Bitta yo‘lbars ikki haftaning o‘zida uchta ayolni yeb qo‘ydi

Image copyright BBC World Service

Ha, hodisa yana Hindiston janubida yuz bergan. Mas‘ullarga ko‘ra, "odamxo‘r" yo‘lbars bu gal Tamil Nadu shtati Ootu shahri yaqinidagi Dodda Betta o‘rmonzor hududida paydo bo‘lgan.

Uni ushlash uchun yaqin-atrofdagi qishloqlar va choy plantatsiyalarida oltmishdan ortiq kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan.

45 ga yaqin maktablar yopilib, mahalliy aholiga tashqariga chiqmay, o‘z uylarida o‘tirishlari aytilgan.

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, shuncha sa‘y-harakatlari ortidan, o‘rmonchilar vahshiy yirtqichni shu chorshanba kuni o‘rmon ichkarisida otib o‘ldirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Hindistonda so‘nggi paytlarda odamxo‘r yo‘lbarslarning hujumlari ortib borayotgani kuzatiladi.

Deylik, bir oydan sal ko‘proq vaqtning ichida ular kamida 17 odamning boshiga yetishgan.

Image copyright BBC World Service

Bu kabi holat mahalliy dehqonlarning qahru g‘azablariga ham sabab bo‘lgan: ular o‘rmonchilik idorasiga hujum qilib, odamxo‘r yo‘lbarslarni eplay olmasangiz, o‘zimizga qo‘yib bering, o‘zimiz ularni biryoqli qilamiz, deb turib olishgan.

Hindiston o‘rmonlarida ikki mingga yaqin yo‘lbarsning yashashi taxmin qilinadi.

Ammo ovchilar va o‘rmonzor hududlarning tobora kichrayib borayotgani sabab, ularning soni ham keskin kamayib bormoqda: Deylik, bundan bir asr burun Hindistonda yo‘lbarslarning soni 100.000 ga yetgan.

Yo‘lbarslarni odamxo‘rlikka nima undamoqda?

Insonlarning o‘zlari: ular yil sayin o‘rmonlarni o‘zlashtirishga zo‘r berishar ekan, yo‘lbarslar ham yemish izlab, tobora qishloqlarga yaqinlashib borishmoqda.

Ammo hamma yo‘lbarslarni ham odamxo‘r, deb bo‘lmaydi: Odamlar ularni o‘ldirishga uringan paytlarida o‘zlari qurbon bo‘lgan hollar ham birtalay.

Biroq qisqa vaqtning ichida ketma-ket uyushtirilgan hujum odamxo‘r yo‘lbarsning ishiga dalolat qiladi.

Image copyright BBC World Service

Chunki yo‘lbarslar, odatda, haftasiga bitta yirik o‘ljaga qanoat qilishadi. Butun Hindiston nazarda tutilganda esa, bu raqamlar yiliga qariyb 85.000 mingtaga yetib qoladi.

Ammo Hindistonda har yili 80 dan ortiq odam yo‘lbarslar tomonidan o‘ldiriladi yoki tan jarohati oladi.

Ammo, qaysi biri tomonidan bo‘lmasin, mahalliy aholi yo‘lbarslarning hujumlaridan tashvishda: ular mas‘ullardan tezroq chora ko‘rishni talab etishmoqda. Ammo hukumat haddan ziyod kuch kuch qo‘llashga qarshi.

Ustiga ustak, faollar ham "odamxo‘r" bo‘lsa ham, yo‘lbarslarni o‘ldirgandan ko‘ra, tirik ushlagan ma‘qul, har holda yo‘lbars, degan qat‘iy mavqe‘dalar. Ammo bunga qarshi bo‘lgan fikdagilar ham ozmuncha emas.

"Agar, yo‘lbar o‘z jonini himoya qilib, birovni o‘ldirib qo‘ygan bo‘lsa, xo‘sh, xo‘sh, lekin odamxo‘r bo‘lsa, uni yo‘q qilish kerak", - deydi taniqli biologlardan biri doktor Jorj Sheller.

Uning aytishicha, Hindiston hayvonot bog‘lari shundoq ham yo‘lbarslarga tiqilib ketgan.

Image copyright BBC World Service

Biroq qanday shaklda bo‘lmasin, yo‘lbarslarga qarshi zudlik bilan chora ko‘rilishi shart", degan qarashda ularning barchasi yakdillar.

"Odamxo‘rligi aniqlandimi, o‘sha onning o‘zida bir ish qilish kerak. Aks holda, bu mahalliy aholining qahrini qo‘zg‘aydi. Ularning dastagi bo‘lmasa, yo‘lbarslar butkul qirilib ketishi mumkin, asrab qolish qiyin bo‘ladi", - deydi mushuksimonlar bo‘yicha mutaxassis doktor Ullas Karant.

Odamxo‘r yo‘lbarslar esa, so‘nggi paytlarda Hindistonning yo‘lbarslar zich yashovchi Bandipur-Nagarahole, Tadoba, Korbet-Rajaji, Rantambxore va Kaziranga mintaqalarida ko‘p uchramoqda.

Hukumat muhofazasi natijasida o‘rmonlarda yo‘lbarslarning ko‘payib borishi yosh va keksalarining bir chetga chiqib qolishlariga sabab bo‘ladi. Bu esa, ularning odamlar bilan to‘qnashuvlari ehtimolini kuchaytiradi.