Shahodat Ulug‘. Jayhun epkinlari - roman. 2-qism

Shahodat Ulug‘ (Ulug‘ova) – 1970 yilda Nurota shahrida tug‘ilgan.

O‘rta maktabni tamomlagach, ToshDU jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Bir necha nasriy kitoblar muallifi.

Yozuvchining e‘tiboringizga havola etayotganimiz – Xorazmshohlar saltanati tarixidan, ulug‘ sarkarda Jaloliddin Manguberdining jasoratlarga to‘lug‘ hayotidan hikoya etuvchi romani adabiyot ixlosmandlari tomonidan iliq qarshi olinmoqda.

Aziz mushtariy, jozibali uslubda bitilgan ushbu asarni Sizga ham sog‘indik, uni mutolaa qilish barobarida Siz ham yurtimizning shavkatli o‘tmishiga yana bir karra oshno bo‘ling.

15. Ayanchli kunlar

Atrofda bir faryod eshitilib turardi. Bir mungli suvrat Jaloliddinning ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi, bu suvrat mudom peshonasida mung‘ayib, ohori to‘kilgan atlas singari ko‘rinib turdi. Xon Sultonning yig‘isi quloqlari ostidan sira nari ketmadi. Jaloliddin o‘ziga kelolmay og‘ir yutindi, soliq qovog‘i esa battar uyuldi. Otlar esa yo‘lda uchragan yantoqlarni pisand etmay tobora ilgarilab borardi. U boshini xiyol orqa tashlab, ot jilovini qo‘lida mahkam tutib, ko‘zini bir lahza yumdi. Ammo ko‘zini ochgach, qancha zo‘r bermasin, boshiga og‘riq kiritgan o‘ylardan sira qutula olmadi. Hamon singlisining mungli suvrati uning ko‘z o‘ngida namoyon edi. "Yo Xudo! Quvg‘inlikni ixtiyor etgan otam hozir qay holda bo‘lsa? Nega u mudom panada qochib yuradi? Onasi, ayollari, farzandlari, yolg‘iz qizini shu qismatga giriftor etib, tag‘in bu kulfatlarga qanday dosh berayotgan bo‘lsa?!" Ichidan otilib chiqqan faryodni u birovga eshittirmadi, ammo bu xitob o‘zini omon qo‘ymagani ham rost edi. Hayotda shu hodisalar ham bo‘lar ekanmi?! Bunday holatda turgan kishi ichida kechganini birovga aytishga andisha qiladi. Ammo bu kuyit seni o‘tdan olib, yana otash domiga soladi, shunda isitmasi oshgan iching ichingga sig‘may qoladi. Yer yer yeridan o‘pirilib, bir siqim joning kelichada tuyiladi. Ichingdagi to‘fonlar esa kelida tuyulgan joningni to‘kib tashlaydi. O‘sha iskanja seni butkul ado qilib, yo‘qlik qa‘riga uloqtiradi. U tishlarini tishlariga qo‘ydi, shunda nur shimgan peshonasidan sizib chiqan terlar yuziga oqib tusha boshladi. G‘arib holini yonida ketayotgan ukalari Gursanjti va O‘zloqshoh sezib qoladigandek birdan hushyor tortdi. Ko‘rdiki, ular ham akasiga o‘xshab, o‘z o‘ylari bilan o‘zlari olishib, jim ketishar edi. Kimsasiz Dasht ham, sarbozlar ham sukutda edi. Ammo u jonini siquvga olgan xayollardan qutula olmadi. "Agar otam taxtni menga berganida edi, o‘zim Chingizning yo‘liga to‘siq qo‘yardim. Avval boshdanoq ko‘lanka tashlab kelayotgan gazandalarni yurtning yaqiniga yo‘latmasdan qirib tashlardim..." Bunga uning asosi bor edi. O‘shanda, Chingiz bosqinidan bir muhlat ilgari otasi Xorazmshoh mashvarat chaqirgan va o‘sha chog‘ Jaloliddin otasiga haq gapni aytgan: "Buyuk Movarounnahr - Xuroson, Eron hamda Arab mamlakatindagi jamiki harb kuchlarni bir musht qilib yig‘aylik. Bu holatda, agar jangu-jadal muhaqqaq ekan, al-Hivaqiy janoblarining taklifi joiz ko‘rinadur. Barcha qo‘shinni saltanat sarhadlariga jamlab, yog‘iyni ichkariga yo‘latmaslik darkor. Zarbimiz shu qadar bo‘lsinkim, bizga qasd qilgan yog‘iy Dasht qo‘ynida mahv etilsun." Biroq otasi uning bu maslahatiga quloq osmadi va mashvarat yakunida "Har bir qal‘a, har bir shahar o‘zini o‘zi himoya qilsin" , degan mantiqsiz qarorni qabul qildi. Bu chindan ma‘nisizlarcha chiqarilgan qaror bo‘lib, butun Movarounnahrni o‘z holiga tashlab qo‘yish, degani edi. Xorazmshoh ojiz emas edi, savdoyi mijozlik ham unga begona, ammo uning ruhiy siniqligi mudom boznab turgan cho‘g‘ ustiga kul tortib turdi. U qudratli edi, biroq to‘rt yuz ming lashkarga ega bo‘lgan Sulton qa‘iyatni qo‘ldan boy berib qo‘ygandi. Uni onasi boshliq qipchoqiy quzg‘unlar to‘dasi o‘rab olgandi. Va bu bexosiyat qavm mudom uning tole‘idagi shamni o‘chirmoq payida bo‘ldi. Mudom yo‘lida ko‘ndalang turdi. Bu to‘da uning atrofida mudom fitna qo‘zidi. Qabohat va zulmni avj oldirdi. Qonlar to‘kdi. Xorazmshoh boshdayoq sustlik qildi. U onasining izmida yurib, qipchoq galalarining saltanat ichkarisiga qadam-baqadam kirivuga izn berdi. Xususan, otasining o‘limidan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmay qang‘ilardan bo‘lgan lashkarboshisini vazifasidan chetlatdi. Uning o‘rniga onasining urug‘idan bo‘lgan Xumor Ag‘uni turkiy qo‘shinlariga sardorlikka tayin etdi. Qudratga kirgan lashkarboshi Xumor Ag‘u esa qo‘shin safini qipchoqlar qavmi bilan to‘ldirib bordi. Shundan so‘ng Xorazmshoh birin-ketin tog‘alari va bo‘lalarini viloyat hokimi etib tayinladi. Sulton bu qavmga ishonib, ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi. Yigirma yil aldovlar va fitnalar ichida o‘tdi. Ammo buni u dastlabiga anglamadi. Qipchoqlar kishi bilmas xiyonatkor fitnalari bilan ko‘p noma‘qul ishlarni amalga oshirdi. Bular tufayli saltanatda ko‘p adolatsizliklar sodir bo‘ldi... Voyaga yetgan shahzoda Jaloliddinni sulton Muhammad G‘azna, Bomiyon, G‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston qadar yoyilgan hududlarga hokim etib tayin etdi. O‘shanda ko‘klam chog‘i edi. Xurosondan Maroqandga onasi Oychechak Begim bilan qaytayotgan Jaloliddin qipchoqlar tomonidan uyushtirilgan suiqasdga duch keldi. Tong yorishgan, yo‘lda nafas rostlamoqqa to‘xtagan xos lashkarlar yana yo‘l taraddudiga tushishgandi. Yana to‘rt kun yo‘l yurgach, Maroqandga kirib borishadi. Otlar isitmasi oshgan qum o‘pqonlarini pisand qilmay ilgarilaydi. Uzoqdan qoraygan sharpa ko‘rina boshlagan mahal xavotiri oshgan Badr Tarxon otining jilovini tortib, ortiga qaytdi. U shahzoda Jaloliddinga buning xabarini yetkazish uchun shoshildi. Qum qati qaynab, jazirama ham avjiga chiqdi. Jaloliddin qirg‘in hamlasini sezib, barchani ogoh etdi. Qahr otida oldinga qarab kelayotgan ikki lashkar nihoyat to‘qnashdi. Ular duch kelganning kallasini olmoqqa qasd etishib, barchani qatliom qilmoq uchun qilich o‘ynatib, qiyqiriqlari bilan olamga ovoza soldi. Kimdir kimnidir beomon savaladi. Baqir-chaqir, oh-voh olamni tutib ketdi. Barchaga jon tashvishi barobar tushdi. Atrofni dahshat qo‘pdi. Til tortmay o‘lganlar, ihragan ko‘yi bag‘ri qonab yotganlarning sanog‘i yo‘q edi. Jaloliddin boshliq lashkarlar beboshlar galasini mahv etib, ularning sardorini qo‘lga oldi. Sardor Jaloliddinning joniga qasd qilish uchun ularni Turkon Xotun jo‘natganiga iqror bo‘ldi. Mana hozir aynan shu Dasht osha olislarga ravona bo‘lgan Jaloliddin o‘sha mash‘um voqeani esga olar ekan, to‘pig‘iga dovur titrayotganini his etdi. U momosining kibrli chehrasi hamda otasi Xorazmshoh Turkon qarshisida o‘yga botib turganini ko‘z oldiga keltirdi. Bu juda ayanchli hol edi. O‘shanda shar‘iy Valiahd hisoblangan shahzoda Jaloliddin o‘rniga O‘zloqshoh taxt vorisi etib tayinlandi. O‘zloqshoh Turkonning qavmidan bo‘lgan kelini Qutlibikadan tug‘ilgan shahzoda edi. Jaloliddin esa bir qadam orqaga chekinishga majbur bo‘ldi. Bu chekinish uning kelajagi uchun muhim ekanini bilardi. Nahotki umrining qolgan qismi shu o‘ylar iskanjasida o‘tsa? Adolat hukmi bormi? U qayerga, qachon g‘oyib ketgan edi? Shu savol Jaloliddinni hushyor torttirib, mudom bedorlikka da‘vat etib turdi. Otlar dupuri olamni tutdi. Yantoq ungan Dashtning esa hali veri poyoni ko‘rinmasdi. Jaloliddin yuzida unib chiqqan terni sidirdi. Ammo boshida g‘ujg‘on o‘ynayotgan o‘ylarni hargiz sidira bilmadi. Saltanat ichkarisiga o‘rlanib kirgan qipchoqlar galasi mudom fitna qo‘zish bilan band bo‘ldi. Hayot-chi? Hayot jangu jadal ichida tebranadi. Bu jang - bu omonsiz savash keyingi yigirma yil ichida dorulsaltanada yanada avj olgan edi. Qabohat va zulm jaholat gulxanini qo‘zg‘ab turdi. Qonlar to‘kildi. Saltanat ikkiga bo‘lindi. Otasi Maroqandda, momosi Turkon Gurganjda hukm surdi. Bu hol tamoyillarni tubdan o‘zgartirib yubordi. Ko‘rib-bilib turganlar esa bu holga unsiz bo‘ysundi. Riyokor qipchoqlar yana nohaqliklar sodir etib, zulm otiga mindi. Qipchoqlar homiysi Turkon ularni quvvatlab turdi. Yana ko‘p adolatsizliklar sodir etildi. Asl Valiahd Jaloliddin o‘rniga O‘zloqshohning taxt vorisi etib tayin etilishi bunga yorqin na‘muna edi. Bu qabohat o‘yinining asl ko‘rinishi, adolatsizlikning isboti edi. Turkon-chi? Uning paytavasiga qurt oralab qolgandi. U boshidan xato ketgandi. Xotun o‘z atrofiga yig‘gan qipchoqiy qavmi va ko‘p sonli sarbozlariga tanyangan holda, o‘g‘li Xorazmshohning yo‘liga o‘z xohishlarini ko‘ndalang tashladi. O‘z jigari bilan raqobatga kirishdi. Sulton sustlik qildi. Uning ruhiy siniqligi mudom pand berdi. Pichoq etga borib qadalgach, yon berib, onasiga butkul taslim bo‘ldi. Turkon Xotun shavkatli hojasi Alouddin Tekish farmon bergan to‘qson to‘qqiz buyruqning yigirma nusxasini ko‘chirib, saqlab qo‘ygandi. Bulardan asosiysi: 1. Movarounnahrda shaksiz shar‘iy Islom davlatini joriy etish; 2. Dorulsaltana tamoyillarini buzmaslik; 3. To‘ng‘ich farzand shaksiz valiahddir; 4. Saltanatni faqat adolat asosida boshqarmoqlik; 5. Shahzodalarning xavfsizligi shahanshoh himoyasida bo‘lmog‘i;..

