Yarim million kollej bitiruvchisi ham qog‘ozda ish bilan ta‘minlanganmi?

Image caption Yuqoridan kelib tushgan buyruqqa binoan, kollej-ish beruvchi-o‘quvchi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzilishi talab qilinmoqda

2013 yil yakunlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston hukumati majlisida Prezident Islom Karimov qilgan ma‘ruzada 500 mingdan ortiq kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilari ish bilan ta‘minlangani qayd etildi.

"Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta‘minlash bo‘yicha mintaqaviy dasturlarning amalga oshirilishi natijasida 2013 yilda qariyb 970 ming kishi ish bilan ta‘minlandi. Bu ish o‘rinlarining 60,3 foizdan ortig‘i qishloq joylarda yaratildi. Bu borada kichik korxonalar, mikrofirmalar va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish evaziga 480 mingdan ortiq, kasanachilikni kengaytirish hisobidan esa 210 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etildi", deb aytgan Prezident Islom Karimov.

"O‘tgan yili biz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lmish kasb-hunar kollejlarining 500 ming nafardan ortiq bitiruvchisi ish bilan ta‘minlandi va aytish joizki, buning ahamiyatini baholashning o‘zi qiyin. O‘z xususiy ishini ochib, biznes bilan shug‘ullanishga qaror qilgan kollej bitiruvchilariga 140 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli mikrokreditlar ajratildi", deyiladi O‘zbekiston prezidenti ma‘ruzasida.

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekiston hukumatining kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlarni ish bilan ta‘minlash maqsadini ko‘zlagan siyosati ham joylarda "yuqoriga talab qilingan hisobotni berish tadbiri"ga aylantirilmoqda.

Uznews.net web-sayti xabar qilishicha, O‘zbekiston Oliy va o‘rta-maxsus ta‘lim vazirligi mamlakatdagi kollejlarga bitiruvchilar ishga joylashishi haqida kafolat xatini keltirmaguncha, ularga diplom bermaslikni buyurgan.

Xabarlarga ko‘ra, kasb-hunar kollejlarining yuqori kurs talabalari 2014 yil boshidan ish kontraktlari va kafolat xatlarini qidirish bilan mashg‘ullar.

Uznews.net web-sayti Toshkentdagi kasb-hunar kolleji talabasi Shamil Nurullayevdan iqtibos keltiriladi.

"Sakkizta firma va davlat muassasasiga qo‘ng‘iroq qildim, lekin hech kim meni ishga joylashtirish mas‘uliyatini o‘z bo‘yniga olgisi kelmayapti" deydi Shamil.

U, shuningdek, ko‘plar qatori endi bu kabi kafolat xatini pulga sotib olishi kerakligini aytadi.

Shamilning aytishicha, eng asosiysi, u shu kabi kafolat xatini olib kollejiga olib borib berishi shart, lekin undan so‘ng nima bo‘lishi bilan hech kimning ishi yo‘q.

Uning o‘zi o‘qishni bitirgach, Rossiyaga ishlash uchun ketishga tayyorlanayotganini aytadi.

Uznews.net xabarida qishloq joylaridagi kasb-hunar kollejlari talabalari uchun ish topish undan-da qiyinligi yoziladi.

BBC ushbu mavzuni o‘rganish maqsadida O‘zbekistonning bir necha viloyatlaridagi kasb-hunar kollejlari xodimlari, kollej o‘quvchilari bilan suhbatlashdi.

Kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari bu xabarlarni tasdiqlashdi.

Haqiqatdan ham yuqoridan kelib tushgan buyruqqa binoan, hozirda kollej-ish beruvchi-o‘quvchi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzilishi lozim.

Bu shartnomaga ish beruvchi shirkat yo korxona imzo chekkandan keyingina, talaba o‘z diplomini olishi mumkin.

Agar ish beruvchi topilmasa, talabaga diplomidagi baholar ko‘rsatilgan ilova berilmaydi.

Poytaxt Toshkent va chekka hududlardagi vaziyat biroz farq qiladi.

BBC gaplashgan suhbatdoshlardan biri yashaaydigan tumanda hamma bosim kasb-hunar kolleji o‘quvchilari emas, balki o‘qituvchilariga tushayapti.

O‘qituvchining aytishicha, talabalarning ishga joylashishi yuqoridan o‘ta qattiqqo‘llik bilan buyurilgan va agar bu amalga oshmasa, kollej direktorlari ko‘p muammolarga yuz tutishlari mumkin.

Shunday ekan, kollej direktorlari o‘qituvchilar zimmasiga yuklagan bu mas‘uliyatni.

BBC bilan suhbatlashgan muallim hamma hamkasblari qatori, o‘ziga ham 10-15 talabaga ish topish majburiyati yuklatilgan.

O‘qituvchi ishdan keyingi soatlarida shirkatma-shirkat, idorama-idora yurib, "talabamni ishga oling", "shartnomaga qo‘l qo‘yib bering" deb yalinishi kerak.

Ba‘zi hollarda talabalarning o‘zlari ish topishlari mumkin, lekin bu kamdan kam holda yuz beradi.

Oxirgi yillarda millionlab o‘zbekistonlikning kundalik hayotiga yetgulik mablag‘ topish maqsadida xorijga chiqib ketgani O‘zbekiston hukumatining iqtisodiy siyosati oqibati ekani bot-bot tilga olinayapti.

Hukumat o‘z fuqarolarining ish bilan ta‘minlanmagani ijtimoiy beqarorlik omillaridan bo‘lishi mumkinligini yaxshi anglab yetgan.

Shuning uchun ham bandlik siyosatiga e‘tibor kuchayganini ko‘rish mumkin.

Biroq idoralar, banklar va shirkatlar "kasb-hunar kollejining bitiruvchisini ishga olaman" degan mazmundagi hujjatga imzo chekishga chekishadiyu, aslida keyin nima bo‘lishini hech kim tekshirmaydi.

Tekshiruvlar o‘tkazilganda esa, masalan moliya fakultetini tugatgan o‘quvchini ishga olaman deb kafolat bergan bank "ikki oydan keyin bo‘shatib yubordik" deb izoh berishi mumkin.

Aslida talaba u yerda umuman ishlamagan bo‘ladi.

Shunday ekan, bularning ko‘pi qog‘ozda yuz berayapti.

O‘zbekiston davlat statistika idoralari ishsizlikni kam qilib ko‘rsatish uchun korxonalardagi ishchilar sonini qo‘shib yozishlari oddiy holga aylangani haqida BBC avval xabar qilgan edi.

Aftidan qancha ko‘p ixtisoslikka mo‘ljallangan kasb-hunar kollejlari qurilganiyu-har yili bu kollejlarni qancha o‘quvchi bitirib chiqayotgani va bu bitiruvchilarning qancha ko‘p sondagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar yoki idora-tashkilotlarga ishga joylashtirilgani masalalarida ham O‘zbekistonda shunga o‘xshash manzara, ya‘ni soxta statistika.