Sochi 2014: "Bu – O‘zbekiston, Tojikiston emas, sharhlovchi uzr so‘rasin"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright AP

2014 yilgi Sochi Qishki Olimpiada O‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi chog‘ida rossiyalik sharhlovchining yo‘l qo‘ygan xatosi o‘zbekistonlik ko‘plab internet foydalanuvchilari orasida ana shunday munosabatga sabab bo‘lmoqda.

O‘yinlarning rasmiy ochilish marosimi chog‘ida rossiyalik sharhlovchining yo‘l qo‘ygan xatosi ko‘plab o‘zbekistonliklarning taajjub to‘la twitlari, onlayn fleshmob va petitsiyalariga sabab bo‘lar ekan, Dmitriy Guberniyev efir orqali uzr so‘rashga tayyorligini bildirgan. Sharhlovchi bu haqda o‘tgan tun o‘zining Twitterdagi akauntida bildirdi.

7 fevral kuni bo‘lib o‘tgan tantanali marosimni jonli efirda sharhlayotgan "Rossiya 1" telekanali sport sharhlovchisi Dmitriy Guberniyev Olimpiada stadioniga chiqib kelish navbati O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasiga yetib kelganida, ularni Tojikiston, deya taqdim etadi.

Telekanalning yetakchi sharhlovchisi, deb ko‘rilgan Guberniyevning Olimpiya O‘yinlari kabi global sport tadbirini sharhlash jarayonida O‘zbekistonni Tojikistonga adashtirib yuborgani shu onning o‘zidayoq aksariyat ijtimoiy muloqot tarmoqlarida o‘z aksini topadi.

Eng avvalo Twitterda o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilarining tushunmovchilik, taajjub, kinoyat va haqoratomuz mazmundagi twitlari yog‘ilib ketadi.

Ularning orasida Dmitriy Guberniyev yo‘l qo‘ygan xatosi uchun o‘zbekistonliklar, o‘zbekistonlik sportchilardan uzr so‘rashini ta‘kidlayotgan twitlar ham ozmuncha emas.

Image copyright vv
Image caption Facebook tarmog‘idagi "Dmitriy Guberniyevga qarshi fleshmob" sahifasidan olindi

Ochilish marosimi davom etayotgan vaqtning o‘zidayoq Facebook ijtimoiy muloqot tarmog‘ida "Dmitriy Guberniyevga qarshi fleshmob" sahifasi tashkil etiladi.

Yangi sahifa qariyb bir soatning ichida mingga yaqin obunachiga ega bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib, ularning soni to‘rt mingdan ortib ketganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Ushbu sahifada qoldirilayotgan izohlar esa, hozirga kelib, millatchilik ruhidagi fikrlar tusini ham olgan.

Ko‘plab o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari Dmitriy Guberniyev o‘z munosabatlarini troll-suratlar orqali bildirishga tushib ketishgan.

Ular tanlayotgan qiyofalar orasida Betmendan tortib, sobiq Sho‘rolar Ittifoqining mustabid rahbari Iosif Stalingacha bor.

Rossiyalik sport sharhlovchisining jonli efir chog‘idagi xatosi, o‘z o‘rnida, Change.org web sahifasida "D. V. Guberniyev O‘zbekiston Respublikasi terma jamoasi sportchilaridan rasman uzr so‘rashi kerak" nomi ostida petitsiya ochilishiga ham sabab bo‘lgan.

Image caption Facebook tarmog‘idagi "Dmitriy Guberniyevga qarshi fleshmob" sahifasidan olindi

O‘yinlarining rasmiy ochilish marosimidan tun o‘tib, unga onlayn imzo chekkanlarning soni qariyb yetti yuzga yetganini ko‘rish mumkin.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish kerakki, bu - ilk sobiq Sho‘ro davlati mezbonlik qilayotgan Qishki Olimpiada O‘yinlaridir.

Toshkentdan taniqli sport sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayev yuz bergan voqeaga munosabat bildirarkan, buning "rossiyalik sharhlovchi tomonidan yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xato bo‘lgani, ayni o‘rinda milliy mavzuga berilish xato bo‘lishi"ni ta‘kidlaydi.

"Menimcha, bu kabi tadbirni sharhlayotgan sharhlovchi har bir delegatsiyani o‘rganishi kerak, mana, falon davlat hay‘ati chiqib kelayapti, ular necha kishidan iborat, shu kungacha qanday yutuqlarni qo‘lga kiritishgan, qanaqa sport turlarida qatnashadi...Ular har bir sport delegatsiyasiga xuddi shunday ta‘rif berishi kerak", - deydi suhbatdoshimiz.

O‘zbekistonlik sport sharhlovchisi rossiyalik hamkasbining xatosini, "butunboshli bitta mamlakat, xalqqa nisbatan hurmatsizlik", deb bilishi, shu sababdan ham, uning "rasmiy ravishda o‘z telekanali orqali uzr so‘rashi lozimligi"ni ta‘kidlaydi.

"Buni siyosiy narsa, u-buga aralashtirish shartmasdir, bu – uning uquvsizligi oqibatida kelib chiqqan. Lekin bu – judayam qo‘pol xato hisoblanadi. Aytmoqchimanki, u maqbul bir paytda butun o‘zbekistonliklardan uzr so‘rashi kerak".

Hozir olinayotgan xabarlarga ko‘ra, rossiyalik sport sharhlovchisi Dmitriy Gubirniyev hozircha o‘z web sahifasi orqali "Sochi Qishki Olimpiada O‘yinlarining ochilish marosimi chog‘ida qilgan xatosi uchun uzr so‘ragan. Bundan buyog‘iga diqqatliroq bo‘lishga harakat qilishi"ni aytgan.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joiz, O‘yinlarning rasmiy ochilish tantanalarida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ham ishtirok etayotgandi.