16. Oliy Farmonga darz yetdi

Xorazmshohlar-chi? Ular bu farmoni oliyni arslon terisiga qahrabo harflarda muhrlab qo‘ymaganmidi? Yosuman Turkon Xotun! Oliy farmonni buzishga va hojasi shavkatli Tekishning pok ruhini bezovta qilishga na haddi sig‘mish uning?! Oychechak Begim-chi? U shoh hojasi Muhammad Xorazmshohga bobolaridan omon yetib kelgan bu muborak farmonlar avaylab saqlanishini bilardi. Shunda u bu farmonlardan o‘ziga bir nusxa ko‘chirtirdi. Nafaqat ko‘chirtirdi, balki u bularni yod oldi. Va o‘g‘li Jaloliddinning-da tafakkuriga singdirdi. O‘shanda shahzoda o‘spirin tafakkuri bilan buni anglab yetgandi: bobosi Tekish mana shu tamoyillarga tayangan va saltanatda adolat o‘rnatib, hokimiyatni boshqargan. O‘shanda Oychechak o‘ylanib qolgandi... Bir gal u qaynotasi sulton Tekish hojasi Muhammadni yoniga chaqirib, haqiqatni so‘zlagan, shunda Oychechak Begim ularning bu suhbatiga eshik ortidan tasodifan shohid bo‘lgandi. Ko‘pdan unut bo‘lgan o‘sha manzara Oychechak xayolida jonlanib, shahzodaga qarab so‘zladi: - Bobong shavkatli Tekish mujtabo edi, - dedi uqtirib. - Ammo ne so‘zligin uqmadim, aniqlik kiritsangiz! - Mujtabo, - dedi u havoda doira hosil qilib, - saralab olingan, - deya ta‘kidladi. Shahzoda boshini qimirlatib: - Uqdim, mana endi uqdim. - dedi. Oychechak gapida davom qildi: - Turkiy saroy tamoyillarida shunday: to‘ng‘ich farzand shaksiz valiahddur! Illo, bobong Tekish otasi El Arslonga to‘ng‘ich farzand edi. Aning to‘ng‘ich zurriyodi otang Muhammad erur. Sen esa bizga to‘ng‘ich farzandsan. Jaloliddin o‘rnidan turdi, u minnatdor qiyofada bosh qimirlatib, keyin tavoze‘ bilan onasiga ta‘zim qildi. - Qani o‘tir, gapimning qolganini eshit,- gapida davom qildi malika, - o‘shandayoq bu tamoyillarga darz ketgan edi. Bobokaloning El Arslon to‘ng‘ich o‘g‘li Tekishni Jand viloyatiga voliy etib jo‘natdi. Oradan picha fursat vaqt o‘tgach, hammasi tubdan o‘zgarib ketdi. O‘lim to‘shagida yotgan El Arslon muhim qarorni buzib, kenja o‘g‘li shahzoda Sultonshohni valiahd deb e‘lon etdi. Shu tariqa asl valiahdmas, Sultonshoh taxtga ko‘tarildi. Bobongning o‘limidan so‘ng saltanatni yosh, buning ustiga iqtidorsiz Sultonshohning o‘rniga onasi boshqardi. Bu - tamoyillar buzilib, saltanat omonat qasrga aylanib borayotganidan dalolat edi. - Haqsizlik! Bu qanday buzuq hol bo‘ldi? - shahzoda o‘tirgan joyidan turib ketdi. - O‘g‘lim o‘tir, qolganini sabr ichinda eshit! Shahzoda joyiga cho‘kdi. Onasi esa gapida davom etdi... O‘shanda Jaloliddin bobokaloni El Arslonning dorulsaltana chekkasida bino etilgan hashamatli hilvatxonasida kechgan hayotini tomosho qildi. Magar, ulkan dorulsaltanada, farmoni oliyda hech bitilmagan, ammo mudom vorislarini yetaklovchi bir so‘qmoq bor edi. O‘sha so‘qmoq ularni olov tilchalari bilan aldab-avrab, qo‘llaridan tutib, ko‘ngil darichasi tomon beomon yetaklar edi. Darichadan ichkariga kirgan kimsaning esa bu ajoyib go‘shadan hech chiqqisi kelmas edi. Ko‘ngil ishi o‘rganilmagandir. Ko‘ngil ishi shunday talotum; bunda hatto shohlar yorning huzurida bir bandi edi. El Arslon ham junun asosiga tayanib, majnun ridosiga o‘ranib qoldi. Belidan qo‘ri-quvvati, ko‘zidan esa nuri ketib, qarilik bo‘sag‘asi tomon odimlayotgan El Arslon kutilmaganda bir malakka duch keldi. Bu betimsol hilqatni ko‘rgan qariya tuyqus jon tomiriga jodu qoni quyilayotganini o‘sha lahzadayoq his etgan edi. Sohibjamol hurliqo yonida bo‘lganida, u o‘zini navqiron his etar edi. - Shu choqqacha qayon eding, kelib mani xushnud etding! Sultondan tahsin eshitgan malak shahanshohga ta‘zim bajo keltirdi. Xorazmshoh El Arslon unga yaqinlashib: - Maloyik, isming ne sening?- deya savol etdi. - Asmo! - javob qaytardi u. Shoh qo‘llari uning zebo-yu inja jamolini siladi. So‘ng hurliqoning nozik belidan quchib erkalayotib, qulog‘iga shivirladi: - Asmo isming moziylar ko‘msun. Bundan buyon isming sening Sumangul bo‘lsun! U yorini yana erkalab quchdi va suluv yuzini chaman o‘pichlari bilan bezab chiqdi. Xorazmshoh El Arslon mahbubasining jismi jonida ishq olovini yoqish uchun o‘z labidagi o‘pichlariga o‘zi o‘chashib, uni qaynoq og‘ushidan bo‘shatmadi, so‘ng dast ko‘tarib, xilvat go‘shangasiga olib kirib ketdi. Yil o‘tib Sumangul unga shahzoda hadya etdi: u ham ona bo‘ldi, u ham barcha onalar singari o‘g‘li Sultonshohni jonidan ortiq ko‘rdi.

