Toshkent ko‘chalaridagi qorni tozalash soliq to‘lovchilar zimmasiga yuklandi

Image copyright gazeta.uz

Poytaxt ko‘chalarini soliq to‘lovchilar tekinga tozalashadi. Hashar uyushtirish haqida shahar hokimi farmoyish imzolagan. Toshkent shahar hokimiyati axborot xizmati xabarida aytilishicha, hasharda mulkchilik shaklidan qat‘iy nazar, barcha korxona va tashkilotlarning faol ishtiroki ko‘zda tutilgan.

Xabarda yozilishicha, fevral oyida qishning noodatiy kelishi, yog‘ingarchiliklarning ko‘p bo‘lishi poytaxtning xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlari, hokimliklar oldiga qator kutilmagan muammolarni keltirib chiqardi.

Umumshahar shanbaligi 15-16 fevral kunlari ikki kun davomida o‘tkaziladi.

Farmoyishda poytaxtdagi muz va qordan tozalanmagan 63 ta ko‘chada tozalash, qorni eritish uchun tuz-qum aralashmasiini sepish ishlarini amalga oshirish vazifasi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari shahardagi savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish shoxobchalari atrofini, bozorlarning kirish qismini qordan tozalash ishlarini tashkil etish belgilangan.

"Darhaqiqat, bu ish nafaqat tashkilot va korxonalar, balki shahrimizda istiqomat qilayotgan har bir yurtdoshimizning ham manfaatlariga qaratilgandir. Shunday ekan, shahrimiz aholisi ham bu jamoat tadbirida o‘z hissasini qo‘shishi tabiiy", - deyiladi shahar hokimiyati tarqatgan xabarda.

Hasharni tashkil qilish va nazoratga olish tuman hokimlari va mahalla raislari zimmasiga yuklatilgan.

"Hokim lavozimi yo‘q qilinsin"

Ixtiyoriy majburiy ravishda o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish O‘zbekistonda keng quloch yoygan.

Hokimiyat ishchilariga futbolga chipta sotish, xavfsizlikka javobgarlik mas‘uliyatlarini yuklash yoki xalq ta‘limi, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarini namunali uylar qurilishdan tortib aholidan gaz, elektr energiyasiga to‘lov undirish ishlariga majburlash odatiy holga aylangan.

Mamlakatdagi korruptsiya, totalitar boshqaruv va ishsizlik odamlarni o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarda ishlashdan o‘zga chora qoldirmayotgani aytiladi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi potrebitel.uz ochiq guruhi ishtirokchilari "shaharliklar hokimiyat o‘rniga yana nimalar qila olishi mumkin" degan mavzu ostida ko‘cha tozalash hasharini muhokama qilgan.

Ishtirokchilar shahar hokimiyatining o‘z vazifasini bajarmayotganini kinoyali tanqid ostiga olishgan.

Shuhrat Qurbonovning "Yo‘llardagi chuqurchalarni asfaltlash bo‘yicha shanbalik o‘tkazish" taklifiga ko‘plar layk bosgan.

"Yaqinda shaharning hamma aholisi sariq jiletkada yuradigan bo‘ladi", - deydi Begzod Gulmetov.

Xikmatilla Shokir ismli foydalanuvchi, "Hokim lavozimini yo‘q qilish kerak, shahar aholisi uning vazifalarini o‘z zimmasiga oladi va hashar yo‘li bilan bajaradi", deydi.

Ochiq guruh a‘zolari mamlakatda sog‘liqni saqlash, ta‘lim xodimlari shanba va yakshanba kunlari ariq tozalash, qurilgan ob‘eklarda pollarni yuvish kabi ishlarga hokimiyatdagilarning nazorati ostida ishlashga majburlanayotganini yozishgan.

Hattoki, tungi navbatchilikka turgan shifokorlar ertasi kuni yana tozalash ishlariga jalb qilinayotgan holatlar bo‘layotgani, uxlash uchun uyga javob bermasligi yozilgan.

"Hayron qoldirganingiz yo‘q. Singlim san‘at maktabida skripkadan dars beradi. U ham farroshning rolini bajaradi", - deydi Lilli Shaybakova.

Vadim Zubanov farmoyish orqali qanday qilib hashar o‘tkazish mumkinligini savol ostiga oladi.

"Balki men davlat tilini yaxshi bilmasman. Qanday qilib farmoyish orqali hashar o‘tkazish mumkin?"

Shaharliklardan biri oyiga o‘rtacha 300 ming so‘m soliq to‘lashini va nima uchun dam olish bo‘lgan yakshanbada ko‘cha tozalashga majbur qilinayotganini tushunmasligini aytgan.

Foydalanuvchilar ushbu farmoyishni prokuror bekor qilishini kutamiz, deyishgan.

Your contact details
Disclaimer