Harbiy xizmatga qiziqish ko‘p, lekin "dedovshchina" o‘sha-o‘sha

Image caption Sovet armiyasidan me‘ros bo‘lib qolgan ichki qoidalar hamon hukmron

O‘zbekiston Qurolli kuchlari saflarida majburiy harbiy xizmatni o‘tash uchun hozirgi chaqiriq mavsumida bir o‘ringa sakkiz kishi da‘vogarlik qilayapti.

Bu haqida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xabar qilgan.

Central Asia news nashri vazirlik rasmiysi Nozirjon Niyozmatovdan iqtibos keltirib yozishicha, qurolli kuchlarni yosh kadrlar bilan boyitish uchun harbiy xizmatni o‘tish tartiblari mukammallashtirilgan.

Qonunga binoan, majburiy harbiy xizmati 1 yillik etib belgilangan. Mudofaa vazirligi bayon qilishicha, yildan yilga o‘z fuqarolik burchini o‘tashni istab harbiy xizmatga otlanayotgan yoshlarning soni oshib bormoqda.

BBC bilan suhbatlashgan harbiy shifokorining aytishicha, yoshlarga 1 yillik harbiy xizmat ko‘p yo‘llarni ochib beradi.

Ko‘plab yoshlar harbiy xizmatni o‘tashi ortidan qo‘lga kiritidagan hujjati bilan huquq-tartibot organlari safiga oddiy ryadovoy, yoki qo‘riqchi bo‘lib yollanishlari mumkin. Shuningdek, ular serjantlik maktabida qisqa ta‘lim olib, huquq-tartibot organlari safida kareralarini boshlashlari mumkin.

Unga ko‘ra, harbiy xizmatni o‘tagan yoshlar uchun Oliy o‘quv yurtlariga kirishda ham imtiyozlar yaratilgan. Harbiy xizmatni o‘tagan abiturentga kirish imtihonlari vaqtida 27 foizlik imtiyoz beriladi.

Ya‘ni u 100% ball o‘rniga 73% ball bilan ham o‘qishga kirishi mumkin.

Prezident farmoyishi bilan kelgusi harbiy chaqiriq 1 fevralda boshlanib 31 martda yakuniga yetadi. Hozirda joylarda tibbiy tekshiruvdan o‘tish boshlangan.

O‘zbekiston yoshlari turli imtiyozlar va "organlar"dagi nisbatan yuqori maoshli ish o‘rni uchun harbiy xizmatga intilishayotgan esada, majburiy xizmat chog‘ida an‘anaga aylangan qonunbuzarliklar saqlanib qolmoqda. "Dedovshchina" hamon armiyadagi tartibni boshqaradigan yozilmagan qonundir.

Sovet armiyasida pichoqlash va mushtlashishlar turli millat vakillari orasida kelib chiqqan bo‘lsa, o‘zbek armiyasida kelishmovchilik va raqobat turli viloyat yoshlari o‘rtasida yuz beradi.

Bu zo‘ravonliklardan jabrlangan yosh askarlar kasalxonalarga yotqiziladi, ba‘zilari bir umrga nogiron bo‘lib qoladi, eng omadsizlari halok bo‘ladi, biroq bu borada o‘zbek matbuoti va Mudofaa vazirligi og‘iz ochmaydi.

Youtube video portalida O‘zbekistondagi "dedovshchina" suratga olingan videolar qo‘yilmoqda. 2013 yil avgustida chop qilingan videoda Urganchada harbiy xizmatni o‘tayotgan "ded"lar "dux"larni safga tizib haqorat qilishi va kaltaklashi namoyon bo‘ladi.

Your contact details
Disclaimer