Britaniyaga soxta talaba vizalari miqyosi oydinlashgan

Image copyright Home Office

BBCning jurnalistik tadqiqotlarga asoslangan "Panorama" ko‘rsatuvi Britaniyaga kelish yo‘lini ochadigan ingliz tili imtihonlari soxtalashtirilishi naqadar keng tus olganini fosh etganidan keyin mamlakat Ichki ishlar vazirligi bu boradagi ayrim testlarni to‘xtatgan.

Britaniya Ichki ishlar vaziri Tereza Mey BBC aniqlagan faktlarni larzaga soluvchi deb atagan.

O‘tgan yili BBC jurnalistlari yashirincha tasvirga olgan kadrlarda viza olish uchun ingliz tilidan test topshirish uchun kelgan shaxslarning qo‘lida allaqachon yechilgan test sinovlari javoblari bo‘lganini fosh qilgan.

Shuningdek, imtihonga test topshiruvchining o‘zi emas, o‘rniga boshqa kishi kirgani hollari aniqlangan.

Britaniya Ichki ishlar vazirligi English Testing Service shirkati faoliyatini to‘xtatgan.

Bu shirkat butun jahon bo‘ylab ingliz tili imtihonlariga ixtisoslashgan eng yirik shirkatlardan biri hisoblanadi.

BBC ko‘rsatuvida ayon bo‘lishicha, allaqachon Britaniyada noqonuniy yashab ishlab yurgan, ingliz tilini o‘rganmagan, biroq student vizasini uzaytirmoqchi bo‘lgan Ovro‘po Ittifoqiga kirmagan mamlakatlardan kelgan insonlar mana shunday noqonuniy yo‘llardan foydalangan.

BBC ko‘rsatuvida odamlarning ovozlari o‘zgartirilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, muvaffaqiyatli test sinovi uchun 500 Britaniya funt sterlingi taklif qilingan, bu esa imtihon haqiqiy bahosidan uch baravar ko‘pdir.

Har yili Ovro‘po Ittifoqi a‘zosi bo‘lmagan mamlakatlarning 100 ming fuqarosi o‘zlarining Britaniyada qolishlariga izn beradigan talaba vizalari uzaytirib kelishadi.