Tojikistonlik mehnat muhojiri kundaligidan - o‘ninchi hikoya

Ikki kundan buyon ajib bir yaxshi kayfiyat bilan yuribman. Bunga sabab bir tanishimning telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. U meni Alisher Navoiyning tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi.

Hazrat Navoiyning tug‘ilgan kunlarini bilmaydigan yo qachonlardir esidan chiqarib yuborgan odamlar oz emas.

Bu ajoyib inson esa, meni she‘riyat mulkining sultoni tavallud ayyomi bilan muborakbod etdi.

Bu tabrikni eshitganimdan so‘ng bu dunyodagi bor tashvishlarni unutdim.

Sovuq shamol go‘yo yoqimli ko‘klam epkini misol bag‘rimni ilitardi. Kecha havo ozgina iliganda tomdan oqib tushgan, bugun muzga aylangan erigan qor suvi nur bo‘lib olamga sochilayotgandayin…

Kutilmagan tabrik

Agar buyuk shoir va mutafakkir, madaniyat, adabiyot ahlining suyanchi, g‘amxo‘ri tug‘ilgan kun bilan hamon maktabda ishlayotgan keksa adabiyot o‘qituvchimiz yo Fotih do‘stim tabriklaganda ham balki bunchalik bulutlar ustida shodon suzib yurgan bo‘lmasdimmi… Meni tabriklagan inson… xoh ishoning, xoh ishonmang, huquq-tartibot maqomotida ishlaydi.

Ikki kungacha ko‘z oldimdan anchagina odamlar o‘tdi. Fotihning mashinasida ketayotganimizda to‘xtatgan va do‘stimning asli kasbi jurnalist ekanligini bilgach, Loyiq Sheralidan she‘r o‘qib, bizga oq yo‘l tilagan GAI – davlat avtomobil nazorati xodimini esladim. Aytganday, u Abdulla Qahhor tug‘ilgan qishloqdan ekanligini aytib, uning asarlarini sanayotib faxrlangancha gapirgandi.

Pochchasi chiqindi qutisiga tashlab yuborgan kitobni ko‘rib qolib, uni artgancha qo‘yniga tiqqan oddiy ishchi ko‘z o‘ngimda gavdalandi. "Men u kitob ko‘r qilgurga, bilasizmi, nima dedim? Tuhmatning umri qisqa, bu kitobni yozgan insonning halolligi, faqat haqiqatni aytib kelganligini hamma biladi. U tez orada oqlanadi. Ko‘ramiz, o‘shanda nima qilarkansan, dedim"…

Men o‘sha meni ko‘nglimni osmonlarga parvoz ettirgan telefon qo‘ng‘irog‘i bois keyingi paytlarda kitob o‘qimaslik, adabiyotning tanazzuli haqida bahsu munozaralarni, turfa fikrlarni esladim. Hazrat Navoiyning o‘lmas asarlarini necha-necha yuz yillardan buyon o‘qib kelishayotgan, ma‘nosini chaqishga intilishayotgan, shoir tavalludi kuni o‘zi shodlanib, boshqalarni tabriklashayotgan ekan, demak, adabiyot muallimimizga o‘xshagan ajoyib insonlarning yosh yuraklarga ekayotgan ziyo urug‘i unmoqda, o‘smoqda.

Qaysar tog‘amning achchiq xulosasi

Oradan bir kun o‘tar-o‘tmas men yana Loyiq Sheralining she‘rini berilib o‘qiyotgan GAI xodimini esladim…

Bir kunda qishloqda ikki kishi tuproqqa qo‘yildi. Ulardan birining eshigida fotihaga kelib-ketayotganlarni kutib olib kuzatayotganlar qatorida turardim. Erta tongdagi qattiq ayoz eng chiniqqan, chidamli odamning ham oyog‘idan qulog‘igacha muzlatgudek. Lang ochiq darvozaning ikki tomonida katta to‘nkalar yoqib qo‘yilgan. Ayrimlar ko‘zni achishtirayotgan tutunga ham chidab, cho‘g‘ yonidan uzoqlashishmayotir. Xuddi shu on tog‘amning "…qish o‘lmagin, yoz o‘lgin", degan gaplarini esladim.

