BMT eksperti: "Tojikiston siyosat va haqiqiy voqe‘lik o‘rtasidagi jarlikka barham berishi kerak"

Image copyright BBC World Service
Image caption BMT rasmiysi Tojikistondagi qiynoq hollarini bartaraf etish yo‘lida ishlashda davom etishga undadi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti qiynoqlar bo‘yicha ma‘ruzachisi Xuan Mendez Tojikiston hukumatini qiynoqlar va nomaqbul munosabatlarni to‘xtatish yo‘lidagi siyosatlarini amalga tadbiq etishga undagan.

"Tojikiston hali ham siyosat va haqiqiy voqe‘lik o‘rtasidagi jarlikka barham berish yo‘lida ishlashi kerak", deb aytgan janob Mendez.

BMT eksperti bu haqda Tojikistonga qilgan uch kunlik safari nihoyasida gapirgan.

Xuan Mendez Tojikistonga 2012 yilgi tavsiyalari amalga nechog‘liq tadbiq etilayotganini o‘rganish maqsadida borgan.

BMTning yuqori martabali rasmiysi Tojikistonda o‘z "tavsiyalari jiddiy olingani va ba‘zilarini amalga tadbiq etish uchun hukumat tarafidan doimiy sa‘y-harakatlar" yo‘lga qo‘yilganidan benihoya qoniqish hosil qilganini aytgan.

Janob Mendez, ayniqsa, uning maslahatlaridan foydalanish yo‘lida qiynoqlarga milliy dastur qabul qilinganini xushqarshilagan.

"Ammo, men ushbu dasturni tuzib chiqish va ijro etishda fuqarolik jamiyati bilan maslahatlashilmaganidan afsusdaman", deydi u.

Qiynoqlar bo‘yicha mutaxassis mazkur dasturning ayrim nuqtalarida mavhumliklar mavjudligini e‘tirof etadi va fuqarolik jamiyati bilan ko‘proq hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga chaqiradi.

Ayni paytda Xuan Mendez qiynoq so‘ziga oydinlik kiritishga imkon beradigan, Qiynoqlarga qarshi konventsiya doirasida qabul qilingan yangi qonun va Oliy mahkamaning qiynoqlarni oldini olishni kafolatlovchi farmonini olqishlagan.

Ammo, uning ta‘kidlashicha, Tojikistonda qiynoqlar va nomaqbul munosabatlar uchun jazo berish hollari ko‘payishi lozim.

BMT rasmiysi vaqtinchalik hibsxonalar va jazoni o‘tash muassasalarida qiynoqlar mavjudligi borasidagi xabarlarga qaramay, keyingi 2 yil ichida faqat 4ta holat ustidan jinoiy ish ochilgani yetarli emasligini aytadi.

Unga ko‘ra, hukumat qonunlar va siyosatlar amalda jiddiy o‘zgarishlar yasaguniga qadar ishlashda davom etishi lozim.