O‘zbekiston hukumati erkin matbuotdan qo‘rqadi

Image copyright BBC World Service
Image caption "Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi vaziyati abgor"

Jurnalistlarni himoya qilish Qo‘mitasining "Matbuotga hujum" deb nomlangan 2013 yilgi hisobotida matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lgan davlatlardagi vaziyat haqida so‘z boradi.

Tsenzura, matbuotni cheklashga doir qonunlar, hukumat tomonidan tazyiqlar va qamoqqa tashlash holatlari haqida so‘z borgan bu hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistondagi holat xavotirlanarli darajada abgordir.

Jurnalistlar uchun xatarli davlatlar qatorida Rossiya, Belorussiya, Ukraina, Tojikiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon bor.

Jurnalistlarni Himoya Qilish qo‘mitasining hisoboti avvalida Prezident Karimovning odatdagi yolg‘onlaridan biriga e‘tibor qaratadi.

Har gal jurnalistlarni jasurlikka da‘vat qilar va ularning muammolarini hal qilish va‘dalarini berar ekan, Karimov hech qachon ularning uddasidan chiqishga harakat qilmagan...

Hukumatni tanqid qiladigan jurnalistlar yillarki ta‘qib va tazyiqlar ostida qolar ekan, O‘zbekistonda erkin matbuot o‘ldirildi. Bu mamlakatda nimalar bo‘layotgani haqida asosan mish-mishlar va yoki diplomatik yozishmalarning matbuotga sizib chiqishidan anglashiladi.

Shuningdek, Karimovning salomatligi haqidagi xabarlar ham ana shu yo‘l bilan ommaga oshkor bo‘ldi.

Image copyright b
Image caption Muhammad Bekjon 14 yildan beri qamoqda

O‘tgan yil oxiriga kelib O‘zbekistonda kamida to‘rt nafar jurnalist qamoqda qolayotgan edi.

Ular O‘zbekiston zindonlarida keng qo‘llaniladigan qiynoqlardan benasib qolmaganlari ehtimoldan xoli emas, deb yoziladi qo‘mita hisobotida.

Jurnalistlar va huquq himoyachilari O‘zbekistonda inson huquqlarining buzilishi va korruptsiya haqida yozganlari uchun tazyiq ostiga olinadi.

Ayrimlar vatanni tashlab chiqadilar. Ular orasida sirtdan yetti yillik qamoq jazosiga hukm etilgan Nadejda Otayeva ham bor.

Jurnalist Sergey Naumov to‘qib chiqarilgan ayblov bilan qamoqqa tashlangan edi.

Bundan atigi bir kun avval, qo‘mita hisobotida yozilishicha, O‘zbekistonlik mulozim BMTning Inson huquqlari Kengashiga mamlakatda hech kim hukumatni tanqid qilgani uchun qamoqqa tashlanmasligi va inson huquqlari hurmat etilishi haqida gapirgan edi.

Endilikda bu mulozimning da‘volarini tekshirish juda ham mushkul bir masalaga aylandi.

O‘zbekiston mulozimlarining qarshiliklariga ishora etar ekan, Xalqaro Qizil Xoch jamiyati rasman mamlakat qamoqxonalariga safarlarini to‘xtatayotganini ma‘lum qildi.

Hozirda 14 yildan beri muxolifatning "Erk" gazetasi muharriri Muhammad Bekjon va shu gazeta jurnalisti Yusuf Ro‘zimurodov ham qamoqda o‘tirishibdi.

Ikkovlon dunyo bo‘ylab eng uzoq qamoq jazosini o‘tayotgan jurnalist sanaladi.

Qamoqdagi jurnalistlar qatorida Xayrullo Hamidov, Dilmurod Sayyid va Solijon Abdurahmonovlar ham bor.