Bunday qarasam, muyulishda uzun to‘nga o‘ralgan tog‘am ko‘rindilar. Ortlarida yana to‘rt-besh kishi. Tog‘amning sovuqdan ranglari ko‘karib ketgan, ustma-ust yo‘talardilar.

Fotiha o‘qib chiqishgach, avval akam, so‘ng men tog‘amning ortlaridan yurdik.

- Tog‘a, uyda duo o‘qib, fotiha qilsangiz ham bo‘lardiku, - dedi akam tog‘amning qo‘ltiqlaridan olgancha.

- Jiyan, gaping to‘g‘ri, lekin bu ichim sira qo‘ymadida. Kecha janozaga qatnasha olmasdan tonggacha ko‘zimga uyqu kelmadi.

Tog‘am bu gapini aytgancha ikki-uch yo‘talib oldi. Akam sheriklaridan uzr so‘rab, tog‘amni mashinaga o‘tqazdilar, uylariga yetib borguncha tog‘amning yo‘tali kuchaygandan kuchaydi.

Sandalga bag‘ir berganlarida ham to‘xtovsiz yo‘talardilar.

Yanga dasturxon yozayotganda akam to‘xtatdilar.

- Yangajon, tog‘amni do‘xtirga olib bormasak bo‘lmaydi. o‘pkalari uzilgudek yo‘talyaptilar, - akamning ovozi tashvishli, lekin qat‘iy edi.

- Men necha marta aytdim, ko‘nmayaptilar. Qaysarliklarini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Do‘xtiring nima qilib berardi, Xudo bergan umrni yashayman, deydilar nuqul.

- Qaratgan quruq kolmabdi, deganlar. Qaysarliklarini menga o‘tkaza olmaydilar. Siz kiyim-kechaklarini tayyorlang.

Hayal o‘tmay yanga bitta kichik, bitta katta tugun ko‘tarib chiqdi.

- Katta tugundagi nima? - so‘radi astagina akam yangadan.

- Ko‘rpa-to‘shak, yostiq, ikkita yangi choyshab. Bilasiz-ku, hozir bemorxonada quruq krovatdan boshqasini berishmaydi, - yanga astagina tugunning bir chetini ochdi va cho‘ntagidan qog‘ozga o‘ralgan nimadir uzatdi. – Manovini do‘xtirlarga berasiz. o‘g‘lim otamni qaratinglar deb Rassiyadan yuborgandi.

- Tog‘amizni qaratishga bizda ham pul bor…

Akamning gapi og‘zida qoldi. Tog‘am qattiq yo‘taldi-da, akamga qarab jilmaydi:

- Biz puling yo‘q degan o‘yda emasmiz. o‘g‘limning uzoqdaligini bildirmasdan issiq-sovug‘imdan xabar olib turibsan. Qilgan xizmatlaringni men qaytarmasam, o‘g‘lim qaytarsin, u qaytara olmasa, Xudodan qaytsin. Lekin, o‘g‘lim Rassiyadan ataylab yuborgan puli turganda…

- Bo‘ldi-bo‘ldi, tog‘a, Imronning pulini ishlatamiz. Qani turing, kiyining!

Men akamning gap-so‘zi, xarakatlaridan tog‘amizning bemorxonaga borishdan aynab qolishidan cho‘chiyotganligini sezdim…

Bemorxonaga borar ekanmiz, yo‘l chetiga yugurib chiqqan GAI xodimi tayog‘ini ko‘targancha to‘xtash ishorasini qildi.

- Hech qanday qoidani buzganim yo‘q-ku, - dedi akam mashina eshigini ochar ekan.

