Toshkentdagi mehmonxona xodimi joynamoz uchun 14,5 million so‘m jarimaga tortildi

Image copyright THINKSTOCK
Image caption Joynamoz uchun 14,5 million so‘m jarima?

Toshkentning Mirobod tumanidagi "Miran International" xususiy mehmonxonasi mas‘ul xodimlaridan biri mehmonxonada mijozlardan biri qoldirib ketgan joynamoz uchun katta miqdordagi jarima tortildi.

Bu haqda Fergana.ru web sahifasi o‘z manbalariga asoslanib xabar qilmoqda.

Fergana ru manbalariga ko‘ra, yanvar oyida mehmonxonaga huquq tartibot idoralari xodimlari paydo bo‘lib, tintuv o‘tkazishgan.

Tekshiruvga esa, mehmonxonada yengil tabiatli qizlar o‘z mijozlari bilan borligi haqidagi xabar sabab bo‘lgani aytiladi.

Biroq mehmonxonadan unday qizlar topilmagan bo‘lsada, militsiyaning e‘tiborini go‘yoki egasiz joynamoz tortgan.

Mehmonxona xodimlari joynamozni qoldirilgan narsalar qatorida ro‘yxatga olganiga qaramasdan, militsiya mehmonxonadagi rahbarlardan birini jazolashga qaror qilib kerakli qog‘ozlarni to‘ldirgan.

Tekshiruvchilar topilgan joynamoz mehmonxonadagi xavfsizlikka qanchalik ta‘sir qilishini esa tushuntirmaganlar.

Ertasi kuniyoq Mirobod tuman mahkamasi "Miran International" xususiy mehmonxonasi xodimiga nisbatan ma‘muriy jazo belgilab, eng kam ish haqining 150 baravar miqdorida jarimaga tortgani ma‘lum bo‘ladi.

Bu O‘zbek valyutasida 14,5 million so‘m yoki olti ming 543 dollar deganidir.

Fergana.runing yozishicha, mahkama hukmi Jinoyat kodeksining qaysi moddasi bo‘yicha chiqarilgani ham ochiqlanmagan.

O‘zbekiston mahkamasining bu qarori ayni paytda internet foydalanuvchilari orasida turli fikrlarga sabab bo‘lmoqda.

"Bu namozxonlarga nisbatan hurmatsizlik", deb yozsa biri, boshqasi "O‘zbeklar endi musulmon emasmi? Uyat, juda uyat" deb aytadi.

"Haaa, O‘zbekistonda namozxon bo‘lishdan ko‘ra, fohisha bo‘lish yaxshiroqmi..." degan fikrni qoldiradi yana bir o‘quvchi.