"C vitamini - saraton uchun muqobil muolaja"

Image copyright SPL

C vitamini saratonni davolash uchun muqobil muolajadir. Amerikalik olimlarning ushbu xulosasi sichqonlar ustida olib borilgan tadqiqotlarga asoslangan.

Shuningdek, tadqiqotga ko‘ra, yuqori miqdorli C vitamini kimyoterapiyaning saratonni o‘ldiruvchi ta‘sirini oshiradi.

Olimlarning ta‘kidlashlaricha, uni qo‘llash tuxumdon saratoni va boshqa turdagi xatarli o‘sma va shishlar uchun xavfsiz, samarali va arzonga tushuvchi muolaja bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotchilar ayni usulni davlat tibbiy markazlarda keng miqyosda tadbiq qilib ko‘rishga chaqirishadi.

Biroq, vitaminlar uchun patent olish imkonsizligi bois, dori ishlab chiqaruvi shirkatlar bu tajribaga shoshilishadigan ko‘rinmaydi.

C vitamini uzoq vaqtdan beri saratonga qarshi muqobil muolaja sifatida qo‘llab kelingan.

1970 yillar kimyogar Laynus Poling C vitaminini tomir orqali yuborish saratonni davolashda samarali bo‘lgani xususida bildirgandi.

Kansas universiteti olimlariga ko‘ra, C vitamini ukol qilinganda tanaga singib ketadi va saraton hujayralarini sog‘lomlariga zarar yetkazmagan holda o‘ldiradi.

Tadqiqotchilar buni laboratoriyada inson tuxumdonidan olingan saraton hujayralari, sichqonlar va tuxumdon saratoni yuqori darajaga yetgan bemorlarda sinab ko‘rishgan.

Olimlar kasal hujayralar C vitamini orqali olib borilgan muolajaga ta‘sirchan bo‘lgani, biroq sog‘lom hujayralarga zarar yetmaganini aniqlashgan.

Tadqiqot sichqonlar ustida olib borilganda C vitamini odatiy kimyoterapiya darajasida o‘smalar o‘sishini sekinlashtirgan.

Kimyoterapiya C vitamini bilan qo‘shib qilinganda bemorlar zararli ta‘sirlaridan kamroq shikoyat qilishgan.

Dori sharkatlari g‘oyani dastaklashmaydi

Tadqiqotchilardan biri Jeyn Drisko onkologlar orasida C vitaminidan foydalanishga qiziqish kattaligini aytadi.

"Bemorlar saraton bilan hisoblashishda xavfsiz va arzon tanlovlar izlashadi", deydi Jeyn Drisko BBC bilan suhbatda.

"Bizning dastlabki tadqiqotlarimiz va ilk tibbiy ma‘lumotlarga ko‘ra, tomirdan yuboriladigan C vitaminida shunday kuch bor", deya qo‘shimcha qiladi u.

Bitta to‘siq bu - dori ishlab chiqaruvchi shirkatlar C vitamini tajribasiga oshiqmasligidir. Chunki ular tabiiy mahsulotlar uchun patent olish huquqiga ega emaslar.

"C vitamini uchun patent olish imkoni yo‘qligi bois bu ish dori shirkatlari tomonidan dastaklanmaydi", deydi tadqiqotlar yetakchisi Shi Chen.

"Biz tadqiqot agentliklari vitamin Cni shifoxonalarda tajriba qilishni dadil qo‘llab-quvvatlashlari vaqti yetganiga ishonamiz", deydi u.

Buyuk Britaniyadagi Saraton tadqiqotlari markazidan Ket Arni vitamin C orqali saratonni davolash yuzasidan tadqiqotlar uzoq tarixga ega ekanini aytadi.

"Bor-yo‘g‘i 22 bemorda sinab ko‘rilgan tajribadan tomir orqali yuqori miqdorli C vitamini yuborish inson umrini saqlab qolishi borasida gapirish qiyin. Ammo, aftidan, u kimyoterapiyaning zararlarini kamaytirgani qiziq jihat", deydi u.

Ket Arniga ko‘ra, saraton uchun har qanday ehtimoliy muolaja yirik klinikalarda sinab ko‘rilib, ular xavfsiz va samarali ekaniga ishonch hosil qilinishi lozim.

"...shunday ekan, yuqori miqdorli C vitamini bemorlar uchun qanchalar foydali ekaniga ishonch hosil qilishimiz uchun yana tadqiqotlar o‘tkazilishi kerak", deya qo‘shimcha qiladi u.