"MARda musulmonlarga qarshi qirg‘inbarotning oldi olinmagan"

Image copyright Reuters

Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko‘ra, xalqaro tinchlikparvar kuchlari Markaziy Afrika respublikasidagi musulmonlarning qirg‘in qilinishini to‘xtata olmagan.

Tashkilotga ko‘ra, "tarixda kuzatilmagan darajada ko‘p musulmonlar mamlakatni tashlab qochishmoqda".

Yordam tashkilotlari aksar do‘konlar va ulgurji bozorlari musulmonlar qo‘lida bo‘lgani bois endi mamlakatda oziq-ovqat inqirozi yuzaga kelishidan ogohlantirgan.

BMTning Jahon Oziq-ovqat tashkiloti havodan ko‘mak yetkazishni boshlashi kutiladi.

Jahon Oziq-ovqat tashkiloti voiziga ko‘ra, quruqlikdan harbiy qo‘riqchilarsiz oziq-ovqat yetkazish yo‘llar o‘ta xatarli qolmoqda.

Shu bois, BMT agentligi qimmatga tushadigan - qo‘shni Kamerundan yordamlarni uchoqlarda jo‘natish yo‘lini tanlagan.

Chorshanba kuni Markaziy Afrika Respublikasiga 82 tonna guruch, yetkazib berilishi, keyinroq 1, 800 tonna don mahsulotlari yo‘llanishi aytilgandi.

Bu bilan 150, 000 insonni boqish mumkin, biroq yana 1.25 million kishi oziq-ovqat yordamiga muxtoj qolmoqda.

BMT ma‘lumotlariga ko‘ra, aholining 90 foizi kuniga bir martadan ovqatlanmoqda.

Musulmon tijoratchilar poytaxt Bangini tashlab qochishi ortidan narx-navolar ham osmonga sapchigan.

Oxirgi musulmon

Oldinroq, Markaziy Afrika Respublikasi vazirlaridan biri Gaston Makouzemba jamoalar orasida diniy va etnik nizolar kuchayarkan, qirg‘in ehtimoli yo‘q emasligidan ogohlantirgandi.

Zo‘ravonliklardan har bir jamoa zarar ko‘rgan, ko‘plab musulmonlar jon saqlash ilinjida o‘z uylarini tashlab qochishgan.

Poytaxt Bangidagi imomlardan biri o‘z qo‘rquvlarini BBC bilan bo‘lishgan.

Musulmonlarga qarshi zo‘ravonliklar dekabr oyidan boshlandi - ular bizni xanjarlar va o‘qotar qurollar bilan o‘ldira boshlashdi. Barcha musulmonlar Kilometr 5 deb nomlangan bitta mahallaga qochib borishdi.

Boshqa mamlakatlardan kelgan musulmonlar allaqachon qochib qolishdi. Menim ro‘yxatimga bir boqing: Chadliklar, kamerunliklar, Nigeriya, Niger, maliliklar hammasi ketib bo‘lishdi. Orqada qolganlar biz, markaziy afrikaliklarmiz.

Men Bangida tug‘ilib-o‘sganman. Otam Markaziy Afrikadan, onam Markaziy Afrikadan.

Oilam poytaxtga 1946 yil ko‘chib kelgan. Ota-onamning tengdoshlari Kilometr 5ni changalzorlardan tozalab, shahar sharoitiga keltirishgan.

Aksil-balaka guruhi a‘zolari bizni nishonga olishmoqda. Ular poytaxtdagi aksar masjidlarga o‘t qo‘yishdi. Mahallamizda sanoqligina masjidlarga tegilmadi.

Men Bangini tark etishni istamayman, Markaziy Afrikadan chiqib ketadigan yoki shu yerda ko‘miladigan so‘nggi musulmon bo‘lishni istayman.

Bu mamlakat - ota-onamning oxirgi ketgan manzili.

"Musulmoncha ism o‘ta xatarli"

Agar ismingiz Jon, Peter, Meri va yo Martin bo‘lsa yaxshi. Ammo, Muhammad, Usmon yo-da, Ibrohim bo‘lib chiqsangiz, vaziyat xunuk tarafga o‘zgaradi, siz nishonga olinganlar ro‘yxatiga olinasiz.

Bangi aksar musulmonlardan iborat biznes jamoasini yo‘qotmoqda - ular musulmonlar do‘konlarini talon-taroj qilishmoqda.

Kundalik ehtiyoj mollari narxlari oshib ketgan, bir hovuch salat yoki bitta sovun avvalgidan ikki baravar qimmatlagan.

Go‘shtni tushingizda ko‘ring

Go‘sht sotib olish haqida o‘ylab ham ko‘rmang, chunki topa olmaysiz.

Bangida chorva bilan shug‘ullanuvchi fulanilar va ko‘chmanchi chadliklar zo‘ravonliklardan qochib Kamerunga yo‘l olishgan.

Mening rafiqam va bolalarim ham mamlakatdan chiqib ketishdi. Ularning men bilan qolishlari juda xavfli edi.

Musulmon jamoalaridagi erkaklargina qolish va o‘z mol-mulklarini himoya qilishga qaror berishdi.

Biz bu yerdan ketolmaymiz

Biz Markaziy Afrika Respublikasi musulmonlarimiz, mamlakatimizni tashlab ketolmaymiz.

Agar ular bizni mahallamizda - Kilometr 5da o‘ldirishmoqchi bo‘lishsa, o‘ldirishsin. Bizning qurolimiz yo‘q, ammo qimatimizga yozilganini qabul qilamiz. Chunki, biz Allohga ishonamiz va U bizni himoya qilishiga ishonchimiz komil.

Frantsiya qo‘shinlari asosiy ko‘chalarda qo‘riqchilik qilayotganiga guvohmiz. Ammo, ular bizni himoya qilish uchun mahallamizga kelishmaydi. Biz faqat Allohning marhamati bilan tirikmiz.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan imomning ismi sharfi oshkor qilinmadi.