Tojikistonlik mehnat muhojiri kundaligidan - yettinchi hikoya

Image caption Farrosh bo‘lib ishlayotgan tojikistonlik muhojirlar...

Moskvadan uyga qaytayotganimda onajonimning diydorlariga to‘yaman, uzoq-uzoq, to‘yib-to‘yib suhbatlashaman, ishlariga qarashaman, ana undan keyin qolgan vaqtda do‘stlarim, qarindoshlarim bilan gurunglashaman, deb o‘ylagandim.

Qishlog‘imda bo‘lgan vaqtimda hech kim bilan, hech bir narsa bilan ishim bo‘lmasligiga, atrofda yuz berayotgan voqealarga, yumshoq qilib aytganda, butunlay e‘tiborsiz bo‘lishga ahd qilgandim.

Lekin bir jamiyatda butunlay yashaysanmi, muvaqqat yashaysanmi, beparvo yashash mumkin emasligini yana bir marta tan oldim. Xuddi shunday Moskvada yashab-ishlab yurganimda ham baribir u yerda yuz berayotgan ayrim voqealardan quvonardim, ayrim hodisalardan ranjirdim.

Bu voqea-hodisalar menga va Rossiyadagi boshqa yurtdoshlarimga aloqador, tegishli bo‘lish-bo‘lmasligidan qat‘iy nazar quvonganimda bu quvonchimni boshqalar bilan o‘rtoqlashardim, kuyinganimda kechalari uyqum qochardi…

Ayb moshdami, toshdami, nizo chiqmasin

Shu kunlarda qishlog‘imizda, Xo‘jandda to‘rt kishi to‘plansa, suhbat mavzui qo‘shni Qirg‘iziston bilan munosabatlarga borib taqaladigan bo‘lib qoldi. Hatto, Rossiya mavzui ham ikkinchi darajali bo‘lib qoldi.

Matbuotda yozishlaricha Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasidagi notinchlik ikki mamlakat chegarachilari orasidagi otishmadan boshlangan. Ana kecha Sug‘d viloyati hukumati raisi Abdurahmon Qodiriy jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot yig‘inida shu mavzudagi savolga javob berayotib aslida Qirg‘iziston tomondan yigirma chog‘li qurolli Tojikiston hududiga, yetmish metrcha ichkariga kirib kelganini aytdi.

Uning gapiga qaraganda, agar bor-yo‘g‘i besh nafar bo‘lgan tojik chegarachilari bir tepalik ortiga yashirinib olish-maganda ularning hammasi otilgan o‘qlardan halok bo‘lishlari mumkin ekan. Bu haqda og‘ir yaralanib, hozirda davolanayotgan chegarachi yigit ham batafsil aytib bergan.

Viloyat hukumati raisi Tojikiston tarafda hech qanday ayb yo‘qligini aytar ekan, ayni bir paytda ikki qo‘shni mamlakat orasida hech qachon nizo kelib chiqmasligiga jurnalistlarni ishontirishga harakat qildi. U voqea yuz bergan joyda bo‘lganini, Botkenda bu viloyatning raisi bilan uchrashuv iliq o‘tganini aytdi.

"Men Botken viloyati raisiga, u menga to‘n kiydirdik", dedi Abdurahmon Qodiriy.

"Bilmadim, ayb moshdami, yo toshda, ishqilib ikki orada hech bir nizo chiqmasin", deydilar mashinalarida qirg‘izistonliklarni ham manzillariga tez-tez olib borib-kelishlarini aytgan akam.

Bir yoqda ko‘mir qimmatladi, ikkinchi tomonda unning narxi oshgan

Lekin hukumatdorlar tez bartaraf etiladi, deya hisoblanayotgan chegaradagi nizo har ikki tarafdagi oddiy odamlarni tashvishga solib qo‘ydi. Ko‘p yerlarda chegara yopib qo‘yildi.

"Men Isfaraning Chorko‘ qishlog‘iga yuk tashiyman. Chorko‘ga Qirg‘izistonga qarashli kichkinagina Qorabog‘ qishlog‘idan o‘tib borib-kelardik. Endi qishloqqa kirish-chiqish yo‘llari to‘sib qo‘yilgan. Hozir Tojikistonning boshqa qishloqlaridan aylanma yo‘llardan o‘tib boryapmiz. Bu yo‘llarda yurish oson emas", deydi bizdan bir ko‘cha narida turadigan KamAZ mashinasi haydovchisi.

