Rubl va tanganing ortidan o‘zbek so‘mi ham qadrsizlanadimi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rossiyada rublning qiymati keskin tushib ketgan.

Bugungi tushish yanvar oyidan boshlangan va yevro hamda dollarga nisbatan kuzatilayotgan rekord tushishdir.

Juma kuni Moskva birjasida bir yevro qariyb 48 yarim rubl, bir AQSh dollari esa 35 rubldan ko‘proqqa sotilgan.

Ko‘pgina iqtisodchilar rublning tushishini jahon bozoridagi makroiqtisodiy sharoitlar bilan bog‘lashmoqda.

O‘tgan hafta Rossiya boshchiligidagi Bojxona Ittifoqi a‘zosi bo‘lgan Qozog‘iston tangasi 20 foizga qadrsizlangan edi.

Prezident Nazarboyev qozoq hukumatiga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish yuzasidan shoshilinch choralar ko‘rishga buyruq bergan.

Ayni paytda har ikki davlat markaziy banklari milliy valyuta qurbini ushlab turish uchun yetarli zahiralarga ega ekanliklarini aytishmoqda.

So‘nggi yillarda mehnat muhojirlari Rossiyadan uylariga yuborgan pullar o‘zbek so‘mini butunlay barbod bo‘lishdan asrab qolgani aytiladi.

Juma kungi tushishdan so‘ng mehnat muhojirlari Rossiyadan uylariga yuboradigan mablag‘lar kamida 10 foizga, Qozog‘istondan yuboriladigan pullar esa 20 foizga qadrsizlanadi.

O‘zbekiston hukumati qattiq pul-kredit siyosatini yuritib keladi.

AQSh dollarining O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan rasmiy kursi bilan qora bozor kursi o‘rtasidagi farq 30 foizga teng.

Ammo iqtisodchilar hukumat so‘mning qurbini sun‘iy ravishda dastaklayotgani, u dollar yoki rublning haqiqiy qiymatini aks ettirmasligini aytadilar.

So‘nggi paytlarda xuddi Qozog‘istondagi kabi devalvatsiya jarayonini o‘tkazish takliflari ham eshitila boshlagan.

Rubl va tanganing qadrsizlanishi, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uylariga yuboradigan pullar oqimining kamayib ketishi o‘zbek so‘miga qanday ta‘sir ko‘rsatadi?

BBC toshkentlik iqtisodiy tahlilchi Anvar Husayinov bilan suhbatlashgan.