17. Zafar quchgan Tekish

Umrining qor fasliga zarif bahor olib kirgan bu ayolga El Arslon ipsiz bog‘langan edi. Sumangul izmida yurgan El Arslon to‘ng‘ich farzandi Tekishni Jandga voliy etib tayin etadi. Tekish volidasi bilan Jandga jo‘nadi. Endi Sumangul uchun maqsadga yetishmoq fursati yaqinlashmoqda edi. Xorazmshohlarning oliy farmoni shunda ilk bor buzildi. O‘lim to‘shagida yotgan El Arslon valiahdlik farmonini o‘zgartirib, kenja o‘g‘li Sultonshohni taxt vorisi etib tayin etadi. Jaloliddin bobokaloni El Arslonning shu tariqa kechgan hayotini tinglab, tomosho qilar ekan, ilk bor haqsizlik bilan to‘qnashib turar edi. Uning holini ko‘rgan Oychechak yana so‘zlandi: - Asl voris, shar‘iy valiahd sanalgan Tekish iqtidorsiz va qo‘rqoq Sultonshohga bo‘ysunishdan bosh tortdi. Faqat ugina saltanat tamoyillariga darz ketib, farmoni oliy buzilganiga aslo toqat qila olmagan. Oychechak o‘tirgan joyidan qo‘zg‘aldi. - Bobong Tekish qoraxitoylar qo‘llovida Gurganjga qo‘shin tortdi. Va qirg‘iy changali bilan Sultonshohdan o‘z mulki sanalgan Movarounnahrni tortib oldi. Chorasiz qolgan Sultonshoh esa Nishopur tomon qochdi. Va u yerda Muayyid ad-davla Oy-Abo huzurida panoh topdi. Erlik jasorati bilagida qaynab, yelkalarida bo‘rtgan Tekish muzaffarlik tug‘ini quchdi... Oychechak tag‘in o‘ylanib qoldi. Bu 1172-melodiyning baayni zimistoni edi. Tekish taxtga chiqdi. Ammo omonsiz savash oldinda edi. Sultonshoh va Tekish o‘rtasidagi muttasil jang yigirma yil davom etdi. Qochoq Sultonshoh bepoyon Xurosonning bir qancha viloyatlarini bosib olgach, Marvni qarorgohiga aylantirdi. Ona butun vujudi quloqqa aylanib, o‘tmish hodisotlarini tinglayotgan o‘g‘liga aytdi: - Bobong Tekish adolat asosiga tayanib hokimiyatni yuritgan shoh edi. U o‘limi oldidan to‘ng‘ich farzandi, otang Muhammadni valiahd etib, ikki oyog‘ini yozib xotirjam boqiy uyqusiga ketdi. Malika Oychechak unga yana dorulsaltana tamoyillarini eslatdi. O‘shanda o‘n bir yoshli Jaloliddin bobolaridan omon yetib kelgan bu Oliy Farmonni onasiga yoddan aytib bergandi. Ammo oradan yillar o‘tib, Farmonga yana darz ketdi. Jaloliddin ko‘z o‘ngida hayoti moziyga ko‘milgan bobosi Tekishning nurli suvrati namoyon bo‘ldi. U hamon o‘ylar iskanjasida edi. Bir gal u onasi Oychechakning "Na o‘tmish, na kelajakdan umid uyg‘onur.Chunki o‘tmishim o‘tkin bo‘ldi! Kelajagim-chi? Kelajagim gumondur maning!" deganini eshitib qolgandi... Ammo baribir tafakkur mavjudlikni tartibga solib, adolat izmida boshqarar edi. Oychechak ko‘klam ostonasida g‘amdan sochlariga bit oralagan motamsaro kampir kabi nochor o‘tirar edi. Ufqqa erinib bosh qo‘ygan otash olov tilchalarini qimirlatib, uni shomning za‘faron dunyosiga chorlayotgandi. Bu olov tilchalar chorlasa-chorlamasa baribir borliq shomga yelka tutgandi. Uning oldida esa qora chimmatiga o‘rangan ko‘lanka - xufton turardi...

18. Tuzoq

Oychechak bir noxushlikni savqi tabiiy sezayotgandi. Qaynonasi Turkon istasa-istamasa Muhammad Xorazmshohning to‘ng‘ich farzandi Jaloliddin bir kun shar‘iy Valiahd bo‘lishiga faqat u ishonar edi! Va yolg‘iz ugina jigarbandiga buni dildan sog‘ingan edi. "Olloh tanlab urug‘ qadagandir, illo bul umidli urug‘dan bir kun tayanch chinori unib chiqqay". Turkon-chi? U shoxlari ko‘kka bo‘y cho‘zgan, bu tayanch - chinor daraxtiga xiyonatkor nigohlari bilan o‘rlanib boqdi. Nechundir uning popugi pasaygan edi, ammo hiylakor nimalarnidir rejalab yurgani alayno-oshkor ko‘rinib turardi. Shunda u o‘g‘li Muhammadni sharob ichirib, kayf qilgan chog‘ida og‘dirib olmoq birdan-bir chora ekanligini keliniga uqtirdi. Faqat shu yo‘l bilan qipchoqiy kelinidan tug‘ilgan nevarasi Qutbiddin O‘zloqshohni valiahdlikka unatishi mumkin edi. Bu o‘g‘liga qo‘yilgan tuzoq edi. Aslida bu bir fitna edi. Ham tuzoq, ham Xorazmshohga jo‘natilgan fitna edi. Maroqandni poytaxt tutgan Xorazmshoh Xorazmga tashrif buyurdi. Ammo u o‘ziga bir tuzoq qo‘yilayotganidan bexabar Gurganj saroyida naq qirq kun qolib ketadi. Unga mash‘um tuzoq tayyorlangandi. Yana deng, bu tuzoq o‘z volidasi tomonidan qo‘yilsa. O‘z onang seni ta‘qibiga duchor etsa. O‘z onang hukmdorlikka da‘vogar bo‘lsa. O‘z onang sen bilan raqobatga kirishsa, sen uning sochini bo‘yniga dor eta olasanmi? Hayot o‘z qobig‘idan chiqib davom etardi. Anushteginiy Xoramzshoh shahzodalar-chi? Ular tamoyillar buzilib, muazzam dorulsaltana nurab borayotganidan ogoh emasmidi? Olloh kuch-qudrat va aqlu zako berib, saltanat muyassar etsa-yu, sen nobakor uning oltin kalitini o‘z qo‘llaring bilan kelgindilar qo‘liga topshirib qo‘ysang. Jangu jadal kechib, muhtasham dorulsaltana barpo etgan ozod xorazmshohlar ruhi endi omon uchgaymi? Axir bu hududsiz saltanat - Tangri yorlaqagan Xorazmshohlar dorulsaltanasi deya bekorga alqandimi?

19. Vaqt - hakamdir

Zirhli eshik ochilib, ostonada Xorazmshohning zavjasi ko‘rinish berdi. Bu Turkonning suyikli nevarasi shahzoda Qutbiddin O‘zloqning onasi edi. U Sulton bilan yolg‘iz qolganda albatta safsar gulli shohi ko‘ylagini kiyardi. Harir libosli Qutlibika Xotun tavoze bilan ta‘zimda bosh egdi. - Qani, lutfan! - Dasturxonga taklif etdi Xorazmshoh! Tanovuldan so‘ng Qutlibika shahanshoh hojasiga sharob tutqazdi. Shundan so‘ng sulton sharob ketidan tag‘in sharob simirdi. Muazzin ovozi yangragan mahal Xorazmshoh uyqu ichida g‘aflat bosib yotardi. Gurganj hokimi Xumortakin esa opasi Turkon qarshisida kuymalanardi. U malika qo‘liga Muhammad Xorazmshoh muhri bosilgan farmoni oliyni tutdi. Bu Qutbiddin O‘zloq Movarounnahr Valiahdi etib tayin etilgani haqidagi muhim qaror edi. Malika Turkon bu tong g‘oliblik nashidasini surib, hamyoza tortayotgan mahal, banogoh vaziri a‘zam tashrif qilganini bildirishdi. - Izn bersangiz, Valiahd sharafiga shikor uyushtirsak! Turkon Xotun sukut ichida go‘yo "to‘xtab tur" degan ishorada o‘ng qo‘lini ozod ko‘tardi. Vazir ortiga tisarildi. - Bu borada shahanshoh Sulton Muhammad Xorazmshoh izn bergay! - Shahanshohimiz hali uyqudalar! - Bu ayni muddao!

