Qirg‘iz-Xitoy chegarasida o‘ldirilgan 11 kishi Uyg‘urlarmidi?

Қирғиз чегара қўриқчилари

Qirg‘iziston rasmiylariga ko‘ra, Xitoy chegarasiga yaqin joyda noma‘lum jinoiy guruhning 11 a‘zosi o‘ldirilgan.

Qirg‘iziston chegara xizmati boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Raimberdi Duysenbayevning BBCga aytishicha, birinchi bo‘lib qurollangan shaxslar Issiqko‘l viloyatidagi ovchilik bo‘limi rahbarini o‘ldirganlar.

Janob Duysenbayev so‘zlariga ko‘ra, mamlakat shimoli-g‘arbidagi hududda qurolli guruh a‘zolari portlovchi moddalarni ishga solganlar va ayrim binolarga o‘t qo‘yganlar.

"Biz olgan axborotga ko‘ra, Pikretik hududidagi harbiy bazaga 10-12 ta noma‘lum shaxslarni ko‘rishgani haqida chegara qo‘riqchilariga ma‘lumot kelib tushgan", deb aytdi Qirg‘iziston chegara xizmati boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Raimberdi Duysenbayev.

Hodisa joyiga yetib borgan harbiylar guruh 11 kishidan iborat ekanini aniqlagan.

"Noma‘lum guruh ovchilik bo‘limi rahbarini pichoqlab o‘ldirgan", deb aytgan Qirg‘iz chegara xizmati rahbari.

Janob Duysenbayevga ko‘ra, o‘rtada otishma kelib chiqqan va guruhning ikki a‘zosi o‘ldirilgan.

"Guruh bino ichkarisiga kirib yashiringan. Tez orada 10 chegara qo‘riqchisi yetib kelgan va guruhning qolgan to‘qqiz a‘zosiga taslim bo‘lish buyrug‘ini bergan. Biroq ular bunga o‘q otish bilan javob qaytargan va shundan keyin ular yo‘q qilindi", deb aytgan Rayimberdi Duysenbayev.

Janob Duysenbayevning aytishicha, dastlabki tergov xulosalariga ko‘ra, qurollangan shaxslar qo‘shni Xitoydan Qirg‘iziston hududiga o‘tgan etnik Uyg‘urlar bo‘lishi mumkin.

Lekin bu da‘voni mustaqil manbadan tasdiqlatish imkonsiz.

Ayrim xabarlarda bu odamlar brakonerlar yoki noqonuniy giyohvand moddalar tashish bilan shug‘ullanadigan odamlar bo‘lishlari mumkinligi xabar qilinmoqda.