Tolibonning qadami Suriyaga ham yetdimi?

Image copyright AFP

Agar, Tolibon masalalari bo‘yicha yetakchi ekspertning tahliliga tayanilsa, xuddi shunday.

Tahlilchi Fazil Ahmad Burgutga ko‘ra, aynan mafkuraviy harakat ekani bois, Tolibon harakati bugun Pokiston va Afg‘oniston qolib, Markaziy Osiyo, Qofqoz va Yaqin Sharq qadar butun Islom dunyosiga kirib borgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Tolibon bu – mafkuraviy harakat. Uning asosini "Salafiylik" g‘oyasi tashkil etadi. Xuddi shu sababdan ham, bu - Pokiston va Afg‘oniston bilan cheklanmay, butun Islom dunyosiga yoyilib ketgan harakatdir. Faqat markazigina Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida", - deydi asli afg‘onistonlik bo‘lgan tahlilchi Fazil Ahmad Burgut.

Uning aytishicha, xuddi shu sababdan ham, Qofqozda bo‘lsin va yo Yaqin Sharqda, bugun boshqa islomiy mamlakatlarda ham Tolibon harakatining muayayn shakldagi tarmoqlarini ko‘rish mumkin.

"Yaxshi tashkillashgan harakat. Ularning boshqa joylardagi tarmoqlari ham o‘sha davlatlar uchun ko‘p tahdiddir. Fikr qilingki, bu – Markaziy Osiyo yoki har qanday musulmon davlati misolida bo‘lsin, ularni an‘anaviy Islomga zid bir harakat, deb ko‘rish mumkin", - deydi Tolibon masalalari bo‘yicha yetakchi tahlilchi.

Xuddi shu omildan kelib chiqib, tahlilchi biz bilan suhbatida so‘nggi yillarda Tolibon harakatining kuchlanishini mintaqada "Salafiylik" oqimining faollashgani bilan bog‘laydi.

"Eng avvalo mintaqada fundamentalizm yoki radikal Islom, ayniqsa, "Salafiylik" oqimi ancha faollashganiga e‘tibor qaratish lozim. "Salafiylik" haqida so‘z ketarkan, bir narsani yoddan chiqarmaslik kerak: Aynan ana shu oqim g‘oyalaridan kelib chiqib, toliblar Pokiston hukumatini asl Islomiy tizimda bo‘lmaganini iddao etib borishayapti. Ayni damda Afg‘onistondagi harakatdoshlari ham afg‘on hukumatini g‘ayrimusulmon bo‘lganlar bilan hamkorlik qilishda ayblab kelishadi", - deydi tahlilchi.

Nazoratdan chiqib bo‘lgan

Image copyright AFP

Tahlilchining nazdida Tolibon harakati Sovuq urushi tugashi va "Al-Qoida" tarmog‘i o‘rtaga chiqqan 90-yillar o‘rtalariga kelib, asta-sekinlik bilan Pokistonning nazoratidan chiqib bo‘lgan.

Harakatning o‘ziga esa, 90-yillar boshlarida, Sho‘ro qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishlari ortidan Pokiston shimolida asos solingan.

"Pokistonning shimoli va Afg‘onistonning janubida Tolibon harakati bilan juda yaqin aloqada bo‘lgan qavmlar, madrasalar borki, ular butkul Pokiston hukumatining nazorati ostida emas", - deydi tahlilchi.

Suhbatdoshimiz Tolibon muammosi haqida so‘z ketganda, aynan Pokiston shimolidagi madrasalarning ta‘siri juda katta ekanini nazardan qochirmaslik lozimligini alohida ta‘kidlaydi.

"Toliblarning bu madrasalarda jiddiy kuchlari bo‘lishi tayin. Ular insonlar, hatto, kichik yoshdagi bolalarni xudkush hujumchilikka tashviq etishadi. Hozir ham Afg‘oniston va Pokistonda bolalar juda kichik yoshdan madrasalarga borishadi. Madrasalarda ular nafaqat diniy tahsil olishadi, hatto, jangari ham bo‘lib yetishishadi. Agar, shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bu – yolg‘iz Pokiston yoki Afg‘oniston bilan cheklanmaydi. Mana, hozir ayrim Markaziy Osiyo davlatlaridan borib, Suriyada urushayotgan odamlarni ham ko‘rib turibmiz. Umuman olganda, ular Pokiston shimolidagi ana shu madrasalarning mahsulidir. Xuddi ana shu voqealarning manzarasida Tolibonning qudrati, bugun nimalarga qodir ekani ham ayon bo‘ladi", - deydi suhbatdoshimiz.