Xorazmshoh uyquli ko‘zlarini bazo‘r ochib, allanechuk tuman ichida to‘lg‘ongan ko‘yi atrofga boqdi. Shunda dimog‘iga burqsigan hid kelib urildi. Bu fitna quyuni ekanini u dastlabiga anglamadi. Allaqanday mavhumlik ichida yuksalayotgan kibr endi uni omon qo‘ysinmi? U atrofiga boz-qayta razm solib qaradi. Yurakni xun qiluvchi dilgirlik qaydan paydo bo‘ldi ekan?! Dimog‘iga yana o‘sha hid kelib urildi. Bu chirkin muhit hidi edi! Savqitabiiy sezgilari uni hali aldagan emas! Jismdagi xastalikni yo‘qota bilmas malham dorining kimga ham keragi bor. Angladiki, qalbining qorong‘u ko‘chasini yoritguvchi umid va ishonch shamchirog‘i so‘nib borayotir. Ko‘rdiki, atrofi qora mudhish chimmat bilan o‘ralayotir. Zanglagan, ham piliksiz chiroqning mehrobda turishida na qiymat qoldi?! Tafakkurdan judo bo‘lgan shoh hayotida na hikmat qoldi?! Alhol Xorazmshoh bir hikmatning ma‘nosini chaqdi: "Xiyonat - yovuzlik ko‘chasiga kirgan razillikning bir ko‘rinishidur. Kishi yo hasad, yoki dunyo va shuhrat tufayli sotqinlik ko‘chasiga kirgay." Onasi Turkon uning yo‘lida ko‘ndalang turardi. U yo‘lida ko‘ndalang turgan onasini bosib o‘tishga o‘zida jur‘at topolmay, garangsib qoldi. Qutlibika qaynonasining ridosi ostida yashirin edi, O‘zloqshoh esa momosiga osilib turardi. Ammo shu o‘tkinchi hayot oqimida og‘ishmay, anushteginiylar sulolasi muvozanatini saqlay bilgan Jaloliddingina otasi yo‘lida umid chirog‘ini qo‘lida tutib turar edi. Faqat Mankburnigina donish aqlu idroki va fahmu farosati bilan o‘tkinchi dunyoning chirkin o‘yinlariga aralashmay chetda sokin turardi. Chunki o‘tkinchi shon-shuhrat oldida ozod ruhni asramoq g‘oyat muhim ekanligini u bilar edi. Faqat pok qalbli insonlargina zalolat botqog‘iga cho‘kayotgan dunyoni shu pokiza qo‘llari bilan qutqarmoqqa qodir edi... Va shaksiz donish, zako ahligina pokiza iymonlari bilan chirkin to‘lg‘amalarni puflab, yo‘qlik qa‘riga uloqtira bilardi. Turkon Xotun had bilmadi. Ammo keragidan ortiq kibrga berilgan kimsaning tezda zavol topishi ayon emasmidi? Shuhratparastlik va manmanlik dorulsaltana tamoyillarini izdan chiqaradi. Bu chirkin hislar saltanat vorislarini pokiza iymondan mahrum etadi. Faqat adolat va yakdillik saltanat mezonlari va tartib o‘lchovlarini izga soluvchi yagona qurol edi. Bu yo‘lning qamchisini tutgan shohgina Muzaffar Malikshoh nomini oladi. Vaqt-chi? Vaqt buyuk hakamlik darajotini unutgani yo‘q,! Aslo unutgani yo‘q! Faqat Vaqt xoinlikdan holi oliy muhrini bosib bormoqda edi. Mangu barhayot Janobi Haq esa taqdir o‘lchovini bitib, adolatsizlik sodir etilgan xorazmshohlar dorulsaltanasida beomon uchgan bezovta Ozod Ruhni asrab-qo‘rib turardi.

20. Turkon chorlovi

G‘oliblik nashidasini surgan Xotun-chi? U afsun asosiga tayanib, soxta nag‘masini chalish bilan ovora edi. Bu soxta nag‘ma ikki daryo oralig‘idagi yurt - Movaronunnahrga yuborilgan afsungar bo‘roni edi. Anushteginiylar xayolini esga solgan Jayhun esa motamsaro, savdoyi ona kabi yig‘lab oqardi. Alhol dorulsaltanada pokiza iymonli, hamda hiyla ko‘chasiga kirgan kaslar ikki yonga ajraldi. O‘shanda dorulsaltana ikkiga bo‘lingan edi. Ulug‘ qang‘lilar va takabbur, kelgindi qipchoqlar! Tag‘in Anushteginiylar Ozod Ruhini yulqib tortgan hur shamollar dasht osha tinim bilmay izg‘iydi. Boz qayta Qodir Egam xorazmshohlar dorulsaltanasi osmonida bezovta uchgan Ozod Ruh shamoyillariga tasalli bo‘lib, ularni muttasil qo‘rib turardi.

Turkon valiahdni huzuriga chorladi. Shunga ko‘ra O‘zloqshoh Turkon qarshisida hozir bo‘ldi. Qutbiddin O‘zloqshoh tiz cho‘kib, momosining qo‘llarini ko‘zlariga surtdi, so‘ng ortiga tisarildi... Kibrdan tanqayib ko‘tarilgan burnining kataklari ochilib-yopilgan Xotun valiahdga razm soldi. Turkon chuqur, ammo oromlanib nafas olgach, Qutbiddin O‘zloqqa gap qotdi: - Valiahd! Qutbiddin unga ta‘zim bajo keltirib: - Ne amringiz bor, Bek Onam?!- dedi. - Yaqinlash! - Bosh ustiga. O‘zloqshoh yaqinlashdi. - Bir savolim bordur, valiahd, unin yuzindan huzurimga chorladim sani! - Savol eting, Bek Onam, magar butun vujudim quloq bo‘lib sizni tinglagay! - San Kimdan qo‘rqursan? - Jaloliddindan! Turkon ichida qo‘zg‘algan nedir alamdan titrab ketdi.

21. Anushteginiy to‘lqin - Jaloliddin

Turkon xufyalari Jaloliddinning har qadamini xiyonatkor nigohlari bilan ta‘qib etdilar. Ammo Xotun orzusi nechundir sekin-asta so‘na boshladi. Magar Qudbiddin O‘zloqshoh taxt vorisligiga yaroqsiz edi. Bu vujudida jasorati so‘nik valiahd, Tangri yorlaqagan bu yurtni qamchi asosida boshqara bilgaymi? Adolatsiz hamda saltanatni boshqarishga yaroqsiz hukmdorning na lozimoti bor?! Bu barchaga ayon haqiqat emasmidi?! Bu gal Turkon Xurosondan qaytgan shahzoda Jaloliddinni huzuriga chorladi. Muazzam saroy zamini xosnavkarlari qurshovida kelayotgan Jaloliddin qadamlari zalvoridan titrardi. Turkon hushyor tortib, vaziridan so‘radi: - Bu aning qadamlarimu? - Shundoqdur, malikam! Eshik og‘asi shahzoda Jaloliddin ichkariga kirmoq uchun izn so‘rayotganini bildirdi. Yo hu! Movarounnahrga shiddatli zarbi bilan kirib kelgan Qutayba naq Xotunning qarshisida turardi, yo hu! Xotun vujudida jasorat-u shiddat qaynagan, bilaklari yo‘g‘on Mankburnini beixtiyor butun Movarounnahrga jar solib, Islom nuri va Muhammadiy sunnatini yoygan Qutaybaga o‘xshatdi. Turkon ko‘zini yumib-ochdi va ko‘rdiki, o‘ziga ma‘noli tikilgan shahzoda Jaloliddin go‘yo bobolari anushteginiylardan avlodlariga meros qolgan oliy farmonni o‘qib eshittirayotgandek edi. Bu yozuvlar uning qahrabo kabi timqora qorachiqlarida zohir edi. - Xayrli kunlar bo‘lsin, Bek Onam! Lutfan egilgan shahzodadan ko‘zlarini o‘zmay turgan Xotun nihoyat tilga kirdi: - Shahzodam! Yaqinlash bunda! - Qulliq! U o‘ziga kibrla boqib turgan malika tomon yaqinlashdi. So‘ng momosining o‘ziga cho‘zilgan qo‘llarini ko‘zlariga surtdi. Volida Turkon tomog‘ini qirib so‘zladi: - Bir savolim bordur, unin yuzindan sani huzurimga chorladim. - Chorlovlari muborak kelgay! Atrof suv quygan kabi sokin va osoyishta edi. Shunda Jaloliddin Turkonga qo‘shilib hatto vaziri-da allaqanday entikib turganini idrok etdi. Turkon so‘radi: - Shahzodam, kimdan qo‘rqursan! - Bek Onam, Tanho Ollohdan qo‘rqurman! Shohidu shahodatlar Jaloliddin javobidan so‘ng ulug‘ Turkon baayni jazavaga tushib qolganini aytmishlar. Xotun ikki daryo oralig‘idagi bu qudratli to‘lqin shiddatini fitnakor qo‘llari bilan bo‘g‘moqqa jazm etgandi. Ammo to‘lqin shiddatli, bag‘oyat isyonkor edi. Bu asov to‘lqin shiddatida chindan qudratli kuch mujassam edi. Shunda gurganjliklar Oychechakka sirli xabar yetkazishdi. O‘shanda ular ikki daryo suvini mavjlantirib turgan bu davomiy anushteginiy to‘lqin Jaloliddin ekanini tan olishgandi. Chunki ular bu qudratli to‘lqinni mudom mavjlantirmoq uchun mangu porlovchi buzruk quyosh ilohiy, inja ziyo sochganiga guvoh bo‘lishgandi. Ular bunga shahodat keltirishgan edi ...

22. Xorazmshoh maktubi

Aslida anushteginiylar aqlu zako ummonidan bahramand bo‘lgan Jaloliddin - Xorazmshoh arslonlari orasidagi sher edi. Bu sherning hamlasi raqibini esankiratib qo‘yardi. Ammo otasining saltanatda o‘z o‘rnini yo‘qotib borayotganini ko‘rish farzand uchun g‘oyat og‘ir edi. Aynan uning uzoqni ko‘ra bilmas kaltabin siyosati Movarounnahr boshiga kulfatlar yog‘dirdi. Bu ulkan dorulsaltananing inqirozga yuz tutib, yemirilib borayotganiga bir ishorat edi. Shahzoda tishlarini tishlariga qo‘ydi, shunda uning jag‘lari bo‘rtib chiqdi. Ko‘z o‘ngida omonsiz jang va qilichini qayragan qattol qo‘li namoyon bo‘ldi. Azob iskanjasi uni tark etgisi kelmasdi. Atrofida chindan qattol qilichi mudhish o‘lim manzarasini chizib, muttasil tahdid solib turardi. Chap ko‘ksida qo‘zg‘olgan bu galgi sanchiq uni xushyor torttirdi. Bir qo‘li ot tizginini ushlagan, ikkinchi qo‘li esa chap ko‘ksini siladi. Uning qovoqlari uyuldi. Sanchiq o‘tib ketgach, u chuqur nafas oldi. Ammo bir qo‘li hamon ko‘ksini silagan holida, boshqa qo‘li bilan esa otni boshqarib ketar edi. Ayni bu chog‘ ko‘ksida turgan qo‘li cho‘ntagidagi maktubni silab o‘tdi. Bu maktubni otasi sulton Muhammad Xorazmshoh unga yashirin yo‘llagan edi.

