Hukumat nuqtai nazariga to‘g‘ri kelmaydigan telekanallar yopilishi kerakmi?

Image copyright AFP

Rossiyadagi mustaqil "Dojd" telekanali translatsiyasidan mamlakatdagi yirik operatorlar birin ketin bosh tortmoqda. "Trikolor TV" sun‘iy yo‘ldosh yirik operatorining "Dojd" translatsiyani to‘xtatish haqidagi qarori telekanalni og‘ir ahvolga solib qo‘ygan.

Operator ushbu qarorini telekanal ko‘rsatayotgan materiallar tahririyat siyosatiga to‘g‘ri kelmasligi bilan izohlagan.

"Dojd" telekanali atrofida bahslar Leningrad qamali bekor qilinishining 70 yilligi arafasida tomoshabinlarga "Yuz minglab odamlarning hayotini saqlab qolish uchun Leningradni topshirish kerak edim?"degan savol bilan murojaat qilgani orqasidan qizidi.

Oqibatda kanal rahbariyati noto‘g‘ri savol qo‘yilgani uchun kechirim so‘rab, savolni saytdan olib tashlashiga to‘g‘ri keldi.

Qator ommaviy axborot vositalarida kanal ushbu savol bilan urush veteranlarini haqorat qilganlikda ayblovlar yangradi. Rossiya Prezidenti Putining matbuot kotibi "Dojd" axloqiy qizil chiziqdan o‘tganini bildirgandi.

Tanish holat

O‘zbekistonda ham hukumat nuqtai nazariga to‘g‘ri kelmaydigan telekanallar faoliyati to‘xtatilganiga 10 yildan oshayapti.

Translatsiyani cheklash qarori telekanaldagi dasturlar tahririyat siyosatiga to‘g‘ri kelmasligi bilan izohlanmoqda.

O‘zbekistondagi mustaqil telekanallar bu kabi jarayonni 10 yillar oldin boshidan kechirgan. O‘zining keskin chiqishlari bilan el orasida ancha mashhur bo‘lgan Angren va Xorazmdagi xususiy telekanallar hukumat tomonidan bosimlarga uchragan. Xorazmdagi ALC mustaqil telekanali bosh muharriri Qudrat Bobojon telekanal yopilishiga 5 ta asosiy sabab ko‘rsatilganini aytadi.

"Telekanalimizdagi jurnalistlarning fikri, nuqtai nazari hukumat nuqtai nazaridan farqli ekanligi aytilgan. Bu juda ham jiddiy aybnoma. Ya‘ni O‘zbekiston hukumati o‘zgacha fikrga toqatsizligini mana shu bandda ko‘rsatgan. Ya‘ni bizda beriladigan yangiliklar ayrim vaqtlari O‘zbekiston hukumati nuqtai nazariga qarama qarshi kelgani ALCga qo‘yilgan asosiy aybnomalardan biri edi".

Shu kabi sabablar bilan hukumat Xorazmdagi ALC telekanali faoliyatini 1999 yilning noyabr oyida to‘xtatib qo‘ydi.

Keyinchalik O‘zbekistondan boshqa xalqaro mediya qatori mustaqil teleradio kompaniyalarni qo‘llab quvvatlovchi Internyus tashkilotining litsenzisi uzaytirilmadi. Tashkilot ham faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Samarqandlik ismi o‘zgartirilgan suhbatdoshimiz Samarjon 2013 yili O‘zbekistonda Firdavs Abduholiqovga tegishli kanallar yopila boshlashi ortidan shahardagi STV mustaqil kanali faoliyati to‘xtaganini aytadi.

"Xususiy telekanallar Samarqandda o‘tgan yilning kuzidan beri yo‘q. Qolganlari davlatniki. Davlatniki bo‘lganidan keyin davlat oldiga qo‘ygan vazifalarni, ya‘ni targ‘ibotni maromiga yetkazib bajarishayapti. Mana bu sohani tanqid qilasan, desa tanqid qilayapti. Maqtaysan, desa maqtayapti. Davlat telekanali o‘z vazifasini ortig‘i bilan bajarayapti".

Suhbatdoshimiz shaharda xususiy telekanal foaliyat yuritgan vaqti biroz qiziqarli va bahs munozara bo‘lganini ta‘kidlaydi.

"Xususiy kanal bo‘lgan vaqtda, hech bo‘lmasa bahs munozaralar bo‘lib turardi. Yoki shaharga aloqador yangiliklar tezkorlik bilan chiqardi".

Biroq ushbu mustaqil telekanalda ham so‘z erkinligi va dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqishda cheklovlar bo‘lganligi tomoshabinga sezilib turgan. Davlat va jamiyat o‘rtasida vositachi bo‘lish vazifasini kutilganidek bajara olmagan.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda mustaqil telekanallarning faoliyatiga ehtiyoj katta ekanligini ta‘kidlashadi. Odamlarda muqobil axborotga bo‘lgan istak matbuot davlat nazoratiga olingan mamlakatda yanada kuchli bo‘lishini aytishadi.

Qozog‘istonda mustaqil telekanalga bo‘lgan ehtiyojning ma‘lum qismi sputnik orqali efirga uzatiluvchi K+ telekanali orqali qondiriladi.

Biroq O‘zbekistonga mo‘ljallangan va o‘zbek tilida bu kabi loyihalar deyarli yo‘q hisobi.

Shvetsiyada boshpana topgan va o‘zining videoblogini yurituvchi jurnalist Qudrat Bobojon xorijdan turib teleloyihalar yaratishning qiyinchiliklari haqida gapiradi.

"O‘zbekistondan jurnalistik klassik shaklda reportajlar qilish loyihasi bor edi. Lekin O‘zbekistondagi sharoitdan kelib chiqib uni ma‘qul ko‘rmadim. O‘zbekistondan video olmoqchi bo‘lsak, manbaalarimizni xavf ostiga qo‘ygan bo‘lamiz. Lekin uni boshqacha qilish mumkin. Mening blogim shaklida oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston tashqarisida bo‘lgan bitta shaxs o‘zini oshkor qilish orqali fikrlarini berishi mumkin. Buni fuqarolik tashabbusi deb qabul qilish kerak".

Mahalliy yangiliklarni emin erkin yorituvchi mustaqil telekanallar faoliyati to‘xtatilarkan, o‘zbekistondagi aholi yangilikka bo‘lgan ehtiyojini o‘zi qondirishga harakat qilayapti.

Mobil uskunalarining rivojlanishi ortidan endi deyarli har bir telefon foydalanuvchisining qo‘lida videoga olish imkoniyati bor telefonlarni ham ko‘rish mumkin.

Zapravkalardagi yong‘in, mashina portlashi kabi favqulotda hodisalar bu kabi uskunalar orqali zudlik bilan internetga chiqib ketmoqda va vatsap kabi dasturlar orqali qo‘lma qo‘l ko‘rilmoqda.

Kuzatuvchilar bu kabi jurnalistika hozir O‘zbekistondagi axborotga bo‘lgan ehtiyojni qondira olmayotgan bo‘lsa-da, uning kelajagi porloqligini taxmin qilishadi.