Ukrainada hibsdagi muxolifatchilar ozod qilingan

Image copyright AP
Image caption Ukraina Prezidenti muxolifat faollari bilan muzokaralar o‘tkazgandi

Ukrainada hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgan muxolifatning barcha a‘zolari qo‘yvorilgan.

14 fevralda hibsga olingan 234 kishining oxirgisi bugun 14 fevralda Goloseyevskiy mahkamasi qarori bilan ozod qilindi, deb xabar beradi Ovromaydonning Milliy qarshilik shtabi.

Cherkassk, Dnepropetrovsk va Kiyev viloyatlarida qo‘lga olinganlardan 11 kishi uy qamog‘iga o‘tkazilgan.

Uch kundan so‘ng Oliy Radaning 29 yanvarda qabul qilgan va prezident imzolagan amnistiya haqidagi qonuni muddati nihoyasiga yetadi.

Prezident Yanukovich imzolagan bu qonunga muvofiq faollar 17 fevralgacha bosib olgan davlat binolarini bo‘shatishshlari va markaziy yo‘llarni ochishlari talab qilinadi.

Bunga javoban hukumat hibsdagi muxolifat faollariga nisbatan jinoiy ishni to‘xtatishga va‘da bergan. Hukumat qo‘ygan shart bajarilmasa, amnistiya o‘z kuchini yo‘qotgan hisoblanadi. Biroq faollar kirib olgan binolarni bo‘shatishga rozi bo‘lmaganlar.

Hukumat bilan norasmiy muzokaralarda Afg‘on jangchilari va radikal "O‘ng qanot" a‘zolari qatnashgani va kelishuvga erishgani xabar qilingandi.

Unga ko‘ra, muxolifat Kiyev hokimligi va Grushevskiy ko‘chasini ochishi kerak.

Ovromaydon faollari bu shartlarni bajargani haqida hozircha xabar yo‘q.

Ayni paytda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ovro‘po Ittifoqini Ukrainani ham o‘z ichiga olgan ta‘sir doirasini yaratishga urinayotganlikda ayblagan.

Uning aytishicha, Ovro‘po Ittifoqi Ukrainaga Ovro‘po Ittifoqini tanlash yuzasidan bosim o‘tkazmoqda.