"O‘zbektransgaz" shirkati qish mavsumida gaz ta‘minotini yaxshilamoqchi

O‘zbektransgaz davlat gaz ta‘minoti shirkati qishning sovuq kunlarida aholini gaz bilan ta‘minlashni yaxshilash choralarini ko‘rmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston televideniyesi.

3 fevralda O‘zbekiston kanali tomonidan efirga uzatilgan "Taraqqiyot dasturi" ko‘rsatuvida aytilishicha, O‘ztransgaz butun mamlakat bo‘ylab 163 ming xonadonga gaz berish yaxshilagan.

Tabiiy gaz quvurlari o‘tmagan yoki tabiiy gaz darajasi past bo‘lgan hududlarda iste‘molchilarga siqishtirilgan gaz yetkazildi, deyiladi davlat televideniyesi ko‘rsatuvida.

"O‘ztransgaz" mutaxassisi Raxmatulla Mannonovning aytishicha, " 22 ga yaqin xizmat ko‘rsatish markazlari, gaz ballonlarini to‘ldiradigan uch stantsiya, va gaz ballonlarini aholiga yetkazish uchun 130 transport vositasi, siqishtirilgan gazni tashuvchi maxsus 10 ta texnika sotib olingan.

"Shu paytgacha 84 ming 300 tonna siqishtirilgan gaz aholiga yetkazilgan. Bu 2012 yildan ko‘ra 40 ming tonna ko‘p deganidir", deydi mulozim. "Shuningdek, odamlarning sharoitini yaxshilash uchun 554 ming gaz ballonlar uylariga berilgan".

Ushbu xabarlar O‘zbekistonning barcha hududlarida qattiq sovuq saqlanib turgan va aholining gaz va elektr energiya tanqisligidan noroziligi oshib borishi manzarasida bildirilmoqda.

O‘zbekistonning ba‘zi hududlarida shu kunlarda havoning harorati -28 darajagacha tushib ketgan.

Mamlakat ichkarisida gaz bilan ta‘minlash muammolari

Rus tilida yuritiladigan Uzmetronom.com sayti bundan oldinroq O‘zbekistondagi ko‘p tumanlar tabiiy gaz tanqisligidan qiynalayotganini yozgan.

"O‘nlab davlat shirkatlari, mamlakat aholisi har yili kuz-qish mavsumida tabiiy gazdan uzib qo‘yiladi", deydi Uzmetronom. Saytning ta‘kidlashicha, mamlakat ichkarisida energiya resurslarining kuchli tanqisligi mavjudligiga qaramasdan, tabiiy gaz eksporti, birinchi navbatda Xitoyga oshib bormoqda.

"O‘zbek xalqi Xitoyga ketayotgan gaz tufayli tezak yoqishga majbur bo‘lib qoladi", deyiladi maqolada.

2013 10 noyabrda Ferghana.ru agentligida Samarqand shahrining 100 ga yaqin fuqarosi uch kun gaz va svet berilmaganiga qarshi katta yo‘lni to‘sib qo‘yganidan xabar bergandi.

"Toshkent xaqiqati" gazetining xabar qilishicha, 20 noyabrda Toshkent viloyat prokuraturasi Yuqori Chirchiq tuman gaz boshqarmasi, "Toshkentgazta‘minot", va "Toshkentelektrtarmoqlari"iga nisbatan aholiga beriladigan gaz va elektr ta‘minotini noqonuniy uzib qo‘ygani borasida jinoiy ish ochgan.

Bu huquq tartibot idoralarining adolatsizlikka qarshi odatiy munosabati hisoblanishi kerak bo‘lsa ham, aslida gaz va elektr muammosining haddan tashqari yomonlashgani, tanqidiy maqolalarning ko‘paygani va aholining noroziligi prokuraturaning davlat idorasiga nisbatan jinoiy ish ochishga majbur qilgan, televideniye orqali ko‘rsatuvda ham davlat go‘yo xalq uchun qayg‘urayotganini bildirib qo‘yish, deyish mumkin.

Odamlar prezident qizidan yordam so‘rashmoqda

Umuman olganda, aholi muammolari hal bo‘lishiga ko‘p ham ishonmaydi. Shu boisdan uylarini isitish va yoritish choralarini o‘zi ko‘rishga o‘rgangan. Biroq ba‘zi odamlar hukumatdan emas, prezident qizidan yordam so‘rashmoqda

O‘zbekistonning bir qancha tumanlaridan fuqarolar Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan bog‘lanib, uning Tvitter sahifasida muammolarini yechishga yordam so‘rashgan.

Jumladan, Farg‘onaning Yaypan shahrilik kishi gaz va chiroq yo‘qligini aytgan. "Shaharda elektr energiyasi deyarli yo‘q. Chiroq kuniga bir soat beriladi. Ular bizning ustimizdan kulishmoqdami? Men tabiiy gaz muammosini eslamayapman ham. Oxirgi marta qachon berilgani to‘g‘risi esimda ham yo‘q", deb yozadi Shohruxmirzo ismli foydalanuvchi Gulnora Karimovaga.

Aholining Gulnora Karimovaga murojaati ham unga azbaroyi ishonganlaridan emas, balki muammolarini hukumatga aytib qolish uchun paydo bo‘lgan imkondan foydalanish deb qarash mumkin. Shuningdek, bundan buyon hukumat bilan onlayn muloqot qilish mumkinligi aytildi. Uning qanday samara berishi ham mavhum.

Gaz eksporti

2012 avgustida O‘zbekiston Xitoyga O‘rta Osiyo-Xitoy gaz quvuri orqali sig‘imi yiliga 30 milliard kubometrni tashkil qilgan gaz eksportini boshladi.

Uzmetronom.com ning xabariga ko‘ra, ushbu gaz quvuri aslida 25 milliard kubometr Turkman gazi va 5 milliard O‘zbek gazini tashishga mo‘ljallangan.

12news.uzning yozishicha , mamlakatda 2012 yil avgustida eksport qilingan gazning narxi 700 ming dollarga teng. O‘rta Osiyodan oladigan gazini Ovro‘poga eksport qiladigan Rossiyadan farqli Xitoy o‘z ichki ehtiyojlari uchun O‘zbek gazini sotib olmoqda, deyiladi unda.

Rasmiy xabarlarga qaralsa, O‘zbekiston yiliga 60 milliard kubometr tabiiy gaz ishlab chiqaradi.

2013 yilda O‘zbekiston Rossiyaga 6 million kubometr gaz yetkazib bergan, deb yozadi Rossiya matbuoti. Ikki hukumat o‘rtasidagi shartnoma bo‘yicha O‘zbekiston Rossiyaga bir yilda 7, 5 milliard kubometr gaz yetkazishi kerak.