"Ko‘zlarim yo‘lingda, shahzodam... Muttasil o‘y mani butkul xarob etdi. Inilaringning qattol qo‘lidagi qonli zavoli, volidamning achchiq qismati va dilporam Xon Sulton nolasidan ko‘nglim hasratda qoldi. Kunlardir, oylardir bir mujda kutib charchadim. Aslo yuzim kulmadi. Savol etsam, qattolning qonli qiyratuvidan, degan javob oldim. Mani bu halokatga keltirgan kibr hamda kaltabinlik xislati. Man buni anglab yetdim, ammo kech anglab yetdim. Bir kun shamim yonib tugagay, ammo tugar chog‘im shukurlar bo‘lsin, ortimdan farzandlarim qolgay. Istagim shul, ortimdan qol! San davomiy Anushteginiy, xorazmshohlar dorulsaltanasini beomon qiyratish, shahzodalarim jonini qonatish va dilbandlarim holini xarob etish intiqomsiz qolmasligini ko‘rsat! Ammo yo‘llaringga tikonlar qo‘yur, san sag‘ana qolgur temir tikonni pisand etmay o‘ta bilursan. Yuragingni armonlar ezar, ammo san ojiz g‘amlarni shaksiz yengursan. Vijdoning - intilar oydin yo‘ling bo‘lsin. Chingiz qilichidan omon qolgan inilaringga boshchi bo‘l. Ko‘zlarim yo‘lingda, shahzodam, o‘ylar holimni xarob etgan. Volidamning ayanchli qismati, dilporam Xon Sultonning nolasidan ko‘nglim hasratda qoldi. Tilagim inilaringga bosh bo‘lib, alarni huzurimga boshlab kel! Maning so‘nggi aytar so‘zim bordir." Xorazmshoh onasi Turkonning ayanchli qismati-yu, ahli ayollari hamda tanho qizining toptalgan nomusidan voqif edi. Juvonmarg ketgan shahzodalarning qonli zavoli uni beayov qiynoqlar girdobiga tashladi. U shahzoda Jaloliddinga maktub bitib, uni shu tariqa yashirin huzuriga chorlagan edi.

23. Valiahdlik qarori

Ot choptirib ketayotgan suvoriy suvratidagi xos lashkarlar manzil tomon ilgarilaydi. Ufq ravog‘ida shamsning inja jilvalari ko‘rindi. Ular Hazor dengiziga yetib kelgandi. Sulton ayanchli intihosini anglab yetgan edi, bu anglovdan dahshatga tushganligi ham rost. Orolcha mudhish va o‘lik sukunat ichida go‘yo motamsaro nimarsa yanglig‘ ko‘rindi. Bu qayg‘uga cho‘mgan mustamlaka sukunatni illo, qirg‘oqqa tinmay urilib, so‘ng telbanamo ortiga qaytayotgan to‘lqinlargina buzmoqqa qodir edi. Cho‘nqayib qolgan odamning holatini eslatuvchi ulkan, qizg‘ish qoyatoshga kelib urilayotgan suv, qarangki, uning tusini yuvib o‘chirolmagan. Bil‘aks, har gal muambar to‘lqinlar kelib urilgan chog‘ qoyatosh qizarib, boz-qayta ohorlanaverardi. Xorazmshoh bu tosh ustida olislarga tikilgan ko‘yi o‘yga cho‘mib o‘tirar, orolchaning siyna-yu sohiliga tinim bilmay urilayotgan to‘lqinlar esa uning dardchil ruhini yulqib tortqilamoqda edi go‘yo. O‘shanda u anglab yetdiki, agar adolat qilsa, haqiqat shaksiz qaror topgusidir. Olislarda to‘shiga tug‘ qadalgan kema ko‘rindi. Tug‘ shamollarda hilpirab, manzil sari yaqinlashmoqda edi. Bu - xorazmshohlarning quyosh nurlariga cho‘milib, shamollarda hilpirab, yal-yal yongan yalovi edi. Yalovbardor Jaloliddin esa tug‘ni sarbaland ko‘tarib, otasi tomon tobora yaqinlashmoqda edi. Xorazmshohning tinim bilmay ko‘krak tepgan yuragi hapqirdi; ko‘pdan unut bo‘lgan bir kuch shahanshoh vujudiga qaytayotgandi. Anushteginiy shahzodalar Xorazmshoh huzurida hozir bo‘lishdi. Sulton yutundi, so‘ng shahzodalarga qarab aytdi: - Kunlardir, oylardir bir xabar kutib yashadim. Ammo yuzim kulmadi. Yukundim! Ammo najot topmadim. Oylar muqaddam bir qarorga kelib edim, biroq kimsasiz orolchada na sasim, na sadom chiqdi. - Culton dard va alam ichida kuyinib so‘zlandi.- Onamning va farzandlarimning ayanchli qismati mani xarob etdi.- U ich-ichidan o‘rtanib kelayotgan to‘lg‘amani endi ichkari qaytara olmadi. Bu to‘lg‘ama ko‘zlaridan chaqin kabi chaqnab, atrofga sachradi. U yana shahzodalarga yuzlanib dedi: - Siz aziz jigarbandlarimga qaror bergaymankim, bu kundan e‘tiboran og‘angiz Jaloliddin izmida bo‘lg‘aysizlar. Xorazmshoh yurib borib, Jaloliddin qarshisida to‘xtadi. - O‘ksuk ko‘nglimda so‘nggi umid bilan bergum bul qarorni. - U yutundi, keyin yana gapida davom qilib, - Jaloliddin, cani Valiahdu Movarounnahr etib tayinlagum!-dedi. Shahzoda qulliqda bosh egdi. Xorazmshoh bebaho toshlar bilan bezalgan kamarini belidan yechib, Valiahdning beliga taqdi. So‘ng kesgir qilichini uning qo‘liga tutib dedi: - Valiahdlik kamari hamda o‘ktamlik qilichi qutlug‘ bo‘lgay! - Qulliq! Muhammad Xorazmshoh vujudiga ko‘pdan unut bo‘lgan halovat qaytdi. Nihoyat, sulton chuqur, ammo yengil tin oldi. Yelkasidagi ulkan tashvish yuki tog‘ kabi qulagandi, illo haqiqat qaror topgandi. Sulton ko‘pdan diliga tukkan tilak va orzusini amalga oshirgan edi. Kechikdi, ammo muhim muhrni bosdi. Xorazmshoh o‘g‘liga yana aytdiki: - Bir kun shamim yonib tugagay, ammo tugar chog‘im shukur qilgayman, chunki ortimdan farzandi arjumandlarim qolgay. Chin istagim shul, Jaloliddin, ortimda qol! Vijdoning - intilar yo‘ling bo‘lsin. Chingiz qilichidan omon qolgan inilaringga boshchi bo‘l!

24. "Al qasos ul minal Haq!"

Sohilga tinmay urilayotgan ozod to‘lqinlar Valiahd erkiga turtki bo‘ldi. Yuziga shoshqin shamollar urilgan chog‘ Valiahd tomirlariga bir jilol quyildi. O‘shanda u o‘zini to‘lqinlar kabi shiddatli, shamollar kabi ozod his etgan edi: ko‘pdan qudratli to‘lqinlar mavjini, ozod shamollar erkini sog‘ingan Jaloliddin Mankburni olislardan, juda olislardan taralib, mavjlanib oqib kelayotgan to‘lqinlarga yuzlandi: - To‘lqinlar mavjiga ontkim Olloh yorlaqagan, Gurganj va Xivada o‘rnashgan Xorazmshohlar dorulsaltanasi Valiahdi man - Xorazmshoh Sulton Alouddin ibn Muhammad Jaloliddin Mankburni, man - Oychechak Begim zurriyodi Jaloliddin Mankburni boy berilgan saltanatni yana qayta tiklagum! Qattol qo‘lida joni qonagan, shahid ketgan shahzoda inilarim ruhi pokiga qasam, illo, jigarbandlarimning qonli zavoli intiqomsiz qolmagay! Man intiqom olurman! Al qasos ul minal Haq! Volidam - momom Turkon erkiga qasam! Singlim, jigarporam Xon Sultonning toptalgan sha‘niga qasam, illo bular intiqomsiz qolmagay...

Atrof osoyishta va sokin; qirg‘oq bo‘yida soch tarab xomush qolgan toli majnun ham aftodahol edi. Narida bosh ko‘targan butalar o‘zidan tig‘iz o‘ram hosil qilib, javlon urib o‘sib yotar, lojuvard osmon esa har galgidan tiniq va musaffo, feruza bulutlar esa falakda orom olib suzib yurardi. U to‘lqinlar mavjiga qadagan nigohlarini olislarda o‘ziga qo‘l siltab qolgan otasiga qayirdi. Huv qirg‘oq bo‘yida - harsangtosh ustida tek qotgan otasi g‘oyiblikka singib ketayotir edi. Mana, Xorazmshoh elas-elas ko‘zga tashlanib, mitti nuqtaga do‘ndi. Alhol so‘nggi nuqta ham ko‘zdan g‘oyib ketdi. Faqat atrofni suvga bulagan to‘lqin-u, ko‘kda inja ziyo sochgan buzruk quyosh namoyon edi.

