Qozog‘istonda dollar narxi ko‘tarilishi narx navolarning oshib ketishiga olib kelishi mumkin

Image copyright tengrinews.kz

11 fevral kuni Qozog‘iston Milliy banki yangi ayirboshlar narxlarini ma‘lum qildi. Unga ko‘ra 1 dollar 185 tanga atrofida bo‘lishi mumkin. Shu vaqtgacha bir dollar 155 tanga atrofida sotilgan.

Dollar narxining ko‘tarilishi iste‘mol mollarini import qiluvchi Qozog‘istonda narx navolarning ko‘tarilib ketishiga olib kelishi taxmin qilinmoqda.

"Milliy bank 2014 yil 11 fevraldan boshlab tanganing ayirboshlash kursini oldingi darajada ushlab turishdan voz kechdi. Valyuta interventsiyasi ko‘lamlarini tushadi va tanganing kursi shakllannishidagi jarayonga aralashish qisqartiriladi. Milliy bank tanganing yangi ayirboshlash kursi bir dollarga 185 tanga bo‘lishini taxmin qiladi", - deyiladi Milliy Bank tomonidan chiqarilgan bayonotda.

Qozog‘istonda xorij valyutasi qiymati ichki va tashqi makroiqtisodiy omillarga tayanilib belgilanishi kutilmoqda.

Milliy bank bayonotiga ko‘ra, moliyaviy bozorning chayqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida hozircha dollarning narxi plyus-minus 3 tanga farqi bilan 185 tanga qilib belgilangan. Ushbu jarayonga davlat tomonidan ta‘sir ushlanib turiladi. Biroq asta sekinlik bilan ta‘sir vositalari kamaytirilib dollar narxini makroiqtisodiy ko‘rsatgichlar belgilab berishga erishilmoqchi.

Dollar kursining qariyb 20 foizga oshishi ortidan mamlakatdagi ayirboshlash shahobchalari xorij valyutasi sotishni to‘xtatib qo‘ygan.

Shahobchalarda faqat eski narxlar bilan xorij valyuta sotishingiz mumkin.

Kuzatuvchilar Qozog‘istonda tanga qiymatining tushishi kutilayotganini bashorat qilishgan edi. Chunki tashqi savdoda Rossiya bilan chambarchas bog‘liq Qozog‘iston valyutasiga rublning qiymati keskin ta‘sir ko‘rsatadi.

So‘nggi vaqtlarda esa Rossiyada rubl qiymati dollarga nisbatan qariyb 15 foizga qadrsizlandi.

So‘nggi marta Qozog‘istonda tanga bundan 5 yil oldin 2009 yilning 4 fevral kuni ogohlantirilmasdan devalvatsiyaga uchragan edi. O‘shanda bir dollar 120 tangadan 150 tangaga qimmatlagan.

Dollarning qimmatlashuvi kimga foyda va kimga zarar?

Mutaxassilar qozoq tangasining qiymati tushishi eksport bilan shug‘ullanuvchilar uchun foyda keltirishini aytishgan.

"Samruq-Qazina" jamg‘armasi raisining sobiq o‘rinbosari Aydan Karibjanov o‘zining Facebookdagi sahifasida tanganing yangi ayirboshlash kursi neft, metall, bug‘doy eksport qiluvchilar uchun foydali ekanligini yozgan.

"Kimga foyda? Harajatining katta qismi tangada, daromadi esa dollarda bo‘lganlarga foyda. Ya‘ni neft, metall, bug‘doy eksporti bilan shug‘ullanuvchilarga. Eksport sezilarli ko‘paymaydi, daromad esa ko‘tariladi".

Mutaxassis import qiluvchilarga zarar ekanligini va bundaylar Qozog‘istonda ko‘pchilikni tashkil qilishini bildirgan.

"Albatta, importchilarga foydasi yo‘q. Bizda esa ko‘p narsa import qilinadi. Shuning uchun bu iste‘molchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri taa‘sir qiladi. Importga muqobil variant yo‘q, shu sabadan sarosimaning boshlanishidan so‘ng va miqdorlarning sezilar sezilmas qisqarishidan keyin hammasi eski holatiga qaytadi. Iste‘molchining hayoti qimmatlashadi", - deb yozadi Aydan Karibjanov.

Qozog‘istonliklar dollar qiymatining oshishini norozi ohangda kutib olishgan. Bu kabi maqolalar va ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilayotgan izohlardan shunday xulosa yasash mumkin.

Ayrim kuzatuvchilar tashqi savdosining 30 foizi Qozog‘iston va Rossiyaga to‘g‘ri keluvchi O‘zbekistonda ham dollar qiymati yaqin orada ko‘tarilishi mumkinligini prognoz qilishmoqda.

Your contact details
Disclaimer