O‘zbek tadbirkorlarining Bosh vazirga to‘g‘ridan to‘g‘ri shikoyati samara beradimi?

Image copyright none

O‘zbek tadbirkorlari muammolarin yuzasidan Bosh vazir va davlat soliq qo‘mitasi rahbariga shikoyat qilishlari mumkin. Bu haqda gazeta.uz sayti xabar bergan. Nashrga ko‘ra tadbirkorlar yuqori lavozimli mulozimlarga yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bo‘lmish my.gov.uz sayti orqali chiqishi mumkin.

Mutaxassislar ushbu xizmatlarning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonda boshqaruv tizimining yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganidan darak berishini ta‘kidlashmoqda.

Davlat portalida yo‘lga qo‘yilgan yangi xizmat ko‘rib chiqish muddatlarini asossiz cho‘zish, kredit yoki yer uchastkalarini ajratish tartiblarini buzish, tez tez tekshirishlar va boshqa moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashishlar kabi muammolarni hal etishga qaratilgan.

Shikoyatlarni aynan Bosh vazir yoki maxsus komissiya ko‘rib chiqishi haqida biror izoh berilmagan. Biroq ular tegishli ravishda albatta ko‘rib chiqilishi va chora ko‘rilishi aytilgan.

O‘zbekiston fuqarolik jamiyatini o‘rganish instituda katta ilmiy xodim bo‘lib ishlagan, hozir Frantsiyada istiqomat qiluvchi tahlilchi Kamoliddin Rabbimov hukumat tadbirkorlar sinfini yaratmasdan rivojlanib bo‘lmasligini anglab yetganini aytadi.

"O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotni ta‘minlashning yagona yo‘li jamiyatning o‘zida boylik ishlab chiqarish, uni shakllantirish malakasini rivojlantirish maqsadida qilinayotgan ishlar. Tadbirkorlar sinfini imkon qadar mustaqil, barqaror va imkon qadar qudratli sinfga aylantirish harakatlari yotibdi".

"Bosh vazirga murojaat mexanizm va yechim emas"

Biroq ushbu tashabbusni muhokama qilgan Twitter foydalanuvchilarga uning samaradorligini savol ostiga olishgan.

"Normal davlatlarda Bosh vazirga, Davlat soliq qo‘mitasi raisiga, v.h.k chinovniklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shikoyat bilan murojaat etishga hojat yo‘q. Chunki konflikt holatlarda bu borada har ikki tomon odatda sudga murojaat etadi yoki matbuot mavzuni ko‘tarib chiqadi. Bosh vazir va vazirlarga bevosita murojaat - bu mexanizm va yechim emas", - deydi Twitter foydalanuvchilaridan biri.

Unga ko‘ra bundan oldin ham O‘zbekistonda ishonch telefonlari tashkil qilingan, biroq ular turli sohalarda adolatsizlikka barham bermagan, korruptsiya ozaymagan.

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimov ushbu fikrlarga qisman qo‘shilmasligini aytadi. Uning ta‘kidlashicha, 90 yillarning oxiri bilan solishtirganda hozir tadbirkorlarga nisbatan adolatsizlik qisman kamaygan.

"Ya‘ni o‘sha pa ytlari Ichki ishlar vazirligi ichidagi va MXXga qarashli korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘limlari biror muammolarsiz tadbirkorlarni talash hollari juda ko‘p bo‘lgan. Hozir davlat kuch ishlatar tizimlarida ma‘lum bir ehtiyotkorlik shakllangan. O‘zining xavfsizligi va amalida qolishini o‘ylayotgan kuch ishlatar tizim, hokimiyat va soliq idoralari xodimlari o‘ylab ish qilishga majbur bo‘ladi. Korruptsiya bu sohada butunlay yo‘q bo‘lgani yo‘q, lekin oldingi ko‘lamda ham emas".

Toshkentdan tadbirkorning aytishicha, hozir ushbu soha odamlari duch kelayotgan muammolar aynan tepadan buyruq asosida qilinayotgan muammolardir.

"Mahalliy boshqaruv organlari tomonidan har xil hashar, turli ommaviy safarbarlik, vakolatlariga kirmaydigan – ko‘cha tozalashishlariga odamlarni jalb qilish muammolari bor. Ularga ham buyruq tepadan keladi, biror samara berishiga ishonmayman", - deydi toshkentlik tadbirkor.

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimov O‘zbekistonda tadbirkorlar hamon faoliyatda mustaqil emasligini, ushbu masalaga erishi dolzarb bo‘lib qolaverishini aytadi.

"Bir tomondan tadbirkorning mustaqilligi ta‘minlanishi kerak. Faoliyatini imkon qadar o‘zining biznesini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Lekin bugungi kunda O‘zbekistonda tadbirkorlar to‘laqonli bir ijtimoiy qatlam emas va joriy tizimda ularning sof ma‘nodagi mustaqilligi ancha qiyin masala bo‘lib qolaveradi".

Your contact details
Disclaimer