25. Mujda

Qorong‘u tun sukunatida orom bilmay bedor turgan tungi darvozabonlar ot dupurini eshitib sergaklandi. - Kim u bemahalda tinmagan?- so‘radi tungi qo‘riqchilar. - Og‘alar! Bu bizmiz. - "Biz" deganing kim? - Xos navkarlarmiz! Movarounnahr sultoni ulug‘ Xorazmshoh Alouddin Muhammaddan xabar keltirdik! Darvozabonlar yana so‘roqda davom etdi: - Bu qanday xabar emish? - Bu tong Movarounnahr Valiahdi sulton Jaloliddin Mankburni ibn Muhammad Gurganjga tashrif buyurgaylar! - Bu rostmu? Qo‘riqchilar yorug‘roq bo‘lsin uchun mash‘alani boshlari uzra ko‘tarishdi. So‘ng bir-birlariga ma‘noli ko‘z urishtirib olgach, yana xos navkarlarni savolga tutdi: - Shahzoda Jaloliddin Mankburni Movarounnahr Valiahdi etib tayinlandimu? - Illo bu rostdur! Bu haqda ulug‘ sultonimiz Muhammad Xorazmshohning muhri bosilgan muborak qarorlari bordur. O‘shanda tungi qo‘riqchilar va xosnavkarlar yuzlashishdi va quchoq ochib ko‘rishishdi. Yana darvozabonlar ko‘zlari bilan ko‘rib iqror bo‘ldilarki, bu chindan sulton muhri bosilgan muborak farmon edi. Yana xosnavkarlar aytdilarki: - Xorazmshoh sulton Jaloliddin Mankburni bu tong illo Xorazmga qutlug‘ qadam qo‘yguvsi.

26. Sulton Jaloliddin da‘vati

Necha asrlik dorulsaltanaga mudhish to‘g‘anoq bo‘lgan Chingiz bosqiniga qarshi oyoqqa turmoq payti yaqinlashgan edi. Bu vaqtda Chingiz Xorazmga tahdid qilayotgandi. Ayovsiz savash maydonida muzaffarlik tug‘ini baland ko‘tarib chiqish uchun kuchlarni birlashtirmoq vaqti yetib kelgandi. Gurganjga kirib kelgan sulton Jaloliddin shahar ahliga yuzlandi: - Biz - Movarounnahrning asl vorislari oyoqqa turaylik! Bevaqt zavol topgan jigarlarimiz xuni intiqomsiz qolmasligini yog‘iyga ko‘rsataylik! Chingiz Buxoroni yakson etdi, Maroqandning kulini ko‘kka sovurdi, beshikda yotgan go‘daklarni rizqidan qirqdi. Ayollarning sochini bo‘ynuga dor etdi. Yig‘lab yotgan murg‘aklarga-da shafqat qilmadi. Shahidlarning ohu vohi bizni qayg‘uga soldi. Modomiki maqsadimiz ostonani qo‘rimoq ekan, birlashaylik va tarqab ketgan qo‘shinlarni bir mushtimizga yig‘aylik. Biz oyoqqa turajakmiz va tariq singari sochilib ketgan lashkarlarni jamlayajakmiz. Biz g‘alaba qozonaylik, bu g‘alabamiz avlodlarimiz tilida doston bo‘lajak. Illo, Vatan uchun jon fido qilmoq inson uchun sharaf sanalur.

Xorazmshohlarning bir muhlat xato ketgan Oliy Farmoni qayta joriy etilgan edi... El Arslon darz ketkizgan farmonni bobosi - shavkatli Tekish tuzab, yana qayta joriy etgani singari sulton Muhammad ham oliynomaga qayta murojaat etib, adolat qaror topmog‘i uchun muhim muhrini bosgan edi. Chindan oradan qirq sakkiz sana o‘tgach, xorazmshohlar saltanatida bu hodisaning yana qaytarilishida bir hikmat bor edi. Zotan, bu chindan taajjublanarli hodisa edi. Oliy Farmonga sodiq qolgan vorislari Movarounnahrni shu Farmon asosida yuritmoqni dilga tukkani rost edi. Bu bir ulug‘ hodisa, yorqin mujda edi aslida; lojuvard osmon to‘lg‘onib, quyida feruza bulutlar ko‘chdi. Keyin bu hol-hodisa ikkinchi, so‘ngra uchinchi qavatida sodir edi... Osmonda bir yulduz charaqlab chiqdi. Bu muhtasham yal-yal yonguvchi mayoq benazir harb yulduzi edi... Hamon movaronunnahrliklar aytishadiki, bu - betimsol olovbardor Jaloliddin Manguberdi - Manguberdi Jaloliddin nomli betakror yalovbardor yovqurning charaqlab chiqqan harb yulduzi edi.

27. Suiqasd rejasi

Shom tushib, zulmat cho‘kishini betoqat kutgan Haybar Yasoq darvoza hatlab tashqariga chiqdi. U guzardan o‘tib, so‘lga burildi. Muyulishda qoraygan ko‘lankaga ko‘zi tushgach, shu sharpani qora tortib oldinga siljidi. Ammo muyulishga yetay deb qolgan chog‘ orqasidan kimdir kelayotganini sezib, qo‘ynidagi xanjariga qo‘l yugurtirdi. U yurmoqdan to‘xtab, qaqqayib qoldi. Notanish kimsa yonidan o‘tib ketgach, Haybar tag‘in oldinga siljidi. Muyulishda kimnidir betoqat kutib turgan Sodiq Kulacha sherigini g‘ira-shira qorong‘uda darhol tanidi. - Canmisan? - Ha. - Hayriyat, shomam o‘tdi. - Ayni muddaodur. - Qani ketdik bo‘lmasa. Ular ko‘cha oralab, katta guzarga yetishdi. Ancha yurgach, hashamatli darvoza yonida to‘xtashdi. Tambalangan darvoza ichkarisida tungi soqchi og‘alarning past ovozda so‘zlashuvi eshitildi. Sodiq Kulacha darvozani ikki bor taqillatdi. Ichkaridan: - Kim?- degan ovoz keldi. - Biz! - Biz degan kimsiz? - Codiq Kulacha hamda Haybar Yasoq... Yangi darvozabon tayin etilgan shekilli, yo‘qsa Sodiq Kulacha va Haybar Yasoq Xumortakinning yashirin "qing‘ir qo‘li"ku! Bularni hokim xonadonida xizmat etuvchi barcha og‘alar bilmasmidi? - Xo‘sh? - Na bu so‘rdik savol!- Og‘alardan jahli chiqqan Sodiq Kulacha o‘pkalanib, zardali gap qotdi.- Modomiki tungi soqchi ersang, darvozani ochib, yuz-ko‘zimizg‘a qarab so‘ylagin, og‘am! Tambalangan katta darvoza ochilib, ichkarida ikki darvozabon ko‘rindi. Ularning biri yorug‘roq bo‘lsin uchun fonus ko‘tarib turar, ikkinchisi esa darvoza qanotini ochib, ularga peshvoz chiqdi. - Xush ko‘rdik, og‘alar! - Hokim hazratlari bilan uchrashmog‘imiz ijobat etilg‘ondur! Ichkaridalarmu? Fonus ko‘targan soqchi: - Ammo og‘alar, kutishingizga tug‘ri keladur. Cizni bu yerda qoldirmoqdin rohatsizman, magar ruxsat bo‘lsa, ichkariga kirursizlar, - deb fonusni sherigiga tutdi va o‘zi yurib borib ichki darvoza yonida turgan eshik og‘alariga nimalardir deb uqtirdi. Og‘alardan biri ichkariga kirib ketdi, shu ketgan bo‘yi o‘n besh daqiqalar o‘tgach qaytib chiqdi. Sherigiga kalla silkib, "Ruxsat" dedi. - Hokim hazratlari sizni ichkarida kutmoqdalar. - darvozabon boshini quyi egib, mehmonlarga yo‘l ko‘rsatdi. - Qulliq. Ular ichki darvozadan tag‘in ichkariga kirishdi. Marmar yotqizilgan hiyla katta yo‘lak ularni Xumortakin huzuriga boshlamoqda edi. Shom o‘tib ketgan, atrof g‘ira-shira qorong‘u, ammo har yerga osilgan fonuslar yog‘dusida keng hovli charog‘on edi. Ular katta va ko‘rkam qilib qurilgan muhtasham uyga yetib kelishdi. Bu yerda ichki xonadon og‘asi mehmonlarni kutib turardi. Shuhratparast Gurganj hokimi, qipchoq qavmidan bo‘lgan Xurmortakin dabdabali hayot kechirardi. "Ko‘kcha hovuz" deb nom olgan bu muhtasham hovli chindan ko‘rkam va so‘lim go‘sha edi. Sodiq Kulacha va Haybar Yasoq avval ham bu hovlida ko‘p bo‘lgan, zero bu kaslar Xumortakinning qing‘ir qo‘llari sanalib, hokimga tez-tez asqotib turardi. Xumortakin ularning qo‘li bilan ko‘p yovuz ishlarni imi-jimida bajarardi. Bu tun ham ular hokim huzuriga bejiz chaqirtirilmagan edi. Ichki hovlining to‘rida toshdan ko‘tarilgan bir oshyona bor. Oshyonaning pechi ertayu-kech yoqig‘liq, mo‘risidan tutun ko‘tarilib turar edi. Bu yerda tunu kun oshpazlar yelib- yugurib, taom pishirmoq bilan mashg‘ul bo‘ladi. Yo‘lak chetida esa hovuz. Atrofi ko‘k marmar bilan o‘ralgan hovuz ichida turfa jiloli baliqlar har kunduz g‘ujg‘on o‘ynashadi. Atrof bag‘oyat diltortar, har yerda osilgan fonuslar yog‘dusi ayni tun qo‘ynida bu go‘shaga yana-da ajoyib husn bag‘ishlab turardi. Alvon gullarning muattar hidi kechki namlik bilan omuxta bo‘lib dimoqqa uriladi. Hovlining to‘rida muhtasham koshona qad ko‘targan. Ularga peshvoz chiqqan xonadon og‘asi mehmonlarni ichkariga boshladi.

