Suriya Jeneva muzokaralarini tark etish bilan tahdid qilmoqda

Image copyright AFP
Image caption Valid Muallim va u yetakchilik qilgan hay‘at muzokaralarni tark etish bilan tahdid qilgan

Suriya hukumati hay‘ati shanba kuniga qadar "jiddiy" muloqot boshlanmas ekan, Jenevadagi muzokaralarni tark etishini bildirgan.

Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim BMT muzokarachisi Lahdar Brahimi bilan muloqoti ortidan Suriya davlat matbuoti orqali chiqargan bayonotida bildirgan.

Janob Brahimi juma kuni tushlikdan keyin Suriya muxolifati bilan alohida uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda.

Muxbirlarga ko‘ra, ikkala tomon ham turli mavqe‘da bo‘lgani uchun muzokaralarda avval boshdan ilgarilash kuzatilmayotir.

BMTga ko‘ra, Suriyada uch yildan buyon davom etayotgan mojaroda 100 mingdan ziyod inson halok bo‘lgan.

Zo‘ravonliklar tufayli yana 9,5 million inson o‘z uy-joylarini tashlab chiqqan.

Bu holat Suriya ichkarisi va qo‘shni davlatlarda yirik bo‘hronni yuzaga keltirgan.

Tisarilish

Bugun Jenevada boshlangan anjumanning uchinchi kunidir.

Dastlab ikki taraf uchrashuvi tashkillashtirishi kutilgan edi, biroq keyinchalik BMT muzokarachisi ular bilan alohida-alohida muloqot o‘tkazishi ma‘lum bo‘lgan.

Ikkala tomon ham bir-birini muloqotdan tisarilishda ayblaydi.

Suriya hukumati hay‘ati muxolifat rahbari Ahmad Jabra bergan bayonotdan shikoyat qilganlar.

Bayonotda Ahmad Jabra prezident Bashar al-Assad va uning rejimi "siyosiy murda" ekani va Suriya kelajagida ular uchun o‘rin yo‘qligini bildirgan.

O‘z o‘rnida muxolifat Suriya hukumati bir yarim yil muqaddam tayyorlangan Jeneva shartnomasini imzolamas ekan, u bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazmasligini aytgan.

Mazkur shartnomaga ko‘ra, Suriyada o‘tish davri hukumati ta‘sis etilishi lozim.