- Aka, tushmang, o‘zi kelsin!

Lekin akam mening gapimga quloq tutmadi. U daraxt ortiga o‘tgan GAI xodimining yoni-ga bordi-da, nimalarnidir uqtira boshladi. Aftidan, GAI xodimi o‘zinikini ma‘qullab turaverdi.

- Haqini oldimi?

Akam tog‘amning savolini eshitmaslikka olgandi, u savolini yana takrorladi.

- Olmaydimi, oladi-da, tomog‘ing teshilgur, - dedi akam, - oltmishdan o‘tganim yo‘q, tezlikni oshirding, deb turvoldi.

Xuddi shu payt yonimizdan qop-qora "BMV" shamoldek o‘tib ketdi.

- Manovini tezlikni oshirish, dedilar. Nega "BMV"ni to‘xtatmadi? – dedim akamga o‘zi-ni ko‘rmaslikka olib chetga o‘tayotgan GAI xodimini kuzatgancha.

- Bular kimni to‘xtatishni yaxshi bilishadi. Qimmatbaho "BMV"ni kim minadi? Yo katta puldor, yo… Ana, qara, "marshrutka" liq to‘la ketyapti, - o‘rtasida yo‘lovchilar bir-biriga yopishguday ketayotgan "Gazel"ga ko‘zim tushdi. – "Marshrutka"lar qoida bo‘yicha faqat o‘rindiqqa odam olishi kerak. Lekin, mana ko‘rib turibsan… GAIlar ularniyam to‘xtatishmaydi. Haqini oldinroq olib qo‘yganda…

- Bu ko‘chaga chiqdingmi cho‘ntagingni qoqlash boshlanadi. Nevaram tug‘ilganida doyalardan boshlab tug‘ruqxonada o‘ralashib yurgan katta-kichikkacha pul oldi. o‘zlaring yaxshi bilasizlar, o‘lik ko‘mish qancha qiyin bo‘lib ketgan. Tavba, go‘rni sotishadiya… Ha, tug‘ilganingdan boshlab o‘lganinggacha pul olishadi. Xudoyim insofsizlarga tezroq insof bergin, - tog‘am o‘rindiqqa suyangancha ko‘zlarini yumib o‘tirardilar.

Mening ko‘z o‘ngimda esa berilgancha she‘r o‘qiyotgan boshqa bir GAI xodimi gavdalandi. Nahotki u ham pora olsa?

Hakalak otayotgan nafslar va ko‘rinmas qo‘llovchilar

Bemorxonada ham "cho‘ntak qoqlash" boshlandi. Qabul bo‘limidanoq pul olish boshlandi. Tog‘amizni palataga joylaganimizda yanga bergan pulning rangi o‘chgan, bor-yo‘g‘i qirq somoniycha, bu o‘n dollarga ham yetmaydi, pul qolgandi. Unga qo‘shib akam tog‘amga yuz somo-niy berdi, hali yana doriga, rentgenga, qon olishga… deb pul olisharkan.

Yo‘lda borarkanmiz, akam o‘zidan o‘zi kuldi.

- Do‘xtir nima dedi? Odamlar oylab navbatda turishadi, amakini navbatsiz olayotgani-miz uchun yana ellik somoniy qo‘shasiz, dedimi? Hali tog‘am tuzalib, uyga javob berishayotganda ko‘rasan: hamshiralardan tortib sanitarkalargacha haq so‘rab tizilgancha turishadi…

Bozorga yetganimizda akam taksichilar navbatiga turdi. Men Fotihning do‘koni tomon yurdim. Unga bugun GAIning to‘xtashidan boshlab bemorxonadagi yulg‘ichliklargacha so‘zlab bersam, kulimsiradi.

- Universitetda o‘qib yurgan paytimizda muallimlarning imtihon, zachyot uchun starostaga aytib pul yig‘ishlarini unutdingmi? Sening gaplaring menga Fattoh Saidovning yaqinda aytgan gaplarini eslatdimi?