Oshyona to‘rida semiz va beo‘xshov yapaloq yuzli Xumortakin turli noz-ne‘matlaru xushbo‘y taomlar bilan to‘la xontaxta atrofida yastanib o‘tirar, uning yonida Jand noyibi Qutlug‘xon hokimga allanimani uqdirmoq bilan mashg‘ul edi. Sodiq Kulacha qulliqda ta‘zim qilib: - Hokim hazratlari, chorlovingizga ko‘ra...- dedi. - Qani, yaqinlashinglar... Sodiq Kulacha va Haybar Yasoq yaqinlashib, hokimga tag‘in ta‘zim bajo keltirishdi. Xumortakin ularni dasturxonga taklif etib: - Qani lutfan...- deya joy ko‘rsatgan bo‘ldi. - Tashakkurlar. - Sodiq Kulacha, uning yonida Haybar dasturxon chetiga omonat cho‘kishdi. Hokim dasturxon chetiga cho‘kkan mulozimlaridan hol so‘ragan bo‘ldi, keyin gapni cho‘zmasdan maqsadga ko‘cha qoldi: - Ma‘lumingiz, Jaloliddin Mankburni sulton tayin etilmish.- Norozi qiyofada gap boshlagan Xumortakin mehmonlarga bir qur nazar soldi. - Ma‘lum hazratim, aning tayin etilgani butun gurganjliklar og‘zindadur. Zotan tamoyillar buni demagay. Axir Qutbiddin O‘zloqshoh valiahd deyilmasmu? - Deyilur.- Ta‘kidladi Xumortakin. - Onhazratlari buzmish bul qarorini... - Qutlug‘xon norozi qiyofada qisiq ko‘zlarini Sodiq Kulachaga qadab so‘zlandi. - Magar qaror soxta bo‘lsa-chi? - Taajjub ichida so‘radi Sodiq Kulacha. - Bul haqda onhazratlarining muhri bosilgan muhim qarorlari bordur. Illo bul farmonga onhazratlari Qutbiddin O‘zloq va qolgan shahzodalar guvohligida muhr bosmishdur...- uqtirdi Xumortakin. - Ammo biz bunga aslo yo‘l qo‘ymagaymiz! - Fitna qo‘zigan Qutlug‘xon tirjaydi. Xumortakin bo‘lsa tanqaygan burnini battar ko‘tarib, chuqur nafas olgach: - Shundoqdur.- deya Qutlug‘xonning gapini ma‘qulladi. Oraga jimlik cho‘kdi. Barcha o‘z o‘yi bilan band edi. Nihoyat Xumortakin Sodiq Kulachaga qarab aytdi. - Kulacha. - Buyuring, hazratim. - Saroyda, taomxonada ko‘ngiletarlar ishlaydur, deganding chog‘i. - Shundoqdur, bul rostdur. Yetti yildan buyon inim taomxona eshik og‘asi bo‘lib xizmatdadur. - Eshik og‘asi? - Shundoq, hokim hazratlari. Xumortakin o‘ylanib qoldi. Unga eshik og‘asi emas, balki bakovul, ya‘ni choshnigir darkor edi. Choshnigir sultonga uzatilajak taomni sinab ko‘ruvchi muhim shaxs hisoblanib, bu fitna o‘yinida aynan uning qo‘li asqotar edi. - Na qaroringiz bo‘lsa, amr eting...-dedi Codiq Kulcha. - Manga choshnigir qo‘li darkordur. - Culton Jaloliddin Mankburni qudratga kelgach, taomxonaga boshqa kimsa choshnigir tayin etilmish. Taomxonaning qariyb barcha xizmatchilari almashinmish. – Ma‘lumot berdi hokim ayg‘oqchisi. - Him-m... Ul choshnigir kim emish? - Qang‘lilardan deyilur. Xumortakin o‘rnidan turdi. U yurib borib, oshyona poyonida qaddi dol turib qoldi, keyin qaytib kelib, Sodiq Kulacha yonida to‘xtadi. - Choshnigir bo‘lmasa, ining bajargay bul yumushni.- deya ta‘kidladi. - Hazratim, dediklaringizni anglamadim... - Ining ismi ne? - Chog‘ir! - Him-m-m... Xumortakin bu gal yana o‘ylanib qoldi, keyin muhim gapini aytmoq uchun taraddudlanib, nihoyat tomog‘ini qirib gapirdi: - Can dediklarimga quloq os. Boz qayta shahzoda O‘zloqshoh Valiahd tayin etilmish. Aning izminda bo‘lgan Buka Pahlavon bul ishni tuzamoq taraddudinda. Biz-da aning bul qarorini uyg‘un ko‘rdik. Cizlar esa bul yumushda bizga ko‘mak qo‘lini cho‘zgaysizlar. - Qandoq bo‘lur? Bu qandoq amalga oshgay?.. - Andishalanma. Qutlug‘xon qo‘ynidan og‘u solingan shishani chiqarib, unga uzatdi. - Ammo...- O‘ziga uzatilgan shishani olib, taajjub ichida Qutlug‘xonga boqqan Kulacha, gapining oxirini aytmoqqa o‘zida jur‘at topolmay tili kesilib qoldi. - Sanga boz qayta ayturman, andishalanma. Bul og‘uni ining Chog‘ir sulton taomiga qo‘shib qo‘ygay. – uqtirdi Xumortakin. - Ammo u bor-yo‘g‘i eshik og‘asi. - Choshnigirni qo‘lga olmoq mushkulmi? - Qutlug‘xon qo‘lini sermab so‘radi. - Bul mushkul yumushdur. Ul qang‘li Jaloliddinga sodiq qul erur...- ikkilandi Kulacha. - Qo‘rqma, ining eshik og‘alari bilan birgalikda bu yumushni bajargay... - Ammo bul chunon xatarli erur. - Magar qaror qat‘iy bo‘lsa, xatar kelib bizga bosh urgay. - Illo ahli oilasining joni sulton qo‘lida omonatdur. - Can dediklarimga quloq os.- Uni tinchlantirdi Xumortakin.- Aslo andishalanma. Illo bul og‘uning ta‘siri uchun oylar darkor bo‘ladur. Ya‘ni, og‘u bilintirmay jon oladur. Sodiq Kulacha o‘ylanib qoldi. U og‘u solingan shishani qo‘yniga berkitib: - Ammo muhim deyilgan yana bir kas bordur.- dedi hokimga qarab. - Kim emish?- Co‘radi Xumortakin. - Aning ismi G‘aribon erur. Tanho ugina taomxonaga kirmoqqa ruxsat etilgan ichki eshik og‘asi sanalur. Ammo uni ko‘ndirmoq g‘oyat mushkuldur. - Ani ko‘ndirmoqning muhim usuli, – Xumortakin qo‘lini chap ko‘ksiga olib borib, bir yo‘la to‘rt xaltachani uning qo‘liga tutdi, - bul tillalar xamir uchidan patir. Yumush bajarilgach, ikki barobar ziyodasi ila tillalar qo‘lingga tekkay...- dedi. - Hali o‘yin oldinda. - Qutlug‘xon mamnun qiyofada irshayib so‘zlandi. Uning xiyonatkor ko‘zlari sovuq yonib turardi. - Ilk fursatni ko‘zdan qochirmay harakat qilmoq darkor, aks holda kech bo‘ladur!- Bu gal Xumortakin dasturxon chetida kelganidan buyon gapga qo‘shilmay turgan Haybar Yasoqqa yuzlandi. Bu kas hokimning xufya nomalarini egasiga yetkazuvchi ayg‘oqchi sanalardi. - Yasoq, hozirligingni ko‘r. Ertaga, tongda yo‘lga chiqqaysan. - Hokim hazratlari, qulog‘im sizdadur! – Haybar Yasoq nihoyat o‘ziga navbat yetib kelganini angladi. Ma‘lum, pixi qayrilgan Xumortakin uni huzuriga behuda chaqirmaydi. - Malika Turkon Xotunga sodiq ja‘mi sardorlarni Jaloliddinga qarshi qo‘llagaymiz. Bul nomani Zafar Mirzoga olib borursan. Xumortakin xonadonini tark etgan xufyalar o‘z uylari tomon ravona bo‘lishdi.

