Navoiydagi gaz portlashida insonlar nobud bo‘lgan

Image copyright bbc

Navoiy shahrida ikki qavatli uy portlashi natijasida halok bo‘lganlar bor.

Manbaalarda 6 kishi halok bo‘lgani va 7 kishi shifoxonaga yotqizilgani aytilmoqda.

Portlashga gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgan. O‘tgan hafta Samarqand tumanining Ravanok qishlog‘ida ballondan gaz sizib chiqishi natijasida ikki farzandi bor yosh oila halok bo‘lgan.

Ichki ishlar boshqarmasi ushbu hodisa insoniy omil tufayli gaz ballondan ehtiyotkorsizlik bilan foydalanish natijasida sodir bo‘lganini ta‘kidlamoqda.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda gaz bosimining tushib ketishi yoki ayrim joylarda umuman berilmay qolishi oqibatida bu kabi hodisalar ko‘payganini aytishmoqda.

"Portlash kuchli bo‘lgan"

10 fevral tongi 6:00 atrofida Navoiy shahrining aeroportga yaqin mavzesida gaz sizib chiqishi natijasida 2 qavatli uy portlagan.

Turli manbaalar 4 kishidan 6 kishigacha odam halok bo‘lganini aytmoqda.

Hodisa joyi militsiya tomonidan o‘rab olingan va hududga hech kim kiritilmayapti. 7 kishi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Guvohlar portlashning juda ham kuchli bo‘lganini aytishmoqda.

O‘tgan hafta Samarqand viloyatida ham ballondan gaz sizib chiqishi natijasida bir oila halok bo‘lgan. Hodisa 6 fevral kuni sodir bo‘lgani aytilmoqda. Gaz sizishi natijasida 4 kishi halok bo‘lgan, shularning 2 tasi yosh bolalar.

Samarqand tuman ichki ishlar boshqarmasi yong‘in xavfsizlik xizmati rahbari Jasurbek Rahmonovning BBCga ma‘lum qilishicha baxtsiz hodisaga gaz ballondan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lgan.

"Uyga ukasi kirganda, gaz ballon ventilining oldidagi reduktordan gaz chiqayotganini ko‘rib qolgan. Ukasi ko‘rib qolgan".

Jasurbek Rahmonov tumanda bu kabi hodisalar haqida qo‘shimcha ma‘lumot berolmasligini bildirdi.

Gaz ta‘minotidagi uzilishlar

Jomboy tumanida istiqomat qiluvchi huquq faoli Holiqnazar G‘aniyev viloyatda gaz bosimi kamayib ketgani va elektr energiya ham uzilishlar bilan berilayotganini aytadi.

Natijada odamlar o‘z bilganicha uyni isitish choralarini ko‘rishga majbur, bu kabi choralar esa ayanchli tugash hollari ham bo‘lib turadi.

"Gaz yo‘q hisobi, juda kam. Har kim chorasini ko‘rib, gazni so‘radigan motorlarni o‘rnatib olgan. O‘sha motorlar svet bor vaqti ishlaydi, yo‘q payti ishlamaydi. Svet o‘chgan vaqti gazni yoqib uxlashadi. Chiroq o‘chib so‘rgich motorlar to‘xtaganidan keyin gaz ko‘tarilib ketadi. Yonib turgan gaz o‘chib qolib butun uyni qoplaydi. Zaharlanib o‘layotgan odamlarni eshitayapmiz. "

Holiqnazar G‘aniyev gazdan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida halokatlar Jomboy tumanida ham kuzatilganini bildirdi. Qattiq sovuq kunlari boshlanishi ortidan viloyatda gaz bosimi ko‘tarilmagan.

Odamlar o‘z bilganicha uyni isitish yo‘llarini ko‘ra boshlagan.

Hokimiyat baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun gazdan to‘g‘ri foydalanish borasida tushuntirish ishlarini olib borayapti. Lekin sovuqdan jon saqlash umididagi odamlar bu kabi ogohlantirishlarga quloq solmayapti.

"Yong‘in xavfsizligidan kelib uylarga shlang orqali gaz o‘rnatganlarni jarimaga tortib ogohlantirayapti. Lekin bundan foyda kam. Havo sovuq bo‘lganian keyin ham o‘z holicha gazdan foydalanayapti", - deydi Holiqnazar G‘aniyev.

Holiqnazar G‘aniyevning o‘zi ham uyi sovuqligi bois o‘g‘lining uyiga kelib o‘tirganini biroq bu yerda ham gaz bosimi kam ekanligini aytadi.