- Qaysi gaplarim? Saidov deganing kim?

- Mamlakatimizning korrupsiyaga qarshi kurashchilari boshchisi.U yaqinda matbuot yig‘inida Tojikistonda fasod kuchayib borayotganini aytibdi. Misol uchun, hali sen aytgan GAIlar va do‘xtirlarni keltiribdi. Ular ilgari besh-o‘n somoniyga ko‘nib ketaverishar ekan. Endi nafslari hakalak otibdi. Besh-o‘n somonni nazarlari ilmasmish.

Fotih shunday deya bir nuqtaga ko‘z tikkancha qoldi.

- o‘tgan oy Dushanbe tomonda bojxonada ishlaydigan ikki nafar rahbarni pora ustida qo‘lga olishibdi, - Fotih birpas o‘ylangach, ovozi biroz titrab gapira boshladi. – Pora bilan qo‘lga tushayotganlar orasida sudyalar, kamdan-kam prokuratura xodimlari, mahalliy hukumatlarning yer berish xizmatlarida ishlaydigan mas‘ullar bor. Lekin, ko‘pincha muallimlar, do‘xtirlarni ushlashadi.

Fotih ancha uzoq gapirdi, alam bilan gapirdi. Uning aytishicha, katta-katta mas‘ul lavozimlarda ishlayotgan rahbarlarning pora olishlari ma‘lum bo‘lsada, hozirgacha ulardan birontasi jazoga tortilmagan ekan. Yeng uchida ish bitiradiganlar, biznesidan topgan pulini soliqqa tortmasliklari uchun yashiradiganlar, bir so‘z bilan aytganda, to‘g‘ri ish tutmaydiganlarni qo‘llab-quvvatlash avjiga chiqqan.

- Qo‘llovchilar kim deysanmi? Biri hukumatda mas‘ul rahbar, boshqasi biron huquq-tartibot tizimida ishlaydigan rahbar… Albatta, ular quruq rahmatga qo‘llashmaydi…

Fotihning fikricha, fasodga qarshi kurash pastdan emas, aynan yuqoridan boshlanishi zarur ekan. U buni ayta turib, Gurjistondan misol keltirdi. U yerda aynan mamlakat prezidentining kurash boshida turishi bilan yetti yildami-sakkiz yildami fasod-korrupsiya butunlay yo‘qotilibdi.

Men esa, Said Ahmadning "Kelinlar qo‘zg‘oloni" komediyasining Laosda sahnaga qo‘yilishini esladim. Komediyada Farmonbibiga o‘g‘li qamalib qolgan ayolning pora taklif qilish sahnasi bor. Laosliklar buni tushunishmabdi va xuddi ana shu sahnani qisqartirishibdi. Chunki, Laosda pora olish va pora berish degan tushunchaning o‘zi yo‘q ekan. Bizda esa…

Said Ahmadning "Kelinlar qo‘zg‘oloni"dagi pora berish sahnasi moskvalik hamxonam Ergashalining so‘zlarini eslatdi. U kuyingancha o‘zlaridagi mahalliy fuqarolar yig‘inidan bitta kichik ma‘lumotnoma olishdan boshlab pora berish boshlanishini aytgandi…

Fotihning do‘konidan chiqaturib esa, uning xayrlashuv oldidan aytgan gapi qulog‘imdan sira nari ketmasdi:

- E, nimasini aytasan, bizda muqaddas Haj safariga ayrim odamlar pora berib ketishyaptiku! Bilmadim, Ka‘ba oldidagi tavba-tazarrulari uchun Alloh ularning kichik gunohlarini kechirar. Lekin pora berishdek gunohi kabiralarini kechirarmikan? Yana ayrim ruhoniylar agar shunday qilmasangiz, balki Hajga bora olmay qolasizlar, siz majburlikdan pul beryapsizlarku, Xudo kechiradi, deyisharmish. Tavba!