatgani aytiladi.

Dastlabki xabarlarda maxsus xizmatlar Rasulovning internet muloqotlarini kuzatgani, uyining yaqiniga maxsus jihoz o‘rnatib, jumladan, Skype dagi aloqalarini qayd etgani aytilgandi.

Rasulovni yaqindan tanigan namanganlik jurnalist Nosir Zokirning BBCga aytishicha, bu narsalar sud materiallarida ashyoviy dalil sifatida keltirilgan.

Jurnalistga ko‘ra, o‘zbek maxsus xizmatlari fuqarolarning internetdagi faoliyatini kuzatib borishi yangilik emas, ammo Rasulov ustidan mahkama maxsus xizmatlarning josuslik amaliyotlarini fosh etgani bilan ham ahamiyatli.

Uning aytishicha, O‘zbekiston ichkarisida internetda faol bo‘lgan muxolifat va fuqaro jamiyati a‘zolari talaygina, ammo Qudratulla Rasulov ehtiyotsizlik qurboni bo‘lgan.

Ammo ayni paytda Nosir Zokirga ko‘ra, Qudratulla Rasulov muxolifat tashkilotiga tegishli materiallarni fuqarolarga ochiq tarqatgan.

"Men o‘sha odamlarning ba‘zilari bilan suhbatlashdim va ular materiallarni Qudratulladan olganliklarini tasdiqlashdi", - deydi namanganlik tadbirkorni yaqindan tanigan jurnalist.

"Demokratik jamiyatda internetdagi materiallarni tarqatish odatiy hol, ammo bizning O‘zbekiston qonunlari bo‘yicha bu jinoyat deb talqin qilinadi", - deydi Nosir Zokir.

Unga ko‘ra, Namangan mahkamasining hukmi O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilarini yanada hushyorroq bo‘lishga undaydi.