Tahlilchiga ko‘ra, harakatning yagona markazdan turib boshqarilmasligi va turli guruhlardan tashkil topgani nazarda tutilsa, qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, birgina tinchlik muzokaralarining o‘zi Tolibon muammosining yechimi bo‘la olmaydi.

"Ayni o‘rinda so‘z dunyoqarashlari, Islomni tushunishlari, kurash usullari turlicha bo‘lgan har xil harakatlar, jarayonlar haqida ketayapti", - deydi Tolibon masalalari bo‘yicha yetakchi tahlilchi Fazil Ahmad Burgut.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Tolibon muammosiga barham berishda ham xuddi shu holat nazarda tutilishi va yondashuvlar ham turlicha bo‘lishi lozim.

"Bir-biriga aloqasi bo‘lsa-da, mazkur jarayonda Afg‘oniston va Pokistondagi Tolibon harakatlarini ayri-ayri ko‘rish kerak. Ularning g‘oyaviy qarashlari mutlaq bir xil emas. Deylik, Afg‘oniston misolida buning uchun ish zaminalari yaratilishi va Tolibonning haqiqiy tahdid sifatida ko‘rilishi taqozo etiladi. Pokistonda esa, birinchi navbatda mamlakat shimolidagi madrasalarni nazorat ostiga olish kerak. Lekin, hammadan avval, Tolibon terrorchi harakat ekani qabul qilinishi lozim. Afsuski, ham Afg‘oniston va ham Pokiston tomonidan shu paytgacha Tolibon terrorchi harakat sifatida rasman tan olinmagan. Faqat shunday bo‘lgan taqdirdagina, ularga qarshi bir strategiya ishlab chiqish mumkin bo‘ladi".

Tahlilchi eng so‘nggida, "aynan mafkuraviy bir harakat bo‘lgani uchun, shunda ham, Tolibon muammosiga butkul barham berib bo‘lmasligi, ularni faqat jilovlash mumkinligini alohida ta‘kidlaydi.

Mintaqa tahdid ostidami?

Image copyright BBC World Service

Pokistonlik ko‘zga ko‘ringan tahlilchilardan biri Ahmad Rashid yaqinda BBC uchun yozgan so‘nggi maqolasida Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistonni Afg‘onistondan kelayotgan tahdid qarshisida eng zaif mamlakatlar sifatida tilga olgandi.

Mintaqadagi bu uch davlat esa, birgalikda Afg‘oniston bilan qariyb 2.000 chaqirimlik chegaraga egalar.

Tahlilchi o‘ziga imkonli bo‘lgan ayrim xabarlarga tayanib, Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati Markaziy Osiyo va Afg‘oniston chegarasida yangi bazalarini o‘rnatishga urinayotgani, 2005 yilgi qonli Andijon voqealari ortidan, ular yanada ko‘proq yangi jangarilar yollashga muvaffaq bo‘lgani haqida yozgandi.

Muallifga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakati Tojikiston janubi, Pokiston shimoli-g‘arbidagi chegara va Afg‘oniston sharqiga osongina qo‘l uzatish mumkin bo‘ladigan yirik hududni egallab olish istagidadir.

Ammo, pokistonlik hamkasblarining bu kabi fikrlariga qo‘shilmasliklarini aytgan ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, harakatni bugun birgina O‘zbekiston misolida 30 millionlik davlatni izidan chiqarib yuboradigan yoki unga jiddiy talofat yetkaza oladigan resursga ega, tahdid deyish noo‘rin bo‘ladi.

Ham Afg‘oniston va ham Pokistondagi Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati 2001 yildan buyon jiddiy talofatlarga uchragan va qator rahbarlari ham o‘ldirilgan. Ammo butkul mavh bo‘lmagan.

O‘z o‘rnida harakat muallaq ma‘lum bir resurslarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘layotganini nazarda tutib, tahlilchilar, "Afg‘onistonda toliblarning hokimiyatga qaytishi va yoki qo‘shinlarning chiqib ketishi mintaqa uchun jiddiy muammo ekanini inkor etishmaydi".

Afg‘onistonda o‘tgan 13 yildan buyon hozir bo‘lgan xorijiy ittifoq qo‘shinlari esa, Tolibon muammosi va afg‘on mojarosiga butkul yechim topmay, shu yil boshidan Afg‘onistondan ommaviy safarbarlikni boshlashgan.

Ayni o‘rinda shuni ham alohida eslatib o‘tish joizki, agar rasmiy Kobul va AQSh hukumati o‘rtasida muhim xavfsizlik bitimi imzolanmaydigan bo‘lsa, Afg‘onistonda birorta ham harbiy baza yoki xorijiy askar qolmaydi.