28. Fitna qo‘zg‘aldi

Gurganjda fitna qo‘zg‘algan edi. Bu fitnaning boshida turgan kas Jand noyibi Qutlug‘xon bo‘lib, u qarindoshi Buka Pahlavon qo‘llovida bu ishga bosh qo‘shgan edi. Sulton Muhammad Xorazmshoh tomonidan turkiy qo‘shinlarga sipohsolar etib tayin etilgan Buka Pahlavon Valiahd Qutbiddin O‘zloqshohning tarafdorlaridan biri edi. U qudratli harb kuchiga tayanib, Sulton Jaloliddin Mankburni bilan raqobatga kirishgan edi... - Ammo muhim deyilgan kasni bu tadbirga ko‘ndirmoq lozim. - Qo‘limdan kelganini qilurman. Andishalanmang, ani manga qo‘yib bering. O‘zim ani ko‘ndirgayman. Gap viloyat qo‘shini sardori - sohibi jayish Amirqul Dongdor haqida ketmoqda edi. Qutlug‘xon taomlanib bo‘lgach, idishni dasturxon chetiga surib qo‘ydi. U o‘ziga tikilib turgan hokimga dedi: - Siz amirlardan xabardor bo‘ling. Muhim deyilgan kas alar erur. Alarni ko‘ndirmoq darkor. Magar, - u o‘ylanib qoldi,- magar faqat Tohir Malik muvofiq ko‘rinmas. - Xabarim bordur. Bu asov ot zo‘r quvvatli erur. Ammo Zikr Sardorni o‘ylab qoldim. Aning hisobida yetti ming lashkar bordur. Siz bilarmisiz, ul kim? - Albat, nomini eshitganmen. Ammo aning birla manim yaqin aloqam yo‘qdur. - Hozirlik ko‘ring va ani siz ko‘ndiring. - Ma‘qul. - Xumortakin chuqur tin oldi. - Magar birlikda harakat qilsak, oxirinda huzur-halovatga erishgaymiz. - Omin! - Omin!

29. Mavlonqulining hadigi

Subhi sodiq orom neligini unutgan Chog‘ir jonsarak bo‘lib qoldi. U narida turgan sherigiga ma‘noli ko‘z urishtirib, yonidan o‘tib ketdi. Yo‘lak tokchasida mil-mil yongan sham yog‘dusiga uzoq tikilib qolgan Mavlonquli bir yoniga xiyol og‘gan qilichini to‘g‘riladi. Garchi u navkar suvratida bir yoniga qilich, bir yoniga xanjar osib eshik yonida tursa-da, unga mutloq boshqa yumush topshirilgan edi. U sulton Jaloliddinning yashirin xufyalaridan biri edi. Tong otgan, ammo saroy ahli hamon uyquda orom olayotgandi. Tungi qo‘riqchilar bo‘shab, o‘rnini boshqa navkarlar egalladi. Mavlonquli narida shippillab, ehtiyotkorlik bilan qadam tashlab kelayotgan kimsaga ko‘zi tushdi. Uyg‘un bir paytda koshona oralagan kim bo‘ldi? U yurib borib, sarv daraxtidan o‘yib bezalgan ustun panasida to‘xtab, sekin atrofga nazar tashladi, shunda yo‘lakning oxirida kuymalanayotgan Chog‘irga ko‘zi tushdi. Ko‘rdiki, Chog‘ir allaqanday asabiy, besaranjom harakat qilmoqda. Chog‘ir u yon- bu yonga qarab, hech kimsa yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, saroyning narigi bo‘lmasiga qarab yo‘naldi. Mavlonquli uni kuzatishda davom etdi. Chog‘ir muhtasham saroyning poyoniga yetib olgach, sekin ortiga burilib qaradi. Ko‘rdiki, atrofda hech zog‘ yo‘q. U go‘yo bu yerda muqim qo‘riqchi tayin etilgan navkar singari tek qotib turdi: aftidan kimnidir kutmoqda edi. Nihoyat, xos navkarlardan biri ko‘rinish berdi. Chog‘ir hushyor tortib, so‘l qo‘lini ko‘tarib unga belgi berdi. Bu ishorani kutgan Shitobiy ham so‘l qo‘lini havoda o‘ynatdi, keyin olazarak atrofiga qarab oldi-da, hech kim yo‘qligiga iqror bo‘lgach, Chog‘irning yoniga yetib qeldi. Chog‘ir sherigiga shivirladi: - Qalay? - Tungi qo‘riqchi bo‘shab, o‘rniga G‘aribon eshik og‘asi sifatinda turmish. - A‘lo. Shitobiy tez-tez odimlagan ko‘yi ko‘zdan g‘oyib ketdi. Chog‘ir esa rejalangan topshiriqni bajarmoqqa taraddudlanib, ortiga qaytdi. Muhtasham saroy oralab, maxsus bo‘lmaga yetib kelgan Chog‘ir tuyqus to‘xtab, ko‘kragini paypasladi, keyin yana oldinga ildamladi. U bo‘lmalar oralab, taomxona tomon yo‘l soldi. Uni bu bo‘lmada G‘aribon kutib turardi. Chog‘ir og‘aning qulog‘iga enib shipshidi: - Bu kun nonushtada. Bir necha kun muqaddam uning taklifiga ko‘ngan G‘aribonda endi taysallanish paydo bo‘lgandi: - Ammo bul yumush o‘ta qaltisdir. - Nima, yo shashtingdan qaytdingmu? Magar bul rost bo‘lsa,boshing kesilgay. - Maning jonim garovda. - Andishalanma, bul og‘uning kimsaga ta‘sir etmog‘i uchun oylar darkor bo‘ladur. - Og‘am, baribir andishadaman. - Eshit, andishalanma, iste‘molchi sob bo‘lmagay, joni aning asta-asta uzilgay. Ma, buni ol. G‘aribon uning qo‘liga xaltacha to‘la tillani tutqazdi. Tilla qo‘liga tekkach, Chog‘ir zumda o‘zgardi-qoldi. Axir aqcha deganlari kimga asqotmas? - Angladim. - Ish bajarilgach, tag‘in qolgan tillalar ziyodasi ila qo‘lingga kelib tushgay. G‘aribon bu gal chap qo‘yniga qo‘l solib, nimanidir chiqardi. - Ani taomga qo‘shgaysan, ammo ehtiyot bo‘lgaysan. - So‘yladiklaringizni angladim, og‘am! - Bu kun, nonushtaga.- Yana ta‘kidladi u. - Angladim. - Illo gaplarim qulog‘ingga quyulsin, Chog‘ir, ishni halollab bajar. Pinhona visir –visir so‘zlashuv tugab, ular ikki tomon ajralishdi.

Mavlonquli tez-tez odimlab joyiga qaytdi, ammo u butkul tinchini yo‘qotib qaytdi. Saroyda suiqasd uyushtirilayotgani unga ayon bo‘ldi. Mavlonquli qilichini rostlayotgan mahal to‘g‘risidagi devor raxida turgan sham tuyqus lipillayotganidan eshik sassiz ochilganini sezdi. U ortiga burilib qaradi. Eshik ochgan tashdor Jamoliddin Farrux Mavlonquliga qarata dedi: - Nonushtaga tayyorgarlik ko‘rilsin. Mavlonquli azbaroyi nima qilarini bilmay, talmovsirab qoldi. So‘ng dalli xayolida charx urayotgan telba o‘ylarni og‘riqli boshidan quvib: - Jamoliddin og‘a! - deya murojaat etdi. Tashdor navkarga yalt etib qaradi. Ko‘rdiki, navkar andisha ichida o‘ziga gapirmoqqa jur‘at topa bilmay kuymalanayotir. - Qulog‘im sanda. Xos navkarlardan bo‘lgan eshik og‘asi mudhish xabarni qay yo‘sinda yetkazmoqni bilmay sarosima ichida qoldi. Buni ko‘rib turgan sulton tashdori taajjub ichida: - Mavlonquli, bu ne hol? Yo, biror siqilgulik gaping bormu? - deya so‘radi. Mavlonquli bu xabarni qanday yetkazishni bilmay, kuymalanib qoldi. Jamoliddin Farrux esa: - Bu na suvrat? Gapir, yo tilingni ichingga yutganmisan? - deya zarda qilib yana so‘radi. - Gapiraman, ammo gapni qay yo‘sin boshlamoqni bilmayotirman. - Xayrdir... - Xayr bo‘lsa, bosh ustina edi, ammo... - Ammo ne emish? - Uyg‘un bir paytda, - u duduqlanib qoldi. Co‘ng qult etib yutundi-da, nihoyat jur‘atini bir mushtiga jamlab so‘zladi. - Uyg‘un bir paytda saroyda suiqasd uyushtirajaklar. Jamoliddinning ko‘zlari go‘yo chaqin chaqdi, u navkar tomon yaqinlashib, yoqasiga yopishdi. Navkarni surib devorga tiradi-da, hech kim eshitmasin uchun, past ovozda so‘radi: - Na so‘yladik so‘ylaganingni anglayotirmisan? Esing joyidami saning? - Qo‘yib yuboring. - Chaynalmasdan anglat, yo‘qsa yuragingni qo‘poraman. Mavlonquli bo‘g‘ilib qoldi. Tashdor eshik og‘asini tag‘in siquvga oldi. - Og‘am, hozir hammasini anglataman.- dedi Mavlonquli bo‘g‘ilib. Jamoliddin uni qo‘yib yubordi. Navkar apil-tapil yoqasini to‘g‘rilab, bo‘g‘iq va past ovozda so‘zlandi: - Sulton Jaloliddinga suiqasd qilmoq payiga tushganlar. - Saning esing joyidami?! Kim bunga jur‘at etur, bu na so‘yladik matal? - Suiqasd qilmoq payidalar, bul rostdur. - Yolg‘on. - Magar o‘limdan xabarim borligini bilib, eshitgan dediklarga quloqlarim, ko‘rguliklarga esa shul ojiz ko‘zlarim shohidliginda so‘zlamakdaman. - Darhol barchasini anglat! Mavlonquli nihoyat nafasini rostlab, o‘zi shohidi bo‘lgan manzarani bor tafsiloti bilan so‘zlab berdi. Mash‘um xabardan to‘pig‘iga qadar titragan Jamoliddin Farruh bir fursat tek qotib turdi. Tong langarini cho‘zib, harir pardasini yig‘ib chiqdi. Ko‘kda quyosh jamolini ko‘rsata boshlagan edi.

Davomi bor