Bizga ko‘mir asosan Qirg‘izistonning Sulukta shahridan tashib kelinardi. Yangi yilga kelib narxi tushib borayotgan ko‘mir o‘tgan hafta keskin qimmatlashib ketdi. "Uch kunda ko‘mir narxi bir yarim baravar ko‘tariladimi, jiyan", deydilar tog‘am bosh qashib.

Yangi yilga yaqin so‘qimga boqqan mollarini sotgan qo‘shnim o‘tgan hordiq kuni mol olish maqsadida bozorga chiqibdi. "Quruq qaytdim. Mol narxi ko‘tarilganiga hayron bo‘ldim. Chunki bu yil xashak bulturgi yildagidan ancha arzon. So‘rab-surishtirsam, Qirg‘izistondan mol o‘tkazmay qo‘yishibdi", yozg‘iradi qo‘shnim.

Qirg‘izistonda esa unning narxi ko‘tarilib ketibdi. Birdaniga uchdan birga oshibdi. Hozir Xo‘jand atrofida, Qayroqqumda tegirmonlar soni ko‘payib ketgan. Tojik ishbilarmonlari Qozog‘istondan vagon-vagon bug‘doy olib kelib, tegirmonlarda yanchishadi. Ana shu tegirmonlarda tayyorlangan unni qo‘shni qirg‘izistonliklar ham olib ketishardi. Tojikistonlik un sotuvchilar xaridor ko‘payib, mahsulotlari o‘tayotganidan, qirg‘izistonliklar arzon un olayotganliklaridan xursand edilar…

"Nega o‘tding, qanday o‘tding?"

"Nima balo, eng yaxshi qo‘shnimiz bilan bordi-keldilarimizga ko‘z tegdimi", deydilar onam.

To‘g‘ri, ilgarilari ham goh Qirg‘iziston fuqarolari, goh chegarachilari bilan bizning fuqarolarimiz yo chegarachilarimiz orasida mojarolar bo‘lib turardi. Ko‘pincha mojaro yo yer, yo suv ustidan kelib chiqardi. Akamning aytishlaricha hali SSSR bo‘lgan paytda ham suv ustidan ikki orada janjal kelib chiqqan, o‘shanda bir o‘smir halok bo‘lgan, bir necha odam yaralangan ekan.

Lekin, menimcha, baribir bu yaqin orada eng shaffof va tinch chegara Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasi sanalardi.

Uzun yo‘lning bir tomonida Tojikiston qishlog‘i, ikkinchi tomonida Qirg‘iziston ovuli. Tojikistondan yuradigan "marshrutka" - yo‘nalishli taksi mashinalari Qirg‘iziston ovuliga kirib, u yerlik yo‘lovchilar og‘irini yengil qiladi. Shundaygina yo‘l yoqasidagi qirg‘izlarning mol bozorida savdoni pishitgan tojikistonliklar qo‘y-mollarni olib ketaverishadi.

Tojikiston bozorlarida oq qalpog‘i bilan ajralib turgan qirg‘izistonliklar bemalol istagan narsalarini sotib olib, uylariga olib ketishadi.

Tojikiston yo‘llarida Qirg‘iziston mashinalari, Qirg‘iziston yo‘larida Tojikiston mashinalari emin-erkin harakat qilishadi…

Ana endi chegara qattiq ko‘riqlanmoqda. Ayniqsa, Qirg‘iziston qishloqlari orasidagi bizning Vorux anklavimiz aholisi Isfara shahri, viloyat markazi -Xo‘jand, boshqa manzillarga bordi-keldiga qattiq qiynalmoqda.

Qirg‘iziston mashinalari Tojikistonga, Tojikiston mashinalari Qirg‘izistonga qo‘yilmayapti. Tojikistonga qirg‘izistonliklarning, Qirg‘izistonga tojikistonliklarning o‘tishlari qiyinlashgan. Chegaradan o‘tganlar ham to‘xtatilib, "nega o‘tding, qanday o‘tding", qabilida so‘roqqa tutilmoqda…

Men bu gaplarni kundaligimga yozar ekanman, mojaroning asil sabablari aniqlanib, aybdorlar jazolanishiga, ikki oradagi anglashilmovchilik tezda bartaraf etilishiga, munosabatlar yana avvalgi izga tushishiga ishonaman.

Ishonaman va onamlarning "Qo‘shni bilan kichikmi, kattami janjal yaxshilikka olib bormaydi. Xudoyim insofsizlarga insof bersin!", degan duolariga qo‘l ochaman.

Umid