Bahs: Karimovning Chexiya safarining qoldirilishi fuqaro jamiyati uchun g‘alabami?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright AFP
Image caption Chexiya Prezidenti Milosh Zeman janob Karimovning tashrifini himoya qilgan edi

Chexiya Prezidentining devoni O‘zbekiston Prezidentining kelasi haftaga rejalangan Chexiya safari amalga oshmasligini tasdiqlagan.

Chexiya rasmiylari 21 fevral kuni boshlanishi kutilgan ikki kunlik tashrifning o‘zbek tomoni istagiga binoan noma‘lum muddatga kechiktirilganini aytishmoqda.

Prezident Karimov tashrifining qoldirilishi O‘zbekiston rahbarining Ovro‘poga navbatdagi safari atrofida ko‘tarilgan norozilik to‘lqini manzarasida yuz bermoqda.

Ovro‘po Ittifoqi Karimov hukumatini 2005 yil mayida Andijonda yuzlab namoyishchilarning o‘qqa tutilishi uchun mas‘ul, deb biladi.

Ittifoq o‘zbek hukumatining hodisalarga aloqador deb ko‘rilgan 12 nafar mulozimining Ovro‘poga safarlarini taqiqlagan.

Ammo 2009 yilga kelib, Bryussel rasmiy Toshkent bilan kechgan inson huquqlari borasidagi muzokaralarda siljishga erishildi, degan vaj bilan ramziy jazo choralarini bekor qilgan edi.

Inson huquqlari tashkilotlari bu qarorning noto‘g‘ri bo‘lgani, Prezident Karimov Andijondagi qirg‘in uchun javobgarlikdan osonlikcha qutulib qolganini aytib keladilar.

Shundan buyon O‘zbekiston rahbarining Ovro‘po davlatlariga safarlari huquq tashkilotlarining diqqat markazida bo‘lib keladi.

Dushanba kuni inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi dunyoning 31ta tashkiloti Milosh Zemanga ochiq maktub yo‘llab, toki O‘zbekistonda inson huquqlari yaxshilanmas ekan, Islom Karimovni qabul qilmaslikka chaqirishgandi.

Chexiya Prezidenti bu chaqiriqlarni qat‘iyan rad etgan va huquq faollarini "ikkiyuzlamachilik" da ayblagan.

Ammo chexiyalik hamkasbining tashrifni himoya qilishiga qaramay, Prezident Karimov Chexiyaga safardan voz kechgani anglashilmoqda.

Janob Karimovni Pragada norozilik namoyishlari bilan qarshi olishga tayyorgarlik ko‘rayotgan o‘zbekistonlik fuqaro jamiyati faollari esa tashrifning qoldirilishini "g‘alaba" deb atashmoqda.

Xo‘sh, Karimovning Pragaga safar qilmasligidan kim ko‘proq foyda ko‘radi?

BBC norozilik namoyishlari tashkilotchisi Mo‘‘tabar Tojiboyeva hamda O‘zbekistondagi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati rahbari Vasila Inoyatovalar bilan suhbatlashgan.